Novak Djokovic: O‘zini Shubha Ostiga Qo‘yadigan Afsona
Novak Djokovic haqida bitta haqiqat bor: dunyo uni isbot talab qilmaydigan buyuklardan biri sifatida ko‘radi, lekin u baribir o‘ziga tinchlik bermaydi.
24 ta yirik turnir – Grand Slam – g‘olibligi, Masters 1000 rekordlari, tarix sahifalarida allaqachon o‘yib yozilgan ism. Shunga qaramay, 39 yoshli serb hali ham o‘zidan ko‘proq narsani talab qiladi. Yangi hujjatli filmda u buni yashirmaydi.
“Men borim va kimligim bilan qoniqib yashayapman, deb ayta olmayman, – deydi u. – Har doim ko‘proq bo‘lishni xohlayman – yaxshiroq, tezroq, kuchliroq. Ko‘p hollarda o‘zimni o‘zim qamoqqa tashlayotgandek his qilaman”.
Bir ozdan keyin yana bir jumla: “Men birinchi raqamli shubhalanuvchiman. Eng avvalo o‘zimni noto‘g‘ri ekanimni isbotlashga harakat qilaman”.
Bu so‘zlar 24-grand-slamlik chempion og‘zidan chiqmoqda. Margaret Court bilan rekord bo‘yicha baravar bo‘yib turgan, 2023 yilgi US Open finalida tarixga navbatdagi izini qo‘ygan tennischi haqida gap ketmoqda. So‘nggi yetti “katta dubulg‘a”dan oltitasida kamida yarim finalga yetib bordi. 2024 yil yanvarida esa Australian Open finaliga chiqqan eng yoshi katta erkak bo‘ldi.
Yelena, uning rafiqasi, hujjatli filmda bir haqiqatni ochiq aytadi: “U nafaqaga chiqishi haqida juda ikki xil tuyg‘uga ega. U hech qachon yetarli emasligini ko‘tarib yuradi. Qancha ish qilmasin, baribir kamdek tuyuladi. Tennis esa u o‘zini munosib his qiladigan joy”.
Bolalikdagi portlashlar va och navbatlar
Djokovicning kortdagi kayfiyati, o‘yin uslubi, kurashga bo‘lgan munosabati – bularning barchasi uning bolalikdagi tajribalaridan o‘sib chiqqan. Boshqa ko‘plab yulduzlar tasavvur ham qilolmaydigan tajriba.
Belgradda tug‘ilgan Novak hali maktab yoshida bo‘lganida, 1999 yil bahor va yozida NATO poytaxtni bombardimon qildi. U o‘sha kechalarni eslab, uyida bombadan panoh yo‘qligi, boshqa binodagi boshpanaga yugurib o‘tishlari, yo‘lda qoqilib yiqilgani, oilasi esa sezmay oldinga chopib ketgani haqida gapirib beradi. Orqasiga qaraganida esa kasalxona tomon tushgan ikki bombani ko‘rgan.
“Yillar davomida deyarli har kuni non va sut uchun navbatda turardik”, – degandi u BBC 5 Live’ga bergan intervyusida. “Bu hal qiluvchi lahzalar. Men bularni o‘yinchi va inson sifatida o‘zimni qurib kelgan poydevor sifatida ko‘rsatmoqchiman. Hech qanday pushaymonlik yoki gina yo‘q. Aksincha – qadrlash va minnatdorchilik. Hayotda hamma narsa bir sabab bilan sodir bo‘ladi”.
Qimmat va ko‘pincha elitaga xos sportda u tashqaridan kirib kelgan bola edi. Otasi uning ilk tennis safarini moliyalashtirish uchun “noto‘g‘ri odamlardan” qarz olgani haqida Novak o‘zi aytadi. Shunga qaramay, u kortga chiqqanida o‘zini boshqa dunyoda his qilardi.
Bolaligida televizion intervyuda undan tennis haqidagi fikri so‘ralganda, “mas’uliyat” deb javob bergan edi. “Mening tennistagi maqsadim – chempion bo‘lish”, degan edi u.
Bu gaplar keyinchalik haqiqatga aylandi. Lekin yo‘l oson bo‘lmadi.
Federer va Nadal hikoyasini buzgan outsider
Novak sahnaga chiqqan paytda tennis allaqachon ikki qahramonli sahnaga aylangan edi: Roger Federer va Rafael Nadal raqobati muxlislarni butunlay o‘ziga tortib bo‘lgandi. Djokovic o‘sha hikoyani buzib kirdi.
U kortda ko‘proq his-tuyg‘u ko‘rsatadigan, ko‘proq gapiradigan, ichini tiya olmaydigan raqib edi. Shuning uchun ham hamma uni birday quchoq ochib kutib olmadi. U o‘zi ham tan oladi: “Ko‘p his-tuyg‘ularni ichimda bosib yashadim, keyin ular kortda yuzaga chiqdi. Kort – o‘zimni xavfsiz va qulay his qiladigan joyim edi. Tanish maydon. Tennis men uchun shunchaki o‘yin va raqobat emas. Bu – shaxs sifatida kimligimni belgilaydigan maydon”.
Har bir yirik turnirdagi mag‘lubiyatidan keyin bitta savol yana ko‘tariladi: qachon? Qachon Novak raketkasini mixga iladi?
2022 yilda Federer, 2024 yilda Nadal jarohatlar bilan kurashib, oxir-oqibat xayrlashdi. Djokovic esa o‘z yo‘lini boshqacha chizdi. So‘nggi yillarda taqvimini keskin qisqartirdi, Grand Slamlardan tashqarida deyarli ko‘rinmay qo‘ydi. O‘tgan yil Wimbledon’da Jannik Sinnerga yutqazganidan keyin u “katta turnirlarning so‘nggi bosqichlariga yarim bo‘sh bak bilan” chiqayotganini aytgandi.
Shunga qaramay, u hali ham finish chizig‘ini ko‘rmayapti.
“Kareramning amal qilish muddati haqida o‘ylamayman, – deydi u hujjatli filmda. – Hali ham o‘zimga isbotlab turganimda, nega nafaqani gapirishim kerak? Menda haydovchi kuch, ishtiyoq bor ekan, eng muhimi, dunyodagi eng yaxshi tennischilardan biri bo‘la olaman deb his qilar ekanman, davom etmoqchiman”.
Parijdagi oltin – cho‘qqi, lekin nuqta emas
2024 yil Parijdagi Olimpiada – uning karerasidagi alohida bob. Uzoq yillar orzu qilingan oltin medal nihoyat bo‘yiniga osildi. Ko‘p yillik to‘plangan bosim, “Djokovic faqat shu medalga qarzdor” degan gaplar bir zarbda so‘ndi. U o‘zi uchun eng to‘liq, eng mukammal cho‘qqini zabt etdi.
Shunga qaramay, u bu nuqtani yakun emas, belgi sifatida ko‘radi. Oldida yana bir marrani ko‘ryapti – 2028 yilgi Los Angeles o‘yinlari.
“Uzoqdek tuyuladi. Lekin men bunga yetishim mumkin deb his qilyapman”, – deydi u. “Serbiya bayrog‘ini yelkamda ko‘targancha yakunlashni istardim. Juda faxrlanadigan narsamni shunday yakunlash chiroyli bo‘lardi”.
Bugun Djokovic tennis tarixining eng to‘liq doskalaridan birini to‘ldirib bo‘lgan. Ammo u o‘zi bilan kurashni to‘xtatgani yo‘q. Har gal kortga chiqqanida, u raqibidan ko‘ra ko‘proq o‘z shubhalariga qarshi o‘ynaydi.
Savol shunday: u qachon o‘zini nihoyat “yetarli” deb hisoblaydi? Yoki aynan shu ichki norozilik uni yana bir necha yil tennis cho‘qqisida ushlab turadimi?



