Mohammed Ben Sulayem: Fernando Alonso shunday holatda ketmasligi kerak
FIA prezidenti Mohammed Ben Sulayemning fikricha, Fernando Alonso Formula 1’ni hozirgidek raqobatbardosh bo‘lmagan holatda tark etishi “qabul qilib bo‘lmaydigan” variant.
45 yoshli, ikki karra jahon chempioni bo‘lgan ispaniyalikning Aston Martin bilan shartnomasi mavsum oxirida yakunlanadi. Alonso o‘zi esa payshanba kuni kelajagi borasidagi qarorini “tez orada emas” deb, aniq muddatni cho‘zib qo‘ydi.
Hozircha buning sababi ayon: Aston Martin joriy mavsumda chempionatda atigi 10-o‘rinda. Mashina raqobatbardosh emas, Honda bilan hamkorlikdagi quvvat qurilmasi esa poygada eng zaif paketlardan biri sifatida baholanmoqda.
“Fernando shunday ketmasligi kerak”
Madridda bo‘lib o‘tgan tadbirda Ben Sulayem ochiq gapirdi:
“Fernando ketishiga yo‘l qo‘ya olmaymiz. Alonso – buyuk chempion. U shunchaki holatlar qurboni bo‘lgani uchun ketmasligi kerak”, – dedi u. “Sahnani tark etish shunday bo‘lmaydi. U muvaffaqiyat qozonadi, keyin xohlagan paytida ketadi. Natija majburlagani uchun emas.”
FIA rahbari Alonso bilan shaxsan suhbatlashmoqchi ekanini ham aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Ispaniyadagi uchrashuvlardan birida Alonso kayfiyati ancha tushkun ko‘ringan.
“Unga: ‘Fernando, tushunaman. O‘zingning yurtiga kelasanu, ikki karra jahon chempionisan, lekin holat mana shunday… bu qabul qilib bo‘lmaydigan narsa’, – dedim”, – deya esladi Ben Sulayem.
Dvigatel bo‘yicha yashirin yordam emas, rasmiy mexanizm
Ben Sulayem may oyidayoq jamoaga, aniqrog‘i, dvigatel bo‘yicha huquqiy choralar ko‘rilganini ta’kidladi.
“Biz may oyida jamoa uchun, dvigatel yo‘nalishida, yaxshilash imkonini beradigan huquqiy ishlarni qildik, – dedi u. – Keyin unga aytdim: ‘Men senga nima qilayotganimizni aytmayman. Aksincha, sen ayt – sen haydovchisan. Natijalarni yaxshilash uchun bizdan nimani xohlaysan?’”
FIA matbuot kotibi izoh berib, gap F1’ning qo‘shimcha rivojlantirish va yangilash imkoniyatlari tizimi – Aduo haqida ketayotganini ma’lum qildi.
Bu tizimga ko‘ra, quvvat qurilmasi eng kuchli paketdan 2 foizdan ortiq orqada deb baholangan ishlab chiqaruvchilarga konstruksiyani yangilash, kuchaytirish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar beriladi.
“Bu – Aduo jarayoni haqida aytilgan fikr, va u shunchaki Fernando Alonso sportda qolishini xohlashini bildirgan, xolos”, – dedi kotib.
Vakolat chegarasi haqidagi savollar
Ben Sulayemning so‘zlari, tabiiyki, savol tug‘dirdi: FIA prezidenti texnik tenglik masalasiga shu darajada aralashishi uning mustaqil va xolis hakam sifatidagi roliga zid emasmi?
Matbuot kotibi bu xavotirlarni yumshatishga urindi:
“U haydovchi bo‘lgan, shuning uchun poygachilarga juda yaqin, juda hissiyotli munosabatda bo‘ladi. Bu gaplardan ortiqcha ma’no qidirmaslik kerak”, – deya javob berdi u.
Shu tariqa, Ben Sulayemning pozitsiyasi aniq: Alonso kabi nom Formula 1 sahnasini mag‘lubiyat soyasida emas, kurash va natija fonida tark etishi kerak. Endi so‘z Alonso va Aston Martin tomonida – ular bu imkoniyatni ishga aylantira oladimi?



