Patrick Dorgu: Carrickning yangi transferi
Yozgi transfer oynasi yopildi, lekin Manchester United chap qanot himoyasida hanuz bo‘shliq seziladi. Klub so‘nggi daqiqalarda Alejandro Balde va Rayan Aït-Nouri bo‘yicha urinishlarda muvaffaqiyat qozona olmadi, natijada Michael Carrickning variantlari keskin qisqarib qoldi.
Shu fon’da bir ism yana oldinga chiqdi. Patrick Dorgu.
Carrickning o‘zi uni jarohatdan qaytgach “deyarli yangi futbolchi, xuddi yangi transferdek” deb ta’rifladi. Bu ibora tasodif emas. 21 yoshli Daniya vakili nafaqat hujum chizig‘ida, balki chap qanot himoyasida ham muhim figura bo‘lishi mumkin.
Lecce’dagi chap himoyachi, United’dagi vinger
Dorgu Manchester United safiga 2025-yil yanvarida, Lecce tarkibida aynan chap himoyachi sifatida porlagan paytida 25 million funt evaziga kelgan. Italiyaning Serie A maydonlarida u klassik chap bek sifatida ishlagan, Ruben Amorim qo‘l ostida esa qanot himoyachisi rolini ham bajargan.
Carrick bilan esa manzara boshqacha bo‘ldi. United bosh murabbiyi uni hozircha faqat qanot hujumchisi sifatida ishga solgan. O‘tgan mavsumda ham shunday bo‘lgan, bu yilgi start ham xuddi shunday boshlandi: Dorgu mavsumning birinchi turida Hull Cityga qarshi uchrashuvni chap qanotda boshladi.
Keyingi turda esa manzara o‘zgardi. Ipswich ustidan qozonilgan g‘alabada u zaxirada qoldi. Bu qaror taktika uchun qilinganmi yoki kelajakdagi rolga tayyorgarlikmi – javobni vaqt ko‘rsatadi. Ammo murabbiyning so‘zlari uning pozitsiyasi bo‘yicha eshiklar hali yopilmaganini aniq ko‘rsatib turibdi.
Chap qanot bo‘sh, variantlar esa cheklangan
Transfer oynasi yopilgach, chap qanot himoyasi bo‘yicha manzara ravshan: tabiiy pozitsiyaga ega yagona futbolchi – Luke Shaw. Qolganlari – vaqtinchalik yechimlar. Noussair Mazraoui, Diogo Dalot va, albatta, Dorgu.
Carrick bu borada aniq gapirdi: u Dorguning chap bek sifatida o‘ynash qobiliyatiga shubha qilmaydi.
“U albatta u yerda o‘ynay oladi. Oldin ham o‘ynagan, bunga hech qanday shubha yo‘q”, – dedi murabbiy. “Men bu yerda o‘tirib, u bunday qila olmaydi, deb aytmayman. Bu shunchaki shu paytgacha biz qanday bo‘lganimiz masalasi”.
Jarohatlar ham o‘z so‘zini aytgan. Dorgu o‘tgan mavsumning katta qismini son mushagi jarohati tufayli o‘tkazib yubordi. To‘rtta o‘yin, so‘ng uzoq tanaffus. Shuning uchun ham Carrick uni hozir jamoaga qaytgan, lekin deyarli yangidan qo‘shilgan futbolchidek ko‘radi.
“U o‘tgan mavsum biz uchun uch-to‘rt marta maydonga tushdi, xolos. Shuning uchun men uchun u deyarli yangi o‘yinchi. Guruhga shunchalik ko‘p narsa qo‘shdiki, u ayrim ma’noda yangi transferga o‘xshaydi”, – deya ta’kidladi Carrick.
Daniya terma jamoasidan tortib, Old Trafford chap qanotigacha
Dorgu faqat chap qanot bilan cheklanib qolmaydi. U Carrick qo‘l ostida chap vinger sifatida yaxshi taassurot qoldirdi, Daniya terma jamoasida esa o‘ng qanotda ham o‘ynab, yozgi xalqaro o‘yinlarda o‘sha pozitsiyadan chiroyli gol urdi.
Bu ko‘p qirralilik hozirgi United uchun ayni muddao. Jamoada qanot hujumchilari yetarli, ammo to‘liq huquqli chap qanot himoyachilari kam.
“U Daniya safida o‘ng qanotda o‘ynadi, yozda o‘sha pozitsiyada hujumchi sifatida ajoyib gol urdi”, – dedi Carrick. “U chap himoyachi bo‘lib ham o‘ynay oladi. U shunday tipdagi futbolchi – bir nechta rolni bajara oladi. Men u buni qila olmaydi, demayman, aslo”.
Murabbiy aytishicha, Dorgu mashg‘ulotlarda ham vaqti-vaqti bilan aynan chap bek rolida sinab ko‘riladi. Rasmiy o‘yinlarda esa bu variant hali ishga tushirilmagan, lekin ehtiyoj paydo bo‘lsa, bu yo‘l ochiq.
“Bu biz hozircha chuqur o‘rganishga majbur bo‘lmagan narsa. Qachondir bunga ehtiyoj tug‘ilishi mumkin, qachondir u o‘sha yerda o‘ynashi mumkin. U buni bemalol qila oladi. Mashg‘ulotlarda ham ba’zan shunday qiladi”, – deydi Carrick.
Yosh, moslashuvchan va bosim ostida
Dorgu hanuz 21 yoshda. Lekin u allaqachon bir nechta tizim, bir nechta liga va ikki xil rolni ko‘rdi. Bu yosh futbolchi uchun katta boylik.
Carrick uchun esa bu – imkoniyat. Yangi tizim qidirayotgan murabbiy uchun universallik juda qadrli.
“U juda yosh, bunday yoshda bo‘la turib, o‘ziga xos jismoniy va texnik fazilatlarga ega. Biz faqat undan maksimal foyda olishga harakat qilishimiz kerak”, – deydi murabbiy.
Savol endi bitta: chap qanotdagi bo‘shliq Dorguni asl pozitsiyasiga qaytaradimi yoki Carrick uni hujum chizig‘ida yanada charxlaydimi?
Jadval tig‘izlashgan sari, javobni maydonning o‘ngida emas, aynan chap chekkasida ko‘rish ehtimoli tobora oshib bormoqda.



