Paddy Pimblett: Mag‘lubiyatdan keyingi yuksalish
UFC sahnasiga besh yil avval qadam qo‘yganidan beri Paddy Pimblett promoushen uchun haqiqiy topilma bo‘lib kelmoqda. Oktagonga ilk bor kirganida u endi chiqqan yigit emasdi: UFC’dan tashqarida 19 ta jang, chempionlik tajribasi, ortidan ergashayotgan ulkan muxlislar armiyasi. Shuning ustiga, har bir jangni yakunlashga intiladigan agressiv uslub. “The Baddy” tezda ro‘yxatning eng qiziqarli ismlaridan biriga aylandi.
Ammo Dana White nazarida uning qadr-qimmati raqamlar bilan emas, Justin Gaethje bilan bo‘lgan jangdagi mag‘lubiyatda ko‘rindi.
Mag‘lubiyat ortidan kelgan yuksalish
Odatda yulduzlar g‘alabalar bilan kattalashadi. Pimblett esa aksincha yo‘ldan bordi. White ma’lum qilishicha, Gaethje’ga yutqazgan o‘sha jangidan keyin Paddy o‘zining so‘nggi, juda yorqin g‘alabasidan ham ko‘proq obunachi qo‘lga kiritgan.
Uning fikricha, sababi oddiy: tomoshabinlar nihoyat Pimblettning asl yuzini ko‘rdi — jangdan qochmaydigan, bosim ostida ham qaytmaydigan, zarbani yutib ketadigan “it”ni.
White aynan shuni urg‘ulab, uning chidamliligi, xarakteri va “iyagi”ni alohida ta’kidladi. Oktagonda yiqilsa ham, tomoshabinlar ko‘zida baland turadigan jangchi obrazi shakllandi.
Arturo Gatti bilan qiyos
Dana White uzoq yillik falsafasini eslatib, Pimblettni Arturo Gatti bilan solishtirdi. Bu bejiz emas. Gatti o‘z davrida HBO bilan shartnomalarni mag‘lubiyatlarga qaramay yangilab borardi. Sababi — u har safar urush va’da qilardi.
White uchun asosiy mezon shunday: kimdir o‘z shanba kechasini jang ko‘rishga bag‘ishlayotgan bo‘lsa, bunga arziydigan jangchi kerak. Pul, PPV narxi, boshqa tafsilotlar keyinroq. Avvaliga vaqt.
U buni ochiq aytadi: odamlarning shanba kuni qiladigan ishlari ko‘p — juftini sayrga olib chiqish, bolalar bilan vaqt o‘tkazish, oila, do‘stlar. Bularning barchasini chetga surib, ekranga mixlanish uchun oktagonda nima bo‘lishi kerak?
White javobni aniq biladi: Arturo Gatti janglarida bo‘lgani kabi, ekran o‘chirilganda hech kim o‘zini aldanib qolgandek his qilmasligi kerak. Unga ko‘ra, Paddy Pimblett shunday toifadagi jangchi. Natijadan qat’i nazar, jang bo‘lsa — urush bo‘ladi.
UFC uchun esa bunday profil oltindan qimmat: rekord emas, tomoshabinlarni o‘ziga majburan qayta-qayta olib keladigan yurak, xarakter va shafqatsiz jang ruhi hal qiluvchi omil bo‘lib qolmoqda. Pimblett aynan shuni taklif qilyapti. Dana White esa bunday jangchini qo‘ldan boy bermaydigan odam.



