Nick Kyrgios: Dopинг nazorati va ruhiy kurash
Nick Kyrgios o‘zini o‘zi fosh qildi. Ijtimoiy tarmoqlarda yozilgan bitta post — va tennisdagi eng bahsli, eng iste’dodli figuradan biri atrofida yana bo‘ron ko‘tarildi.
Avstraliyalik tennischi Mallorca’dagi dopинг nazoratidan keyin kokain uchun ijobiy natija berganini tan oldi va buni “ulkan xato” deb atadi. Shundan so‘ng u Xalqaro Tennis Halolligi Agentligi (ITIA) tomonidan vaqtincha chetlatilgan.
“Buni birinchi bo‘lib mendan eshitishingizni xohlayman. Yaqinda Mallorca’da o‘tkazilgan dopинг testidan o‘tdim va unda kokain aniqlangan,” — deb yozdi Kyrgios Instagram’dagi murojaatida.
U bu xato uchun to‘liq javobgarlikni o‘z zimmasiga olishini, muxlislaridan, oilasidan, homiylaridan va ayniqsa uni kuzatib borayotgan bolalardan uzr so‘rashini ta’kidladi. “Qanday namuna bo‘lib qolganimni bilaman va o‘zimdan juda ham ko‘nglim qoldi,” — deydi u.
Mallorca’dagi test va vaqtinchalik taqiq
31 yoshli tennischi 22 iyun kuni Mallorca Open turniri doirasida namunani topshirgan. Keyinchalik u namunada benzoylekgonin — kokain metaboliti — aniqlangani ma’lum bo‘ldi. 4 avgustdan buyon Kyrgios vaqtinchalik diskvalifikatsiya ostida, ITIA esa hozircha undan apellyatsiya tushmagani haqida xabar bergan.
Bu orada u deyarli o‘ynamadi. So‘nggi yillarda jarohatlar uni maydondan uzoqlashtirdi, bu mavsumda esa atigi to‘rt dona yakka bahsga chiqa oldi. Oxirgi bor kortga Wimbledon’da tushdi — erkaklar juftligida Alexander Bublik bilan birga birinchi bosqichdayoq mag‘lub bo‘ldi. Atigi ikki yil avval esa u shu yerda yakkalik bahslarida finalga chiqib, katta shov-shuvga sabab bo‘lgandi.
Endi esa uning ismi boshqa sarlavhalarda.
“Tennis meni tanlagan, lekin uni qo‘yib yuborish og‘ir bo‘ldi”
Kyrgios o‘z murojaatida faqat faktni aytib qo‘ymadi, ichki holatini ham ochdi. So‘nggi ikki yil davomida jarohatlar uni nafaqat jismonan, balki ruhiy jihatdan ham ezib tashlaganini yozdi. Tanasi endi miyasi kutgan darajada javob bermayotgani, kariyera yakuniga yaqinlashayotganini qabul qilish esa o‘ylagandan ham og‘ir kechayotganini aytadi.
“Men har doim tennisni men tanlamaganman, tennis meni tanlagan deb kelganman. Lekin butun hayotim bo‘lgan narsani qo‘yib yuborish — hayotimdagi eng og‘ir sinovlardan biri. Ba’zida o‘zimni ojiz va yolg‘iz his qildim,” — deydi u.
So‘ng darhol bir jumla bilan chiziq chizadi: “Bularning hech biri qilgan ishimi oqlamaydi.”
Shu nuqtada u o‘zini o‘zi himoya qilishdan ko‘ra, zarbani qabul qilishni tanlagani ko‘rinadi. Og‘riqni tan oladi, lekin xatoni oqlamaydi. Aynan shuning o‘zi ham uning so‘zlariga og‘irlik beradi.
28 kunlik sukut va yopiq eshiklar ortidagi kurash
Kyrgios bu voqea unga “uyg‘otuvchi signal” bo‘lganini yozadi. Oldidagi reja aniq: keyingi 28 kun davomida ijtimoiy tarmoqlardan va ommaviy hayotdan chekinadi. Maqsad — o‘zini tiklash, ruhiy va jismoniy holatini izga solish.
U shu davrda o‘zining va oilasining shaxsiy hayotiga hurmat bilan yondashishni so‘radi. “Kechirasiz. Men ustimda ishlayman va qaytib kelaman — yaxshiroq bo‘lib,” — deya yakunlaydi u murojaatini.
Hozircha esa tennis dunyosi Kyrgios’siz. Uning vaqtinchalik diskvalifikatsiyasi shuni anglatadiki, u ITIA tribunalining qarori chiqmaguncha ATP va WTA tomonidan sanksiyalangan hech bir musobaqada na o‘ynashi, na murabbiylik qilishi, na tomoshabin sifatida qatnashishi mumkin emas.
Kortlar hozir jim. Savol esa ochiq: Nick Kyrgios bu zarbadan keyin haqiqatan ham “yaxshiroq” bo‘lib qaytadimi yoki bu bo‘lim uning notekis, lekin albatta yodda qoladigan kariyerasining so‘nggi sahifalaridan biriga aylanadimi?



