Sport Maydon logo

Nick Kyrgios: Kokain testidan keyingi diskvalifikatsiya va ichki kurash

Bir paytlar Wimbledon finalida o‘ynagan, har bir zarbasi va har bir qichqirig‘i bilan tribunalarni junbushga keltirgan Nick Kyrgios yana markazda. Bu safar esa raketkasi emas, tahlil javobi uni sahnaga qaytardi.

31 yoshli avstraliyalik tennischi kokain uchun ijobiy test natijasidan so‘ng vaqtincha diskvalifikatsiya qilindi. Bu qarorni International Tennis Integrity Agency (ITIA) e’lon qildi. Namuna iyun oyida, Mallorca’dagi ATP 250 turniri chog‘ida olingan, laboratoriya esa unda benzoylekgonin – kokain metabolitini aniqladi.

Jarayon tez ketdi. 17-iyul kuni WADA tomonidan akkreditatsiyadan o‘tgan laboratoriya taqiqlangan moddani tasdiqladi, 4-avgustdan esa Kyrgios tennisdan vaqtincha chetlatilgan holda yuribdi.

U qochmadi, yashirmadi. O‘zi tan oldi.

Instagram sahifasida Kyrgios ochiq yozdi: Mallorca’dagi turnirda kokain uchun testdan yiqilganini, bu “ulkan xato” ekanini va buning uchun to‘liq mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishini aytdi. U muxlislaridan, oilasidan, homiylaridan, eng avvalo esa uni kuzatib borayotgan bolalardan uzr so‘radi. O‘zini ham ayab o‘tirmadi – o‘zi bergan namunaga o‘zi hafsalasi pir bo‘lganini yashirmadi.

Kokain WADA taqiqlangan moddalar ro‘yxatida stimulyator va suiiste’mol qilinadigan modda sifatida keltirilgan. Tennis antidoping qoidalariga ko‘ra, u musobaqa vaqtida qat’iyan man etilgan. Shuning uchun ham bu ishga “shunchaki xato” deb qarash imkonsiz.

Kyrgios esa bu xatoni tushuntirishga urinishdan ko‘ra, ichki kurashini ochib berdi. So‘zlariga ko‘ra, so‘nggi ikki-uch yillik jarohatlar uni nafaqat tan, balki ruh jihatdan ham ezib qo‘ygan. Tana endi ong kutgan darajada javob bermayapti, karerasi poyoniga yetayotgani bilan yarashish esa u o‘ylagandan ham og‘irroq kechmoqda.

U bir fikrni yana takrorladi: “Men tennisni tanlamaganman — tennis meni tanlagan”. Endi esa butun hayotini egallab kelgan narsani qo‘yib yuborish, unga ko‘ra, eng qiyin sinovlardan biriga aylangan. Ayrim paytlar o‘zini mutlaqo ojiz va yolg‘iz his qilganini aytib o‘tdi.

Bu ruhiy fon ortida qilingan xato esa qimmatga tushdi. Diskvalifikatsiya davrida Kyrgios World Tennis, WTA, ATP, Grand Slam turnirlari yoki istalgan milliy assotsiatsiya tomonidan tashkil etilgan musobaqalarda na o‘ynashi, na murabbiylik qilishi, na tomoshabin sifatida qatnashishi mumkin.

U vaqtinchalik diskvalifikatsiyaga shikoyat bildirmadi. Aksincha, 28 kun davomida ijtimoiy tarmoqlar va omma oldidan chekinishini, e’tiborini faqat o‘zini “yo‘lga qo‘yishga” qaratishini ma’lum qildi. Bu ham tanlov, ham signal: u bu bo‘hrondan qochib emas, ichiga qarab chiqmoqchi.

“I’m sorry. I’ll do the work and come back better”, — dedi u.

Bu so‘zlar ortida ikki yo‘l turibdi: yo bu faqat navbatdagi kechirim so‘rovi bo‘lib qoladi, yo esa Kyrgiosning shov-shuvlarga to‘la karerasida haqiqiy burilish nuqtasiga aylanadi.

Tennis esa kutmaydi. Savol bitta: u qaytib kelganda, sport uni yana quchoq ochib kutadimi yoki kort allaqachon boshqa yulduzlar uchun sahnaga aylangan bo‘ladimi?

Pin-Up sport bonusi 200% gacha. Promokod PINBET2026. Bonusni oling