Liverpoolning Salahdan keyingi rejasi: Diomande uchun poyga
“Liverpool” Mohamed Salah davrini ortda qoldirdi. To‘qqiz yil davomida “Anfield”ni yoritgan misrlik yulduz ketdi, uning o‘rnini esa endi atigi 19 yoshli, lekin allaqachon Yevropa bozorini larzaga solgan qanot futbolchisi – Yan Diomande egallashi kutilmoqda. Klub ichkarisida aynan shu ism birinchi raqamli maqsadga aylangan.
Bu esa oddiy transfer emas. Bu Salahdan keyingi yo‘lni belgilab beradigan qaror.
100 millionlik rad javobi va “Leipzig”ning qat’iy pozitsiyasi
“Liverpool” allaqachon birinchi zarbasini berdi. Paket qiymati 100 million yevro atrofida bo‘lgan taklif “RB Leipzig” stoliga qo‘ndi – va tez orada rad javobini oldi. Ichki manbalarga ko‘ra, nemis klubi Bundesliga tarixidagi rekorddan ham yuqori summa kelmasa, Diomandeni qo‘yib yuborishni o‘ylamayapti.
Philipp Hinze bu kayfiyatni aniq ifodalab berdi:
“Leipzig” taklifni rad etdi, aniq narx belgilamadi. Klub ichida kamida yana bir mavsum futbolchini ushlab qolish istagi kuchli. Faqat 100 million yevrodan ancha yuqori taklif ularning fikrini o‘zgartirishi mumkin”.
Mantiq oddiy: hech qanday release clause yo‘q, bozor qiymati o‘sib boryapti, 19 yosh, uzoq muddatli shartnoma. Oson o‘lja emas. Shuning uchun narx osmonga chiqarilgan.
Shunga qaramay, “Liverpool” chekinmayapti. FSG ikkinchi, yanada kattaroq taklifni shu hafta ichida jo‘natishga tayyorlanmoqda. Bu safar konvert ichida raqamlar boshqacha bo‘ladi.
Romano: “Hamma pulni gapiryapti, lekin kalit – futbolchining o‘zi”
Odatda sarlavhalarda faqat summalar aylanadi: “yangi taklif”, “rekord summa”, “keyingi zarba”. Fabrizio Romano esa e’tiborni boshqa tomonga burdi – futbolchining o‘zi nima xohlaydi?
U “Blood N Red” podkastida shunday dedi: omma e’tiboridan chetda qolayotgan jihat – bu Diomandening pozitsiyasi. Uning ta’kidlashicha, “Liverpool” futbolchini o‘z tomoniga og‘dirish bo‘yicha sahna ortida juda agressiv ishlayapti. Maqsad bitta: Diomandenning o‘zi “Leipzig”ga borib, “meni ‘Liverpool’ga qo‘yib yuboring” deyishi.
Klub atrofidagi manbalar ham bu yo‘nalishdagi harakatlarni tasdiqlaydi. Yana o‘tgan yil dekabridayoq “Anfield” vakillari Diomandening atrofidagi odamlar bilan deyarli har kuni aloqada bo‘lgani aytilgan. Reja aniq: yozda bitimni yopish.
Romano qayta tasdiqladi: “Liverpool” muzokara stoliga yana qaytadi. Ular futbolchi tomonini to‘liq o‘ziga og‘dirish uchun moliyaviy taklifni maksimal darajada jozibador qilishga urinmoqda.
PSG ortga chekinadi, bozor “Liverpool”ga ochiladimi?
So‘nggi 24 soat ichida “Liverpool” uchun bitta muhim eshik ochilgandek bo‘ldi. Diomandega qiziqayotgan asosiy raqib – PSG – uning narxi haddan tashqari oshib borayotganidan xavotir olib, poygadan chiqib ketgani haqida xabarlar tarqaldi.
Agar bu chindan ham shunday bo‘lsa, bozor deyarli to‘liq “Liverpool” qo‘liga o‘tadi. Raqobatsiz muzokara esa – bu boshqa bosqich.
Ammo “Leipzig” buni biladi. Ular ham shoshilmayapti, ham yon bermayapti. Klub ichida futbolchining maoshini oshirish va shartnomani moslashtirish bo‘yicha suhbatlar allaqachon boshlangan. Yevropa Chempionlar Ligasi mavsumi oldidan Diomandega katta rol, katta maosh va keyingi yozda erkinroq qaror qilish va’dasi berilmoqda.
Yosh yulduz uchun tanlov qattiq: hozir “Anfield”ning bosimi ostida o‘tishmi yoki “Leipzig” bilan Chempionlar Ligasi mavsumini o‘ynab, keyin yanada kattaroq bozorga chiqishmi?
“Liverpool”ning rejasi: 100 milliondan yuqori zarba
Bir narsa aniq: “Liverpool” bu transferni oddiy urinish sifatida ko‘rmayapti. Romano ma’lumotiga ko‘ra, klub ikkinchi taklifni 100 million yevrodan yuqori qilib tayyorlamoqda. Bu – nafaqat rekord, balki pozitsiya bayonoti.
“Liverpool juda agressiv bo‘ladi. Ular 100 million yevrodan ko‘proq taklif qilishadi”, – deya ta’kidladi Romano.
Klub hozir ikki frontda ishlayapti: “Leipzig”ni raqamlar bilan, Diomandeni esa shaxsiy shartlar va sport loyihasi bilan ishontirish. Shartnoma, maosh, rol, Salahdan keyingi markaziy figura bo‘lish imkoniyati – hammasi stol ustida.
“Leipzig” esa o‘z pozitsiyasida qat’iy: Diomandeni ushlab qolish – ular uchun strategik qaror. Katta maosh, yangi shartnoma, Chempionlar Ligasi. Keyingi yozda esa futbolchi istaganini tanlashi mumkin. Aynan shunday reja ichkarida muhokama qilinmoqda.
Reja B: Bradley Barcola va kutilayotgan katta chiqish
Bunday hajmdagi transferda faqat bitta variantga yopishib olish – xavfli o‘yin. “Liverpool” buni tushunadi. Shuning uchun klub Diomande bilan parallel ravishda boshqa nomlarni ham kuzatib bormoqda.
Shu nuqtada PSG hujumchisi Bradley Barcola sahnaga chiqadi. Romano ma’lumotiga ko‘ra, “Liverpool” bu futbolchiga nisbatan “muhabbat”ini yashirmayapti. Agar Diomande bo‘yicha muzokaralar to‘siqqa uchrasa, Barcola tezda asosiy maqsadga aylanishi mumkin.
Bitta narsa esa deyarli aniq: agar Diomande yoki Barcola keladigan bo‘lsa, “Anfield”dan yuqori darajadagi bir hujumchi ketadi. Tottenham Hotspur allaqachon “Liverpool” hujumchisi uchun besh yillik, katta maoshli shartnomani tayyorlab qo‘ygani haqida xabarlar bor. Bu domino effektini tezlashtirishi mumkin.
Salahdan keyingi davr allaqachon boshlandi. Endi savol bitta: “Liverpool” uni Diomande bilan ochadimi yoki boshqa ism bilan?


