Omar Marmoush: Frankfurt, Manchester City va London sahnasidagi muvaffaqiyatlar
Omar Marmoush nomi so‘nggi ikki yil ichida Yevropa futbol xaritasida keskin yiriklashdi. U 2023-yil mayida Wolfsburg bilan shartnomasi tugaganidan so‘ng erkin agent sifatida Eintracht Frankfurtga kelgandi. Hech kim undan darhol portlash kutmagandi. U esa birinchi mavsumidayoq barcha musobaqalarda 17 ta gol urib, Bundesligada o‘zini eng xavfli hujumchilardan biri sifatida ko‘rsatdi.
Frankfurtda tug‘ilgan yulduz
2024-2025-yilning birinchi yarmi Marmoush uchun mutlaqo boshqa bosqich bo‘ldi. U Germaniya chempionatida atigi 17 o‘yinda 15 ta gol urdi. Expected goals – 8,9. Ya’ni u statistikaga qarshi bordi, yaratilgan imkoniyatlardan maksimum foyda chiqardi. Ustiga ustak, shu 17 o‘yinda 9 ta golli uzatma ham berdi.
Germaniyadan ketayotgan paytga kelib, raqamlar yanada hayratlanarli ko‘rinish oldi: 26 o‘yinda 20 gol va 13 assist. Bunday samaradorlikka Yevropaning katta klublari befarq qarab turolmasdi. Manchester City 2025-yil yanvarida uni 59 million funt evaziga olib keldi. Bu nafaqat transfer, balki ishonch deklaratsiyasi edi.
Marmoushning o‘yinida standart vaziyatlar ham alohida bo‘limga aylangan. U 2019-yildan beri Yevropaning besh yirik ligasida ketma-ket uchta rasmiy uchrashuvda to‘g‘ridan-to‘g‘ri jarima zarbasidan gol urgan ilk futbolchiga aylandi. Oldingi bunday natija – Lionel Messi nomi bilan bog‘liq.
Manchester City: cho‘qqilar va og‘riqli pastlik
Angliyaga moslashish odatda vaqt talab qiladi. Marmoush esa Manchester Citydagi dastlabki oylaridayoq o‘zining darajasini eslatdi. Newcastlega qarshi o‘yinda u professional faoliyatidagi ilk xet-trikni qayd etdi. Keyin FA Cup chorak finalida Bournemouth darvozasiga g‘alaba golini urdi. Oradan ko‘p o‘tmay, xuddi shu raqibga qarshi chempionat o‘yinida uzoq masofadan yo‘llagan zarbasi mavsumning eng chiroyli goli deb tan olindi.
Shu fon ortidan kelgan zarba esa juda og‘ir bo‘ldi. 2025-yil FA Cup finalida Crystal Palacega qarshi o‘yinda Erling Haaland penaltini unga topshirdi. Wembley sahnasida, hal qiluvchi pallada Marmoush zarbasini Dean Henderson qaytardi. City kubokni qo‘ldan chiqardi, misrlik hujumchi esa eng og‘ir individual lahzalaridan birini boshdan kechirdi.
Shunga qaramay, sobiq Manchester City himoyachisi Nedum Onuoha bu epizodga Marmoushning butun davrini bog‘lab qo‘yishni mutlaqo noto‘g‘ri deb hisoblaydi. U "BBC" bilan suhbatda shunday deydi: Marmoushni ko‘rganida, uning boy berilgan penalti emas, balki himoyachilar ortiga qilgan qudratli yugurishlari ko‘z oldiga keladi.
Statistika ham Marmoushning klubdagi izini tasdiqlaydi. Manchester City safida u hozirgacha barcha musobaqalarda 62 o‘yinda 16 ta gol urgan. 2025-2026-yilgi mavsumda esa 36 o‘yinda 8 ta gol.
Cheklangan daqiqalar, o‘zgargan ro‘l
Shunga qaramay, Premier League doirasidagi roli ancha qisqardi. Bu mavsum u atigi 8 ta o‘yinni asosiy tarkibda boshladi, umumiy o‘yin vaqti qariyb 700 daqiqani tashkil etdi. Qizig‘i shundaki, bu ko‘rsatkich klubga kelgan ilk yarim mavsumidagidan ham kam.
Liga doirasida 3 gol va 3 assist – sarlavha uchun unchalik jozibali bo‘lmagan raqamlar. Expected goals – 3,53. Ya’ni Marmoush imkoniyatlarni deyarli o‘z darajasida yakunlagan. Muammo faqat yakunlovchi zarbada emas edi. Masala – maydondagi roli va raqobatda.
Onuohaga ko‘ra, City hujum chizig‘idagi raqobat darajasi nihoyatda baland. Marmoush o‘ynashi mumkin bo‘lgan zonalar – to‘liq ixtisoslashgan futbolchilar bilan band. Markaziy hujumchi pozitsiyasida Erling Haaland mutlaq birinchi tanlov. Atrofida esa tabiiy "o‘nlik"lar va qanot hujumchilari tizimning asosiy bo‘g‘ini sifatida ko‘riladi. Shuning uchun ham Tottenhamga o‘tish varianti misrlik uchun alohida imkoniyat sifatida baholanmoqda.
Moslashuvchan hujumchi va De Zerbi falsafasi
Marmoush aslida tabiiy "toza" markaziy hujumchi. Lekin u hech qachon faqat bitta rolga mixlanib qolmagan. Frankfurt safida u markaziy forvard, ikkinchi hujumchi va chap qanotda o‘ynagan. Manchester Cityda esa uni ba’zan markazda, ba’zan qanotda, ba’zan boshqa hujumchi ortida ko‘rdik.
Bu ko‘p qirralilik De Zerbi falsafasiga juda mos tushadi. Uning jamoalarida hujumchilar pozitsiyalarni tez-tez almashtiradi, orqaga qaytib to‘p qabul qiladi, so‘ngra raqib himoyasi ortida bo‘shab qolgan hududlarga keskin yorib kiradi.
Onuoha fikricha, Marmoushning eng yaxshi ko‘rinishi – aynan shu: himoya chizig‘i ortidagi bo‘shliqqa yugurayotgan payti. U shunday deydi: Marmoush to‘p tomon qaytganida ham foydali, lekin u himoyachi yelkasida o‘ynaganida ancha xavfliroq ko‘rinadi. Unga doimiy ravishda himoyachilar ortiga to‘p tashlaydigan, raqibni o‘z darvozasi tomon yugurishga majbur qiladigan jamoa kerak.
Raqamlar haqiqatni aytadi
Opta ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-2026-yilgi Premier League mavsumida Marmoush 90 daqiqaga to‘g‘ri keladigan ko‘plab hujumiy ko‘rsatkichlarda Tottenham hujumchilari Dominic Solanke va Richarlisondan ustun. Faqat havo duelida ortda qoladi.
Misrlik hujumchining o‘rtacha raqamlari hayratlanarli: 0,77 gol va assist, 3,86 zarba, 1,55 yaratilgan imkoniyat, 5,67 to‘pni oldinga olib o‘tish, 1,29 muvaffaqiyatli dribbling, jarima maydoni ichida 6,82 marta to‘pga tegish va raqib himoyasi ortiga 11,46 marotaba yugurish.
Bu ko‘rsatkichlar uni Tottenhamning hozirgi hujumchilaridan butunlay boshqa tipdagi futbolchi sifatida ko‘rsatadi. U to‘pni oldinga sudraydi, raqibni birga-bir vaziyatlarda yengadi, o‘zi uchun ham, boshqalar uchun ham zarba vaziyatlarini yaratadi. Aynan shunday profil De Zerbiga chuqur himoyalanadigan raqiblarga qarshi qo‘shimcha qurol bo‘lib xizmat qilishi mumkin.
Onuoha ta’kidlaydi: ba’zan gap shunchaki futbolchining jamoaga qay darajada mos tushishida. Marmoushning himoyachilar ortiga yugurish va kombinatsion o‘yinga qo‘shilish qobiliyati Tottenham uchun juda muhim bo‘lishi mumkin. Ular raqib himoyasi ortiga to‘p tashlashdan cho‘chimaydi va raqibni orqaga chekinishga majbur qiladi.
Solanke bilan duet: qarama-qarshi, ammo bir-birini to‘ldiruvchi
Marmoush transferi Solanke uchun yakuniy hukm bo‘lishi shart emas. Aksincha, misrlikning ikkinchi hujumchi sifatida o‘ynash qobiliyati ularni birga maydonga tushirish g‘oyasini yanada jozibali qiladi.
Solanke o‘zining jismoniy kuchi bilan markaziy himoyachilarni siqib chiqarishi, ularni orqa chiziqqa mixlab qo‘yishi mumkin. Marmoush esa kenglikka chiqib ketadi, chiziqlar orasiga tushadi, so‘ngra raqib pressingidan bo‘shab qolgan hududlarga portlab kiradi.
Onuoha ularning farqli fazilatlari bir-birini to‘ldirishi mumkinligiga ishonadi. Uning tasavvurida bunday epizodlar jonlanadi: darvozabon pastdan Solankega to‘p uzatadi, u orqa bilan to‘pni ushlab qoladi, Marmoush esa orqadan kelib to‘pni qabul qiladi – hujum aynan shundan boshlanadi.
"Har ikkisi bir-birini to‘ldira oladi," deydi Onuoha. Ikki hujumchi bilan o‘ynash Marmoushning kuchli tomonlarini yanada yorqin ochib yuborishi mumkin.
Endi savol bitta: De Zerbi qo‘lida Marmoush Frankfurtdagi portlashini Premier League sahnasida yana bir bor takrorlay oladimi yoki Wembleyda boy berilgan penalti uning hikoyasida hanuz eng katta bo‘lim bo‘lib qoladimi?



