Sport Maydon logo

Pep Guardiola: Tanaffus va Shubhalar

Pep Guardiola murabbiylikdan tanaffus olish istagini ochiq aytib kelayotgan edi. Lekin uning yaqin kunlardagi qarori faqat charchoq bilan bog‘liq emasdi. U xalqaro terma jamoani boshqarish g‘oyasining o‘ziga ham ishonchsizlik bilan qarayotganini ochiq bildirdi.

Guardiola uchun murabbiylik – kunora maydonda, futbolchilarning ko‘ziga qarab ishlash, mashg‘ulotlarda har bir detalni qo‘l bilan ushlab ko‘rish demak. Terma jamoa futbolida esa butun tizim boshqa: uzoqdan kuzatish, skautlar hisobotiga tayanish, futbolchilarni oyiga bir-ikki marta ko‘rish. Aynan mana shu model unga yoqmayapti.

Shu fon’da Paolo Maldini unga uzoq muddatli, puxta o‘ylangan loyiha taklif qildi. Futbol olamida kamdan-kam uchraydigan darajadagi hurmat va ishonchga asoslangan muloqot bo‘ldi: Maldini – ramz, Guardiola – uslub. Qog‘ozda bu mukammal uyg‘unlikka o‘xshardi.

Lekin Guardiola o‘z prinsiplariga xiyonat qilmadi. Gazzetta keltirgan so‘zlarida 55 yoshli mutaxassis qisqa, lekin aniq javob berdi:

"Rahmat, men o‘zimni sharaflangan his qilyapman, lekin hozir bu ishga o‘zimni tayyor deb bilmayman."

Bu gapning ortida faqat kamtarlik emas, balki uning kasbiy mezonlari yotibdi. Sobiq City bosh murabbiyi o‘zidan talab qiladigan darajani yana bir bor eslatdi:

"Agar men bu ishni qilsam, uni 100% qilaman."

U uchun bu raqam shunchaki ibora emas. Bu – har kuni bazaga birinchi bo‘lib kelish, oxirgi bo‘lib ketish, maydondagi har bir metrni, futbolchining har bir qarorini boshidan o‘tkazish demak. Shunday bo‘lmaguncha, u yangi lavozimni qabul qilishni ma’qul ko‘rmayapti.

Natijada Maldini taklifi rad etildi, lekin bu rad javobi ko‘proq hurmatga o‘xshaydi: o‘zini ham, loyihani ham aldamaslik hurmati. Endi savol bitta: Guardiola o‘zining "100%"ini keyin qayerda va qachon ishga soladi?