Man Utd uchinchi yarim himoyachi izlayapti: Manu Kone nomzodi
Manchester United yozgi oynada uchinchi yarim himoyachi sifatida aynan Manu Kone nomzodini oldingi chiziqqa surib qo‘ydi. Klub ichkarisidagi manbalar u nega aynan Premyer ligaga mos futbolchi ekanini sanab o‘tayotgan bir paytda, Roma yulduziga endi Chelsea ham jiddiy e’tibor qaratayotgani intriga qo‘shmoqda.
Yoz boshida Elliot Anderson, Mateus Fernandes va Sandro Tonali bo‘yicha muzokaralar narx tufayli boshi berk ko‘chaga kirib qolganidan so‘ng, United o‘zini boshqa yo‘l bilan tikladi. Bir hafta ichida Andrey Santos va Youri Tielemansni jami 85 million funt atrofidagi summa evaziga olib kelish, INEOS tanlagan sabrli, hisob-kitobli strategiya hozircha o‘zini oqlayotganini ko‘rsatdi.
Endi navbat – ancha mudofaa yo‘nalishidagi, balansi kuchli uchinchi yarim himoyachiga. So‘nggi haftalarda bu rol uchun eng ko‘p tilga olinayotgan ism – Manu Kone.
“Yashil chiroq” va Wilcoxning tanlovi
9-iyul kuni klub Kone bo‘yicha aloqaga chiqqani va transfer uchun ma’lum darajada “yashil chiroq” olgani ma’lum bo‘lgan edi. Keyingi kunlarda sport direktori Jason Wilcox variantlarni chuqur tahlil qilgani sabab jarayon biroz sekinlashgandek ko‘rindi: uchinchi yarim himoyachi o‘rniga bir nechta nomlar stol ustida turgan.
Shu ro‘yxatda Fulham futbolchisi Sander Berge ham bor. U haqidagi ichki muhokamalar Old Trafford koridorlarida jiddiy tus olgan.
Shunga qaramay, hozircha eng ustun nomzod sifatida aynan Roma markazidagi fransuz – Kone ko‘rilmoqda. Transfer bo‘yicha mutaxassis Graeme Bailey ma’lumotlariga ko‘ra, Wilcox va uning jamoasi 19 o‘yin o‘tkazgan Fransiya terma jamoasi a’zosining o‘sish sur’atidan, yetukligidan ancha ta’sirlangan.
Raqobat esa kuchaymoqda. Xabi Alonso boshchiligidagi Chelsea ham Kone bo‘yicha harakatni tezlashtirgani, London klubi jiddiy raqibga aylangani haqida xabarlar chiqqach, Manchester tomoni yanada qat’iylashgan.
“Manu Kone – United izlayotgan profil”
Klub qaror qabul qiluvchilari ayniqsa so‘nggi 12 oy ichida Kone bosib o‘tgan yo‘lni diqqat bilan kuzatgan. Roma safida, shuningdek Didier Deschamps qo‘l ostida Fransiya terma jamoasining jahon chempionati yarim finaligacha bo‘lgan yo‘lida u ko‘rsatgan o‘yinlar Manchesterda yozuv taxtalariga tushib ulgurgan.
Ispaniya bilan o‘yinda Deschamps uni asosiy tarkibdan tashqarida qoldirgani Fransiyada qizg‘in bahsga sabab bo‘ldi. O‘sha kechasi Man City yulduzi Rodri maydon markazida Adrien Rabiot va to‘liq tayyor bo‘lmagan Aurelien Tchouameni ustidan to‘liq ustunlik ko‘rsatdi, Kone yo‘qligi esa yanada sezildi.
Bailey ta’rifiga ko‘ra, ingliz klublari Kone’ni ancha vaqtdan beri kuzatib keladi. Bir necha yil avval Liverpool ham uni jiddiy ko‘rib chiqqan, biroq oxir-oqibat boshqa yo‘nalishga burilgan. O‘sha davrdan buyon fransuz futbolchi ayniqsa Rimga ko‘chib o‘tgach keskin o‘sdi: Roma safida asosiy figura, Deschamps qo‘lida esa ishonchli variantga aylandi.
United rahbariyatini aynan shu – yetuklik, o‘yinni o‘qish qobiliyati, bosim ostida to‘p bilan ham, to‘psiz ham to‘g‘ri qaror qabul qilish qobiliyati – jalb etmoqda. Ha, u hali Premyer liga tajribasiga ega emas. Lekin Old Traffordda buni kamchilik emas, salohiyat sifatida ko‘rayotganlar ko‘p: toza profil, moslashtiriladigan, jismonan kuchli va agressiv.
Kone hozircha uchinchi yarim himoyachi uchun ko‘rilayotgan variantlar ichida eng jiddiylaridan biri. Taxminan 51 million funt (60 million yevro) atrofidagi narx esa Unitedning yozgi byudjet rejasiga juda mos tushadi. Bu summa klubga boshqa pozitsiyalar bo‘yicha ham harakatni davom ettirish imkonini beradi.
Ichkaridan kelayotgan ma’lumotlarga ko‘ra, Michael Carrick uchta yangi yarim himoyachi – Santos, Tielemans va ehtimol Kone – uchun jami 135 million funt sarflanadigan bo‘lsa, yozgi bozor “aqldan ozgan” narxlari fonida Old Traffordda buni katta yutuq sifatida qabul qilishmoqda.
Eng muhimi – Kone tomonining o‘zi ham United g‘oyasiga iliq qarayotgani aytilmoqda. Uning atrofidagi odamlar bu istakni Jason Wilcox va klub rahbariyatiga yetkazib bo‘lgan.
Roma uchun ham katta qaror pishib yetildi
Manchester uchun yana bir ijobiy omil – Roma pozitsiyasi. Bosh murabbiy Gian Piero Gasperini allaqon klub moliyaviy muvozanatni tiklash uchun katta sotuvga majbur bo‘lishi mumkinligini ochiq aytib o‘tdi. Bu bevosita Kone kelajagi bilan chirmashib ketgan masala.
Italiyalik mutaxassis fransuz yarim himoyachining o‘tgan mavsumdagi yo‘lini eslab, uni jarohatdan keyin dunyo chempionati yakuniga yetarlicha yaxshi holatda yetib kelgan, terma jamoadagi o‘rnini o‘zi tortib olgan futbolchi sifatida tasvirlagan. Bu – uning asl qiymatini ko‘rsatib turibdi.
Gasperini moliyaviy holat borasida aniq raqam aytmagan bo‘lsa-da, Financial Fair Play talablari klubni qattiq siqib turganini yashirmadi. Roma so‘nggi yillarda yig‘ilib qolgan zararlarni yopishi kerak, Chempionlar ligasiga qaytish ham hammasini birdaniga hal qilib yubormagan.
Shu fon’da 60 million yevrolik taklif Rim klubining qarorini tezlashtirishi mumkin. United bu raqamni biladi. Chelsea ham biladi.
Savol endi bitta: Premyer liga markazida kuch, texnika va intellektni birlashtira oladigan, terma jamoa darajasida allaqachon o‘zini ko‘rsatgan Kone kimning libosini kiyadi? Old Trafforddagi reja aniq. Endi navbat muzokaralar jadalligida va klubning oxirgi zarbani qay darajada o‘tkir ura olishida.


