Sport Maydon logo

Manchester City: Enzo Maresca uchun besh katta savol

O‘n yil ichida ilk bor Manchester City mavsumni Pep Guardiola-siz boshlaydi. Bir davr yopildi. Bu davr klub tarixidagi eng sermahsul bo‘lim edi: olti marta Premier League chempionligi, bir marta Champions League kubogi va butun ingliz futbol manzarasini o‘zgartirgan hukmronlik.

Endi sahnada Enzo Maresca. Uning qo‘lida Erling Haaland boshchiligidagi yulduzlar to‘la tarkib, ammo qarshisida – afsonaviy murabbiyning soyasi.

Yakshanba kuni Bournemouth-ga qarshi uy uchrashuvi bilan yangi davr boshlanadi. Va bu davrni belgilab beradigan beshta asosiy savol allaqachon havoda turibdi.

1. Maresca Guardiola o‘rnini qanday egallaydi?

Manchester City so‘nggi o‘n yil ichida deyarli to‘liq bitta falsafa atrofida qurildi. Hammasi Guardiola uslubiga bo‘ysungan: pressing, pozitsion o‘yin, maydonni bo‘lish, to‘p nazorati. Endi shu tizimga boshqa bosh kirib kelmoqda.

Ko‘pchilik bu vaziyatni darhol Sir Alex Ferguson ketganidan keyingi Manchester United bilan solishtirdi. O‘shanda ham hamma “tizim ishlayveradi” deb o‘ylagan, ammo klub yillar davomida yo‘lini topa olmadi.

Maresca esa bu binoga begona emas. U trebl yutgan mavsumda Guardiola yordamchisi bo‘lgan, keyin esa Leicester va Chelsea bilan o‘z nomini murabbiylik bozorida ko‘rsatdi. Shuning uchun uning tayinlanishi to‘liq tavakkal emas.

City rahbariyatini o‘ziga tortgan asosiy narsa – davomiylik. Klub Guardiola uslubini ag‘darib tashlashni emas, uni yumshoq tarzda yangi qo‘lga topshirishni tanladi. Kutilish shuki, to‘p nazoratida City deyarli o‘sha-o‘sha bo‘lib qoladi, lekin Maresca o‘z imzosini tezda qo‘yishi kerak bo‘ladi.

Uning xarakteri ham hammani qiziqtiradi. Maresca ayrim futbolchilar va shtab a’zolari bilan keskin tortishuvlarga moyilligi bilan tanilgan. Bosimi allaqachon ulkan bo‘lgan klubda bu xatar yanada oshadi: o‘tgan mavsumda ikkinchi o‘rin, tribunalar va rahbariyat esa darhol chempionlik poygasini talab qilmoqda.

Birinchi sinov esa og‘ir kechdi. Community Shield bahsida Arsenal City-ni 3:0 hisobida yanchib tashladi. Maresca uchun bu rasmiy debyu – va darhol ogohlantiruvchi zarba.

2. Rodri o‘rnini kim bosadi?

So‘nggi yillarda City yuragi bitta ism atrofida urib kelgan: Rodri. Uning pas madaniyati, to‘g‘ri pozitsiya tanlashi, o‘yin o‘qish qobiliyati jamoa balansini ushlab turgan asosiy ustun edi. U bu yozda Ispaniyani Jahon chempionligiga eltib, Golden Ball sovrinini oldi. Shunday futbolchining Barcelona-ga ketishi – bu shunchaki yo‘qotish emas, bu tuzilmaning markazini yulib olishga teng.

City o‘rtada bo‘shliq qoldirmaslik uchun Elliot Anderson-ni Nottingham Forest-dan 116 million funt atrofidagi summa evaziga olib keldi. Angliyalik yarim himoyachi – energiya, pressing, maydonni “yeb qo‘yish” bo‘yicha juda kuchli. Lekin u ko‘proq box-to-box, oldinga intiluvchi tip. Rodri kabi to‘liq tayanch emas.

Klub 18 yoshli Ayyoub Bouaddi uchun ham harakat qilishi kutilmoqda. Lille markazida porlayotgan bu yigit katta salohiyatga ega, ammo hozircha juda xom.

Haqiqat shuki, hozir dunyoda Rodri darajasida to‘pni himoya va hujum o‘rtasida bunchalik sovuqqonlik bilan bog‘laydigan tayanch deyarli yo‘q. Uni bir futbolchi bilan almashtirish imkonsiz. Maresca ehtimol uning rolini bir necha yosh, istiqbolli futbolchi o‘rtasida bo‘lib berishga majbur bo‘ladi. Bu esa xatolar, tajriba va saboq mavsumi bo‘lishi mumkin.

3. City o‘yin boshqaruvidagi muammolarni tuzata oladimi?

O‘tgan mavsum chempionlik poygasida City yiqilishining asosiy sabablardan biri juda sodda: o‘yin boshqaruvi. Ular g‘alaba qilayotgan o‘yinlardan 17 ochko yo‘qotdi. Bu darajadagi jamoa uchun bu raqam qabul qilib bo‘lmas.

Maresca Guardiola-ga qaraganda nisbatan pragmatikroq murabbiy sifatida tasvirlanadi. Bu, ayniqsa, hisobda oldinda bo‘lgan paytda xavfni aniqroq nazorat qilish, tempni pasaytirish, o‘yinni bo‘laklarga bo‘lib tashlashga yordam berishi mumkin.

Ammo tarkib ham o‘zgardi. John Stones, Bernardo Silva va Nathan Ake ketdi. Aynan shu uchlik ko‘p hollarda to‘pni ushlab turish, ritmni boshqarish, himoya va hujum o‘rtasida ko‘prik bo‘lib kelgan. Endi savol aniq: yangi kelgan futbolchilar nazoratga asoslangan yondashuvga qanchalik mos keladi?

Maresca uchun bu mavsum taktik laboratoriya bo‘ladi. U yo o‘yin boshqaruvini qayta tiklaydi, yo City yana bir bor o‘z qo‘lidagi g‘alabalarni qo‘ldan chiqaradi.

4. Haalandning o‘zi chempionlik uchun yetadimi?

Hujum chizig‘ida esa hamon bitta gigant turibdi. Erling Haaland. U sog‘lom, City ritm topgan paytda liga himoyachilarining aksariyati unga qarshi chora topa olmaydi.

Ammo faqat bitta super hujumchiga tayanib qurilgan chempionlik poygasi ko‘p marta nozik bo‘lib chiqqan. O‘tgan mavsum ham City buni his qildi: Haaland gol urishni biroz sekinlatgan zahoti butun hujum tizimi tishsiz ko‘rinishga tushib qoldi.

Omar Marmoush yaxshi futbolchi, ammo Haaland darajasiga yaqin ham emas. Demak, Maresca uchun asosiy vazifa – hujumni ko‘p qirrali qilish. Qanotlar, ikkinchi temp, yarim himoyachilarning hujumga qo‘shilishi – bularning barchasi Haaland atrofidagi bosimni kamaytirishi kerak.

Agar City yana hamma narsani norvegiyalik yulduzning yelkasiga tashlab qo‘ysa, bir-ikki quruq o‘yin chempionlik poygasida juda qimmatga tushishi mumkin.

5. Jahon chempionati charchog‘i allaqachon sezilyaptimi?

Yana bir omil bor, u hali to‘liq baholanmadi. City tarkibining katta qismi Jahon chempionatida uzoq yo‘l bosdi. Erling Haaland, Jeremy Doku va yana bir necha asosiy futbolchi turnirning so‘nggi haftalarigacha maydonga tushdi. Olti nafar asosiy o‘yinchi final bosqichida band bo‘ldi.

Natija aniq: Maresca mavsumoldi yig‘inini ideal darajada to‘liq tarkib bilan o‘tkaza olmadi. Transferlar oynasi ham notinch kechayotgan bir paytda bu jiddiy noqulaylik.

Community Shield bahsida Arsenal-ga qarshi ko‘rinish ham shuni tasdiqladi. City sust, zerikarli, g‘oya va tezlikdan mahrum ko‘rindi. Arsenal esa ancha yangi, yengil va o‘tkir edi.

Maresca o‘yin tugagach shunday dedi: jismoniy holat, Jahon chempionatida ko‘p o‘yin o‘tkazgan futbolchilar, hisob ochilgandan keyingi reaktsiya – barchasi murakkablik qo‘shganini tan oldi. Birinchi golga javob yomon bo‘lmagani, ammo ikkinchi goldan keyin o‘yin butunlay chigallashgani haqida gapirdi.

Endi savol shunday: bu faqat mavsumoldi og‘irligi bo‘ladimi yoki City butun kuz davomida charchoq va ritm qidirish bilan ovora bo‘ladimi?

Manchester City yangi davr ostonasida turibdi. Pep Guardiola bobini allaqachon yopdi. Endi navbat Enzo Maresca qo‘liga o‘tgan qalamda – u bu hikoyani davom ettiradimi yoki butunlay yangi, xavfliroq ssenariy yoziladimi?

Pin-Up sport bonusi 200% gacha. Promokod PINBET2026. Bonusni oling