Nasser Al-Xelayfi FIFA prezidentligi uchun kurashmaydi
Gianni Infantino atrofidagi siyosiy bo‘ron kuchayib borayotgan bir paytda, futbol olamida kutilgan savolga aniq javob berildi: Nasser Al-Xelayfi FIFA prezidentligi uchun kurashmaydi.
Britaniya matbuotida — xususan, “Politico” va “The Telegraph” sahifalarida — UEFA qo‘lloviga ega “ideal nomzod” sifatida tilga olinayotgan Al-Xelayfi atrofidagi mish-mishlar tobora kuchaygan edi. Gap shunchaki fikr emas, balki 2027-yilgi saylovlarda Yevropaning Infantino rejasiga qarshi asosiy quroli bo‘lishi mumkin bo‘lgan nomzod haqida ketayotgan edi.
Ammo Qatarlik rahbarning rasmiy vakili bu gap-so‘zlarga keskin nuqta qo‘ydi. Uning ta’kidlashicha, Al-Xelayfining “FIFA dagi bu lavozimga nisbatan na ambitsiyasi, na niyati, na qiziqishi bor”. U “barcha global va Yevropa futbol institutlarini dono va konstruktiv tarzda qo‘llab-quvvatlashni davom ettiradi”.
Qisqa qilib aytganda, FIFA saylov poygasida Al-Xelayfi bo‘lmaydi. Ammo u markaziy o‘yinchilardan biri bo‘lib qolaveradi.
Infantino rejasi va Yevropaning qarshi zarbasi
Britaniya nashrlari Al-Xelayfini nafaqat siyosiy og‘irlik, balki aynan hozirgi sharoit uchun mos figura sifatida ko‘rsatdi. Sababi aniq: FIFA prezidenti Gianni Infantino xalqaro federatsiya bilan bog‘liq tijoriy kompaniya tuzish rejasini oldinga surmoqda va bu loyiha Yevropani larzaga solgan.
Loyiha FIFA ni xususiy investorlar uchun yanada ochiq tuzilma qilishga qaratilgan. Yevropa futbol doiralari esa buni o‘yin kelajagi va an’anaviy qadriyatlariga zarba deb bilmoqda. Qarshilik keskin: UEFA hatto Jahon chempionatini boykot qilish ehtimolini ham stolga qo‘ydi.
Shu fon’da Al-Xelayfi nomi tabiiy ravishda oldinga chiqdi. U UEFA ga yaqin, Yevropa klublarining ovozini yaxshi biladi, siyosiy maydonda anchadan beri o‘ynab kelayotgan figura. Shuning uchun ko‘plar uni Infantino loyihasini to‘xtata oladigan, FIFA yo‘nalishini o‘zgartira oladigan nomzod sifatida ko‘rdi.
Ammo bu sahnariy hozircha yopildi. Yevropa o‘ziga boshqa bayroqdor qidirishiga to‘g‘ri keladi.
Yevropaning ichkaridagi eng kuchli figura
2011-yildan beri Paris Saint-Germain prezidentligini olib borayotgan Nasser Al-Xelayfi Yevropa futbol tuzilmalarida allaqachon markaziy o‘rinni egallagan. U yillar davomida UEFA Ijroiya qo‘mitasida o‘tirib keladi, siyosiy qarorlar qabul qilinadigan xonalarni ichidan ko‘rgan odam.
Bugun esa u yana bir kuchli platformaga ega: European Football Clubs (EFC) prezidenti. Ilgari ECA nomi bilan tanilgan bu tashkilot qit’adagi 850 dan ortiq klub manfaatini ifodalaydi. Ya’ni, Yevropa futbolining iqtisodiy yuragi aynan shu yerda uradi.
Al-Xelayfining UEFA prezidenti Aleksander Ceferin bilan yaqinligi ham sir emas. Shu bois, Yevropa FIFA ustidan ta’sirini qayta tiklashni istasa, ko‘pchilikning ko‘zi avtomatik ravishda Al-Xelayfiga tushayotgani bejiz emas edi. U siyosiy tarmoq, iqtisodiy qudrat va klub futbolidagi real ta’sirni bir qo‘lda jamlagan kam sonli arboblardan biri.
Shunga qaramay, u FIFA tepasiga chiqishni istamaydi. Hech bo‘lmaganda hozir emas.
EFC va Infantino loyihasiga ochiq qarshilik
Al-Xelayfi boshchiligidagi European Football Clubs ham jim o‘tirgani yo‘q. Tashkilot FIFA ning tijoriy loyiha borasidagi bayonotlarini “katta xavotir bilan” kuzatayotganini ochiq aytdi.
EFC rasmiy chiqishida FIFA ning “to‘satdan va bir tomonlama” tarzda e’lon qilayotgan pozitsiyasi keskin tanqid qilindi. Gap shundaki, bu loyiha FIFA ni xususiy sektor sarmoyasiga kengroq ochib berishni ko‘zlaydi, qarorlar markazini esa an’anaviy futbol institutlaridan uzoqlashtirishi mumkin.
Yevropa futbol elitalari buni o‘yin kelajagi uchun xavf deb ko‘rmoqda. Ular uchun bu nafaqat moliyaviy model, balki hokimiyat kimning qo‘lida bo‘lishi haqida savol. Federatsiyalar, ligalar va klublar o‘rtasidagi nozik muvozanat sinovdan o‘tmoqda.
EFC ning keskin bayonoti — Infantino loyihasiga qarshi ko‘tarilgan norozilik to‘lqinining faqat bir bo‘lagi xolos. Boshqa tashkilotlar, turli futbol doiralari ham bu reja atrofida tobora ko‘proq savol qo‘yib, bosimni oshirmoqda.
Savol ochiq: Yevropa endi kimni oldinga suradi?
Al-Xelayfi o‘z nomzodini qat’iyan rad etdi. U sahnadan ketgani yo‘q, lekin markaziy rolni tanlamadi. Shu bilan birga, FIFA ichidagi hokimiyat kurashi to‘xtagani yo‘q, aksincha, keskinlashib bormoqda.
Infantino tijoriy loyihasini orqaga tortmayapti. UEFA va Yevropa klublari esa chekinishga tayyor emas.
Endi asosiy savol shunday: Yevropa FIFA tepasida o‘z ovozini qayta baland eshittirmoqchi bo‘lsa, bu jangda bayroqni kim ko‘taradi?


