Sport Maydon logo

Malayziya hukumati Formula 1 taqvimidagi bo‘shliqni to‘ldirish imkoniyatlarini o‘rganmoqda

Malayziya hukumati Yaqin Sharqdagi urush sabab titrab ketgan Formula 1 taqvimidagi bo‘shliqni to‘sib qo‘yishi mumkin bo‘lgan, so‘nggi daqiqada tashkil etiladigan Gran-pri bo‘yicha shoshilinch imkoniyatni o‘rganmoqda. Gap kalendar boshidagi Bahrayn bosqichi o‘rnini bosishi mumkin bo‘lgan poyga haqida ketmoqda.

Bahrayn rejasining qulashi arafasida

AQSh–Isroilning Eron hududiga yo‘naltirilgan urushi sabab mavsum startidagi Bahrayn va Saudiya Arabistoni bosqichlari bekor bo‘lgandi. O‘tgan oygi sulh kelishuvi qisqa muddatga bo‘lsa-da, umid uyg‘otdi: taqvim oktyabr boshida, Boku va Singapur o‘rtasidagi bir haftalik tanaffusda Bahrayn Gran-prisini qaytarib olish variantini ko‘rib chiqdi.

Ammo mintaqadagi keskinlik yana avj oldi. Harbiy to‘qnashuvlar kengayishi xavfi kuchaydi va endi Bahrayn varianti bir necha kun ichida rasman rad etilishi ehtimoli juda yuqori.

Shu fon’da yangi nom paydo bo‘ldi. Mintaqaning siyosiy shamollari notinch bo‘lib turgan bir paytda, geografik va logistika nuqtai nazaridan ancha sokin, Singapurga juda yaqin nuqta – Malayziya sahnaga chiqdi.

Sepang yana sahnaga qaytishi mumkinmi?

Malayziya yoshlar va sport vaziri Dr Mohammed Taufiq Johari juma kuni bergan bayonotida hukumatga “Bahrayn Grand Prix o‘rnini bosuvchi poyga sifatida Sepang International Circuit’da Formula 1 bosqichini o‘tkazish ehtimoli bo‘yicha dastlabki ma’lumotlar” kelib tushganini ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, vazirlik bu taklifni faol muhokama qilmoqda va baholamoqda. Rasmiy ohang ortida esa juda aniq savol turibdi: Sepang qisqa muddatda F1 talablariga javob bera oladimi?

Trassa hozirda xalqaro miqyosdagi eng yirik seriya sifatida MotoGP’ni qabul qilib keladi. Bu katta tajriba. Lekin Formula 1 – boshqa daraja. Logistika, xavfsizlik, padok infratuzilmasi, media va mehmonlar uchun qulayliklar – bularning barchasi MotoGP’dan ko‘ra murakkabroq talablar bilan keladi.

Sepang 2017 yildan beri F1’ni qabul qilmagan. Oradan o‘tgan sakkiz yil ichida trassa MotoGP bilan “tirik” bo‘lib turgan bo‘lsa-da, F1 qaytishi uchun mahalliy tashkilotchilar jiddiy ishlarni amalga oshirishi kerak bo‘ladi.

F1 uchun mantiqiy, ammo kafolatlanmagan variant

Hozircha gap F1 rahbariyati tomonidan yuborilgan rasmiy taklif haqida emas. Ma’lum bo‘lishicha, Formula 1 tomoni Malayziya hukumati va Kuala-Lumpur yaqinidagi Sepang ma’muriyatiga Gran-pri o‘tkazish uchun zarur bo‘lgan logistika va tashkiliy talablarga oid ro‘yxatni taqdim etgan, xolos.

Endi navbat Malayziya ichki bahosiga. Ularning xulosasi F1 rahbariyatiga oktyabrdagi bo‘shliqni Sepang bilan to‘ldirish mumkinmi-yo‘qligiga aniqroq tasavvur beradi. Geografiya, vaqt zonasi va Singapurga yaqinlik nuqtai nazaridan qaralganda, Kuala-Lumpur hozircha eng mantiqiy variant bo‘lib turibdi.

Ammo bitta haqiqatni ham unutib bo‘lmaydi: agar Malayziya ham “yo‘q” desa yoki vaqt yetmay qolsa, F1 Boku va Singapur oralig‘idagi o‘sha bo‘sh haftani umuman to‘ldira olmasligi ham mumkin.

Portimao – uzoqroq, lekin tayyor turgan zahira

Taqvimdagi yagona xavfli nuqta bu emas. Chempionat yakunidagi Qatar va Abu Dhabi bosqichlari ham siyosiy vaziyatga bog‘liq holda xavf ostida qolishi ehtimoli bor. Shuning uchun F1 allaqachon Yevropada zahira variantini ishga tushirgan.

Gap Portugaliyadagi Portimao trassasi haqida ketmoqda. Bu trassa 2027 yilda kalendarga to‘liq qaytishi rejalashtirilgan. Agar Qatar va Abu Dhabi bo‘yicha ssenariy yomonlashsa, Portimao sinov tariqasida muddatidan oldin ishga tushirilishi mumkin.

Bu – F1’ning odatiy ehtiyot chorasi. Ammo bu safar siyosiy fon sababli bu “reja B” odatdagidan ko‘ra jiddiyroq ko‘rinmoqda.

Vaqt tig‘iz, lekin hali imkon bor

Shu bilan birga, Formula 1 rahbariyati 2026 yil kalendarining oxirgi qismi bo‘yicha qaror qabul qilishda shoshilmayapti. Tashkilot prezidenti va bosh ijrochi direktor Stefano Domenicali yakuniy muddatni aniq belgilab qo‘ygan: sentabr o‘rtalari.

Uning aytishicha, har qanday yaxshi tashkilotchi yoki promouterda favqulodda holatlar uchun tayyor rejalar bo‘lishi shart. F1 aynan shuni qilmoqda: Bahrayn o‘rniga Sepang, mavsum oxiri uchun esa Portimao – hozircha chizilgan ehtimoliy yo‘nalishlar.

Endi kalit savol shuki: Malayziya yana bir bor Formula 1 sahnasiga qaytib, Yaqin Sharqdagi siyosiy bo‘ronlar ichida chempionatni qutqaruvchi halqa bo‘la oladimi?