Sport Maydon logo

Mourinho davri: Camavinga kutilmagan qurbonmi?

`Real Madrid` yozni shov-shuv bilan boshladi. Klub yangi bosh murabbiy Jose Mourinho qo‘l ostida butunlay yangi davrga tayyorlanmoqda. Allaqachon to‘rtta transfer rasman e’lon qilingan, rahbariyat esa Yan Diomande va Rodri bo‘yicha kelishuvlarni ham yakunlashni rejalashtiryapti. Tarkib yangilanmoqda, raqobat keskinlashmoqda. Bu esa bir narsani anglatadi: ketadiganlar ham ko‘p bo‘ladi.

Rotatsiyadan chetda qolayotganlar

Mourinho allaqachon bir necha futbolchiga ochiq xabar bergan. Raul Asencio va Franco Mastantuono 2026/27 yilgi mavsumda deyarli o‘ynamasligini eshitdi. Ular yoki ijaraga, yoki butunlay sotuvga qo‘yilishi tavsiya etilgan.

Shu toifaga yana bir kutilmagan ism qo‘shildi: Eduardo Camavinga. Bir necha yil avval kelajak yulduzi sifatida ko‘rilgan fransiyalik yarim himoyachi birdaniga markazdan chetga surilmoqda.

Sergio Valentin ma’lumotiga ko‘ra, Mourinho Camavinga bilan uchrashib, uning yangi mavsum rejalari ichida yo‘qligini shaxsan ma’lum qilgan. Markaziy chiziqda Aurelien Tchouameni, Federico Valverde va Bernardo Silva ustunlikka ega. Murabbiy rejasida bu uchlikning roli aniq, Camavinga esa zaxira variantiga aylanib qoladi. Demak, maydonga tushish imkoniyati keskin kamayadi.

Klub sotmoqchi, futbolchi qolmoqchi

Shu sharoitda bitta savol paydo bo‘ladi: Camavinga ketadimi? Hozircha yo‘q.

Turli manbalar bir narsani takrorlamoqda: Camavinga bu yozda `Real Madrid`ni tark etishni umuman rejalashtirmayapti. U klubda qolishni, o‘z o‘rnini qayta tortib olishni istaydi. Mavqeidan qat’i nazar, u Madridni tark etishga shoshilmayapti.

Klub pozitsiyasi esa ancha sovuqqon. Rahbariyat uchun hozir – Camavingani eng yuqori bozor qiymatida sotish uchun eng qulay pallalardan biri. Agar u rotatsiyada chetda qolsa, qiymati tushishi mumkin. Shuning uchun sotuv varianti jiddiy ko‘rib chiqilmoqda.

Biroq bu yerda hal qiluvchi omil bitta: futbolchining o‘zi. Agar Camavinga kelayotgan takliflarning barchasini rad etsa, klub hech narsani o‘zgartira olmaydi. Shartnoma bor, irodasi qat’iy, u esa qolishni xohlaydi.

Madrid o‘rtasida yangi kuch markazi

Mourinho uchun esa bu mavsum markaziy chiziqni qayta qurish mavsumi bo‘ladi. Tchouameni – tayanch nuqta. Valverde – dinamika va intensivlik manbai. Bernardo Silva – ijodkorlik va tajriba. Bu uchlik bilan ishlash Mourinho uchun taktik jihatdan juda qulay.

Shu fon’da Camavinga o‘zini qayerda ko‘radi? Zaxirada o‘tirib, imkon kutadimi yoki barqaror o‘yin amaliyoti uchun boshqa joy izlaydimi? Hozircha u birinchi yo‘lni tanlaganga o‘xshaydi.

`Real Madrid` esa yangi davrga qadam qo‘yar ekan, bitta savol havoda osilib turibdi: Mourinho qo‘l ostidagi bu keskin raqobat Camavingani yana bir pog‘ona yuqoriga ko‘taradimi yoki uni Bernabeu bilan xayrlashishga majbur qiladimi?