Mbappé Ballon d'Or uchun ovozini o‘zi berishini aytdi
Kylian Mbappé bu hafta yana markazda. Bu safar — maydonda emas, Ballon d'Or bahsida.
27 yoshli hujumchi hozirgi poygada asosiy favoritlardan biri sifatida ko‘rilmoqda. U o‘tgan mavsumda Real Madrid safida 40 dan ortiq gol urdi, yozda esa jahon chempionatida tarixiy rekordni yangilab, turnir tarixidagi eng sermahsul to‘purar darajasiga chiqdi. Shaxsiy raqamlar — dahshatli.
Ammo bitta katta “lekin” bor. Uning gollari kuboklarga aylanmadi. Na Real Madrid, na Fransiya terma jamoasi bilan sovrin ko‘tarmadi. Aynan shu nuqta tanqidchilarning asosiy quroliga aylangan: jamoaviy yutuqsiz futbolchi yilning eng yaxshisi bo‘la oladimi?
Mbappé bunga aniq javob berdi. Va u o‘zini ayamasdan gapirdi.
Fransiyaning L'Équipe nashriga bergan intervyusida, 2026 yilgi Ballon d'Or poygasi haqida so‘z ketar ekan, undan kutilgan savol so‘raldi: “Ballon d'Or uchun kimga ovoz berardingiz?”
Fabrizio Romano keltirgan so‘zlariga ko‘ra, Mbappé shunday javob qilgan:
“Ballon d'Or uchun kimga ovoz berardimmi? O‘zimga. Bu — individual mukofot. Unda futbolchining shaxsiy qilgan ishlariga qaraladi. Argumentlarga qaraganimda… o‘ylayman va o‘zimga aytaman: ha… bu o‘g‘irlik bo‘lmasdi.”
Bu so‘zlar shunchaki ishonch emas, ochiq chaqiriqdek yangradi. Mbappé o‘zini nafaqat poygada ishtirokchi, balki mezonning o‘zidek ko‘rsatmoqda: gollar, rekordlar, doimiy ta’sir — uningcha, shular yetarli.
Savol esa ochiq qoladi: ovoz beruvchilar Mbappé mezoniga amal qiladimi yoki yana bir bor sovrinni jamoaviy yutuqlarga bog‘lab qo‘yadimi?



