Sport Maydon logo

Mourinho Madridga qaytdi: 13 yildan keyin ikkinchi hayot

Santiago Bernabeu yana eski tanish bosh murabbiyga eshiklarini ochdi. 13 yil avval shov-shuvlar, mojaro va katta g‘alabalar orasida ketgan Jose Mourinho qaytib keldi. Bu safar vazifa yanada aniqroq: ichki maydonda ham, Yevropada ham hukmronlikni tiklash.

Ikki mavsum – birorta sovrinsiz. Bu Real Madrid mezonida inqirozga teng. Klub rahbariyati sabr kosasi to‘lgach, xavfsiz, ammo bahsli variantga qaytdi: o‘zining eng ziddiyatli, eng shov-shuvli, shu bilan birga eng samarali murabbiylaridan biriga yana ishonch bildirdi.

Mourinho Madridga Portugaliyadagi muvaffaqiyatsizlik fonida kelmoqda. Benfica bilan bo‘lgan so‘nggi tajriba ko‘pchilik kutganidek uchib ketmadi, aksincha, savollarni ko‘paytirdi. Shunday paytda dunyoning eng yirik klublaridan biri uni yana boshqaruvga taklif qilishi Portugaliyada haqiqiy shok sifatida qabul qilindi.

Portugaliyalik jurnalist Luis Cristovao, Mourinho Lissabondagi davrini yaqindan kuzatganlardan biri, hayratini yashirmadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu qaytish mantiq chegarasidan tashqarida ko‘ringan.

“Bu yerda qilgan ishlari na juda zo‘r, na ayniqsa ijobiy bo‘ldi. Shundan keyin Madridga qaytishi – bu tentaklik. Mutlaqo kutilmagan holat”, – deya ta’kidlagan Cristovao, Mundo Deportivo keltirgan fikrida.

Madridga qaytish marosimida esa boshqacha Mourinho ko‘rindi. Sokinki, yumshoqroq, yarashuvga tayyor obraz. Oldingi yillardagi keskin, doim jangga hozir turgan figuradan ko‘ra, o‘ylangan, ehtiyotkorona gapiradigan murabbiy.

Cristovaoning aytishicha, xuddi shunday manzara Mourinho Benfica bilan ish boshlaganida ham kuzatilgan. U o‘sha paytda ham o‘zini qayta isbotlashga, yana eng yuqori darajaga ko‘tarilishga urinayotgan murabbiy sifatida ko‘ringan.

“U o‘zgargan, chunki juda ko‘p narsani boshidan kechirdi va qandaydir ma’noda jahon futboli elitasi doirasidan chiqib qoldi, – deydi jurnalist. – Bu yerga kelganida biz aynan shunday tuyg‘uni his qilganmiz. U o‘zgargandek tuyulgan, boshqa odamga o‘xshagan. Mehribonroq, sokinroq.”

Ammo hikoya bu yerda tugamaydi. Cristovao bir narsani alohida urg‘ulaydi: Mourinho haqiqiy yuzi sinov paytida ochiladi.

“Bir narsa – u kelgan ilk kunlar, mutlaqo boshqa narsa – atrofdagi vaziyat, savollar va o‘yinlar qiyinlashganda. O‘shanda aytishim mumkinki, ha, u ko‘proq yillik tajribaga ega Mourinho, lekin ich-ichida o‘sha eski Mourinho o‘tiribdi”, – deya fikrini yakunlaydi u.

Endi savol bitta: ikki yil sovrinsiz qolgan Real Madridga qaytgan, biroz sokinlashgandek tuyulgan, ammo aslida o‘sha eski temperamentni ichida yashirgan Mourinho yetarlimi? Yoki Bernabeu yana bir bor uning portlashlarini, o‘ziga xos jangovar uslubini kutyaptimi?

Pinco Avto Omad — 12 ta avto uchun sovrinli o‘yinga qo‘shil