Manchester City Bouaddi uchun rekordni chilparchin qildi – 100 million yevro
Pep Guardiola yozda ketgan bo‘lishi mumkin, lekin "Manchester City"ning transfer bozori hali ham qaynab turibdi. Klub pul sarflashdan charchamayapti, aksincha, yangi davrni yanada shov-shuvli boshladi.
Elliot Anderson uchun 135 million yevro to‘langanidan keyin, endi navbat "Lille"ning mo‘jizakor iqtidoriga – Ayyoub Bouaddi ga keldi. Atigi 18 yosh. Ammo narxi kattalar darajasida: jami 100 million yevro – 95 millioni darhol, yana 5 millioni bonuslar ko‘rinishida. Shartnoma muddati esa 2031 yilgacha, besh yillik kelishuv.
Marokash terma jamoasi bilan yozda bo‘lib o‘tgan Jahon chempionatida porlagan Bouaddi uchun bu qadam nafaqat sportiy sakrash, balki butun karerasi uchun burilish nuqtasi. Klub bayonotida u shunday degan: "Manchester City are, for me, the best Club in the world. It’s a dream to be here and be able to call myself a City player. I have spent most of my life working hard to become the best player I can be and reach the top of the game." Orzu va mehnat endi Yevropaning eng kuchli jamoalaridan birida sinovdan o‘tadi.
Rodri ketdi, Bouaddi keladi – o‘rtadagi bo‘shliq 100 millionlik ishonch bilan to‘ladi
"City" yoz boshida allaqachon eng katta zarbalardan birini qabul qilgan edi: 2024 yilgi "Ballon d'Or" sohibi Rodri "Barcelona"ga yo‘l oldi. Bitim umumiy 76,5 million yevroga baholangan. Bu ketish o‘yin falsafasida katta savollar tug‘dirgan, ayni paytda klub rahbariyatini keskin qarorlar qabul qilishga majbur qilgan edi.
Endi esa javob aniq: Bouaddi. Bozor bahosi 80 million yevro atrofida bo‘lgan yigit uchun "City" 100 million to‘lashga rozi bo‘ldi. Bu yozgi transfer oynasida narxlarning shishib ketgani fonida kutilmagan hol emasdi. Shunga qaramay, 18 yoshli futbolchi uchun bunday summa – bu nafaqat ishonch, balki ulkan mas’uliyat.
Savol tabiiy: bu transfer tarixiy rekordlar orasida qayerga joylashadi?
U18 rekordlari: Bouaddi hammasidan uzib ketdi
Javob qisqa: birinchi. Faqatgina birinchi emas – eski rekordni chilparchin qilgan holatda.
Bouaddi uchun to‘langan 100 million yevro – tarixdagi eng qimmat U18 transferi. Avvalgi rekord ham "Lille" bilan bog‘liq edi: "Manchester United" 2024/25 yilgi mavsum oldidan Leny Yoro uchun 62 million yevro sarflagan edi. Endi u ikkinchi o‘ringa tushdi. Farq esa deyarli ikki barobar.
Uchinchi o‘rinda Endrick, to‘rtinchi pog‘onada "Chelsea"ning Estêvão si. Yevropa grandlari yosh iqtidor uchun raqobatni allaqachon boshqa darajaga olib chiqib bo‘lgan, lekin bu yozdagi narxlar chizig‘i butunlay yangicha standart belgilayotgandek.
"Real Madrid" bu ro‘yxatda alohida sahifa. Klub so‘nggi yillarda yosh yulduzlarni 18 yoshidayoq qo‘lga kiritish bo‘yicha o‘z siyosatini qat’iy davom ettirib kelmoqda. Franco Mastantuono, Vinicius Junior va Rodrygo – ularning har biri 18 yoshida 45 million yevroga tushgan. Uchala bitim ham Madridning uzoq muddatli rejasining bir bo‘lagi sifatida ko‘rilgan edi, va bugun bu strategiya o‘zini oqlayotganini ko‘rish qiyin emas.
Ro‘yxatning pastki qismida ham tanish ismlar yetarli. "Tottenham" Archie Gray uchun "Leeds"ga 41,4 million yevro to‘lagan – bu sakkizinchi o‘rin. To‘qqizinchi pog‘onada Alessandro Bastoni ning "Inter"ga o‘tishi. O‘ninchi o‘rinni esa "Wolves"ning hujumchi Fábio Silva uchun 40 million yevro sarflagan transferi egallab turibdi.
Bu ro‘yxatga yaqin yillargacha kirib turgan yana bir katta ism endi ilk o‘nlikdan chiqib ketdi: 2014 yilda "Manchester United" Luke Shaw ni "Southampton"dan 37,5 million yevroga olganida, bu ham o‘sha payt uchun sensatsion summa edi. Oradan 12 yil o‘tib, bu ko‘rsatkichni yoshlar bozori shunchalik ortda qoldirdiki, Shaw endi ilk o‘nlikka ham sig‘maydi.
Yangi davr boshlanmoqda
Bouaddi transferi oddiy raqamlar o‘yini emas. Bu "City"ning Guardiola davridan keyingi yo‘nalishini ko‘rsatadigan kuchli signal. Klub eng yuqori darajadagi tayyor yulduzlarni emas, balki kelajakning markaziy figuralarini sotib olayotganini ochiq namoyish qilyapti.
Endi navbat maydonga. 100 million yevrolik savol bitta: 18 yoshli yigit "Etihad"dagi bosim, narx va kutilyotgan darajani ko‘tara oladimi?



