Luka Modrichning VAR g‘azabi: Adolat yo‘q
Xorvatiya sardori Luka Modrich yana VAR haqida gapirdi — va bu safar ohang yanada keskinroq edi. U uzoq yillardan beri ichida yurgan e’tirozini yashirmadi: texnologiya bor, lekin adolat yo‘q, degan fikrda.
Modrichning da’vosi aniq: VAR faqat hakam “mutlaqo ravshan”, ya’ni u aytganidek, “200 foiz” xato qilganida aralashishi kerak.
Uningcha, hozirgi amaliyot esa butunlay boshqa yo‘lga kirib ketgan. Bir holatda chalinadigan penalti, boshqa o‘yinda e’tiborsiz qoldiriladi. Ayniqsa, Xorvatiya ishtirokidagi bahslarda.
Jutarnji nashri keltirgan so‘zlarida Modrich o‘yindan keyingi his-tuyg‘ularini yashirmadi: “Ha, biz ko‘proq narsaga loyiq edik. Ba’zi narsalar biz tomonga ishlamadi”, — dedi u. Gap aynan o‘sha penalti atrofida ketdi. Modrichga ko‘ra, vaziyatni VAR qayta ko‘rib chiqishi o‘zi shubhali qaror bo‘lgan.
Uning fikricha, vaziyatda oddiy kurash bo‘lgan, xolos. “[Nikola] Vlasic tortgani yo‘q, u raqibini ushlab turdi va ikkisi ham yiqildi. Bunday epizod uchun, ayniqsa shunday o‘yinda, penalti belgilab bo‘lmaydi”, — deya ta’kidladi sardor. Ucha so‘z bilan aytganda, bu penalti emas.
Modrichning ichini kuydirayotgan narsa bitta: mezon yo‘qligi. “Agar vaziyatni u yoq-bu yoqqa talqin qilish mumkin bo‘lsa, unda sening gapiradigan joying qolmaydi. Meni shuning o‘zi asabiylashtiradi va bu har doim bizning zararimizga ishlaydi”, — dedi u.
Uning VARga bo‘lgan ishonchsizligi yangi emas. Modrich bu tizim ilk joriy etilgan paytdan beri yoqtirmasligini ochiq aytib keladi. Endi esa u o‘zini tasdiqlayotgandek his qilmoqda: chegaradagi, bahsli epizodlar deyarli doim Xorvatiya zarariga hal bo‘layotgandek.
Sardorning gapi qisqa, lekin og‘ir: agar VAR adolat timsoli bo‘la olmasa, unda uning maydonga tushishining o‘zi savol ostida qoladi.


