Sport Maydon logo

Luis de la Fuente: Jahon chempionligi bahona bo‘la olmaydi

Ispaniya terma jamoasi bosh murabbiyi Luis de la Fuente Jahon chempionati finalidan keyingi ilk keskin bayonotini berdi. U Argentina futbolchilarining o‘yindan so‘nggi harakatlarini ochiqchasiga qoraladi va ularni “chidab bo‘lmas, qabul qilib bo‘lmaydigan” deb atadi.

New York New Jersey Stadium gazonida ispanlar tarixdagi ikkinchi bor Jahon chempioniga aylangan payt. Kubok ko‘tarildi, zaxira o‘rindig‘idan yugurib chiqqan futbolchilar bir-birini quchoqlab, shodiyonaga berilib ketdi. Aynan shu lahzada maydon chetida taranglik yuzaga keldi.

Nahuel Molina Rodri bilan, Leandro Paredes esa Eric García bilan keskin tortishuvga kirishdi. Paredes yana bir bor ziddiyat markazida paydo bo‘lib, bu safar Gavi bilan yuzma-yuz keldi. Finaldagi dramatik kurash tugagan, lekin asablar hanuz tarang edi.

De la Fuente o‘sha paytda bo‘layotgan voqealarni to‘liq ko‘rmaganini tan oldi.

“Men o‘sha zahoti anglamadim, — dedi u ispanchaga bergan intervyusida. — Men bayram qilayotgan, jamoadoshlarimni quchoqlayotgan edim. Lekin baribir bunday xatti-harakatlar chidab bo‘lmaydigan, qabul qilib bo‘lmaydigan narsalar. Bunga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi”.

Murabbiy raqib futbolchilarining darajasiga urg‘u berdi, lekin bu ularning harakatini oqlamasligini keskin ta’kidladi.

“Bunday darajadagi futbolchilar, men o‘yindan oldingi kunlarda maqtagan va hozir ham maqtaydigan yigitlar. Ular ajoyib futbolchilar, ularda zo‘r murabbiy bor. Shunday bo‘la turib, o‘sha reaksiyalarni ko‘rib, o‘zlarini biz ko‘rgandek yomon his qilishganiga ishonaman”, — dedi De la Fuente.

Uningcha, bu “tajovuzkor harakatlar” va “provosatsiyalar” biroz boshqacha davom etsa, maydondagi ziddiyat ancha jiddiy to‘qnashuvga aylanib ketishi mumkin edi. Bosim, charchoq, finalning ulkan mas’uliyati — hammasi bir nuqtaga jamlangan pallada bir uchqun kifoya qiladi.

De la Fuente esa aynan shu uchqunni o‘z jamoasi nazorat ostida ushlay olganidan faxrlanadi. U Ispaniya futbolchilarining o‘zini tutishini alohida e’tirof etdi, ularni “namunali” deb atadi va sovrinli kechani maydondan tashqaridagi mojaro emas, kubok ko‘tarilgan lahza belgilab qolganini eslatdi.

Jahon chempionligi qo‘lga kiritildi. Ammo New York New Jersey Stadiumdagi bu keskin epizod, Ispaniya va Argentina o‘rtasidagi keyingi yirik sahnadagi uchrashuvga qanday kayfiyat olib kiradi?