Sport Maydon logo

Pirelli uchun kutilmagan bosh og‘riq: Bahrain Gran-prisi Sepangga ko‘chdi

Pirelli uchun kutilmagan bosh og‘riq: Bahrain Gran-prisi Sepangga ko‘chdi

Formula 1 ta’minotchisi Pirelli kutilmaganda kalendar o‘zgargan, ammo sharoitlari allaqachon murakkab bo‘lgan mavsumda yana bir jumboq oldida turibdi. Bahrain Gran-prisi endi o‘z uyida emas, balki uzoq yillardan beri chetda qolib ketgan Sepangda o‘tkaziladi.

Bunga Eron urushi sabab bo‘ldi: bahordagi dastlabki sana ham, keyinroq o‘tkazish varianti ham xavfsizlik nuqtayi nazaridan imkonsiz bo‘lib qoldi. Shundan so‘ng Bahrain, FIA, F1 rahbariyati va Malayziya tomoni kelishuvga erishdi – poyga Kuala Lumpur yaqinidagi Sepang International Circuitga ko‘chiriladi.

Bu qarorni “so‘nggi daqiqadagi” deb atash biroz oshirib yuborish bo‘lar, lekin baribir hamma uchun jiddiy sinov. Chempionat bu trekka 2017 yildan beri qaytmagan. Pirelli uchun esa bu, deyarli, vaqt bilan poyga.

Eski daftarlar ochildi

Pirelli Motorsport direktori Dario Marrafuschi rasmiy e’lon qilinishiidan biroz oldinyoq, qaror qanday qabul qilinayotganini ochiq aytib berdi.

“Esimda bo‘lsa, Malayziyada oxirgi poyga 2017 yilda bo‘lgan, – deydi u. – 2011 yildan beri, ya’ni Pirelli yagona ta’minotchi bo‘lganidan buyon, u yerga har yili borganmiz, shuning uchun yaxshi tariximiz bor”.

2017 yil – kengroq shinalar joriy etilgan ilk mavsum. Aynan shu jihat bugungi holatga yaqinroq ma’lumot beradi.

“2017 yilda shina o‘lchami va bolid paketining muvozanati hozirgiga ancha yaqin edi, – deya davom etadi Marrafuschi. – Shuning uchun qarorlarimizni o‘sha yilgi natijalarga tayanib qabul qilaman. 2016, 2015 yoki 2014 emas, aynan 2017”.

O‘sha paytda Pirelli o‘rta (medium), yumshoq (soft) va supersoft aralashmalarini tanlagan edi. Hozirgi shkalaga ko‘chirsak, bu C2–C3–C4 kombinatsiyasiga to‘g‘ri keladi – strategiya uchun yetarlicha farq, lekin chidamlilikni yemirmaydigan diapazon.

Vaqt yo‘q, dengiz emas, faqat havo yo‘li

Nazariy jihatdan Pirelli Sepangga mutaxassislar yuborib, trekni qayta o‘rganishi mumkin edi. Ammo kalendar shunchalik siqilganki, bunga oddiygina muddat yetmaydi. Kompaniya shinalarni hozirdanoq ishlab chiqarishga tushishi kerak.

Bu esa yana bir muammo: odatda yuklar dengiz orqali, ancha arzon va rejalashtirilgan tarzda jo‘natiladi. Bu safar esa hammasi havo orqali uchadi. Qimmat, tez, lekin boshqa yo‘l yo‘q.

Shu fon’da Marrafuschi kalendar o‘zgaruvchanligidan kelib chiqadigan bosimni yashirmaydi: “Bosh og‘riqlar juda ko‘p. Barcha ssenariylarni hisobga olamiz, lekin har doim moslashuvchan bo‘lishga majburmiz. Ba’zan bir nechta ishlab chiqarish seriyasini boshlaymiz, keyin esa zaxira partiyani keyingi poyga uchun ishlatamiz. Shunday qilib, har doim moslashuvchan ssenariylar quramiz. Bu telba muhitda asosiy kalit – shu”.

Pirelli Yevropadagi poyga uchun yetti haftalik ogohlantirish muddatini talab qiladi. Shunga qaramay, kalendar atrofida mish-mishlar to‘xtamayapti: Qatar va Abu Dhabi bosqichlari bekor qilinsa, mavsum finali sifatida Imola ko‘rib chiqilayotgani haqida gaplar kuchaygan.

Imoladagi qishki final – Barcelona sinovi kabi

Agar bu ssenariy ishga tushsa, Pirellini yana bir murakkab savol kutadi: qishda Imolada shina qanday ishlaydi?

Emilia-Romagna viloyatida dekabr oyida harorat odatda 0°C dan 8°C gacha bo‘ladi. Hatto janubiy Yevropa ham bu paytda Las Vegasdan sovuqroq bo‘lishi mumkin.

Marrafuschi bu borada ham aniq nuqtaga ishora qiladi: “Javobni Barcelona sinovlariga tayanib bera olamiz. Sharoit taxminan o‘sha testlarga o‘xshash bo‘ladi. Demak, biz allaqachon ko‘rgan narsamiz. Albatta, ideal emas, lekin xavfsiz. Qo‘rqinchli emas. Bu bizni tashvishga solmaydi”.

Shunday qilib, Pirelli bir vaqtning o‘zida ikki frontda kurashmoqda: Sepangga tezkor qaytish, ehtimoliy qishki Imola va orada butun mavsum bo‘ylab o‘zgarib turadigan kalendar. Har bir qaror – shunchaki shina tanlovi emas, balki butun chempionat strategiyasining bir bo‘lagi.

Savol esa shunday: bu darajadagi moslashuvchanlik qachongacha yetadi – va qaysi nuqtada shinalar siyosati chempionat taqdiriga bevosita ta’sir qila boshlaydi?