Osimhen: Arsenalni chempionlikka olib chiqadigan hujumchi
Sobiq yulduz hujumchi Dwight Yorke nazarida bitta transfer butun “Premier League” manzarasini ag‘darib yuborishi mumkin. Gap “Galatasaray”da to‘p surayotgan, darvozabonlaru markaziy himoyachilarga tinchlik bermayotgan Victor Osimhen haqida ketmoqda. Yorke uning jismoniy qudrati va o‘yin uslubini “Angliya” maydonlari uchun ayni muddao deb biladi.
Yorke “Reviant” bilan suhbatda keskin fikr bildirdi: agar Osimhen “Arsenal”ga qo‘shilsa, londonliklar chempionlik poygasida aniq favoritga aylanadi. U nigeriyalik forvardni videolarda qayta-qayta ko‘zdan kechirganini aytib, uning o‘yinini bir ibora bilan tasvirladi – “boshidan-oyog‘igacha harakat”.
Osimhen klassik, silliq texnik hujumchilarga o‘xshamaydi. Yorke ham shunga urg‘u beradi: qo‘l-oyoqlari uzun, yugurishi ham biroz g‘alati, hatto biroz tartibsiz ko‘rinadi. Lekin natija muhim – u ishni bajaradi. Himoyachilar uchun esa aynan shunday “noqulay” hujumchi eng katta muammo.
Yorke ta’kidlaydi, Osimhen maydonda biroz “eski maktab” forvardlarini eslatadi. To‘qnashuvdan qochmaydi, orqasi bilan o‘ynaydi, jarima maydoni ichida doim harakatda. Unga qarshi o‘ynash yoqimli bo‘lmaydi – shundoq ham kuchli, ustiga-ustak doimiy bosim ostida ushlab turadi.
Bo‘yi qariyb olti fut, gavdasi nozik, lekin cho‘zilgan, havoda yomon emas, imkoniyat tug‘ildimi, zarbani aslo cho‘zmaydi. Eng muhimi – mehnatkash. Yorke nazarida markaziy hujumchi uchun mana shu to‘plam yetarli: bo‘y, sakrash, pressing, yakunlovchi zarba. Bunday futbolchiga qarshi chiziq tashkil etayotgan himoyachilar o‘yindan oldin ham o‘zini noqulay his qiladi.
Yorke shunday xulosa qiladi: agar bu transfer ro‘yobga chiqsa, “Arsenal” chempionlik poygasida raqiblarni ortga tashlab ketishi mumkin. Savol esa endi bitta: London klubi bu imkoniyatni ishga soladimi yoki yo‘q?



