Sport Maydon logo

Liverpoolning o'ng qanot bo‘yicha rejalari: Sarr va Mbaye

Mohamed Salah davridan keyingi hayotga tayyorgarlik ko‘rayotgan Liverpool o‘ng qanot bo‘yicha rejalarini keskin burib yubordi. Brighton hujumchisi Yankuba Minteh bo‘yicha kelishuv deyarli pishib yetgandek ko‘ringan edi, lekin narx keskin oshishi Anfield tomonini to‘xtashga majbur qildi.

Klub uzoq muddatdan beri kuzatib kelayotgan Minteh uchun dastlab 50 million funtlik taklif yubordi. Brighton rad etdi. Shundan so‘ng taklif 60 milliongacha ko‘tarildi. Kutilgan ssenariy oddiy edi: 70 million atrofida kelishuv, tezkor yakun va yangi o‘ng qanotchi.

Ammo yangi muzokaralarda Brighton 80 million funt talab qilgani bilan hammasi o‘zgardi. Fabrizio Romano va Ben Jacobs kabi bir nechta manbalarga ko‘ra, Liverpool shu zahotiyoq qiziqishini “sovutdi” va Minteh bo‘yicha rejalarni chetga surib, boshqa nomlarga o‘tdi.

Endi klubning asosiy yo‘nalishi – Bradley Barcola bilan birga ikkinchi qanotchi topish. Shu bosqichda ikki ism oldinga chiqib kelyapti: Crystal Palace hujumchisi Ismaila Sarr va Paris Saint-Germain yosh iqtidor egasi Ibrahim Mbaye.

Sarr: Liverpoolning eski dardi, yangi yechimi?

Turkiyalik jurnalist Nevzat Dindar ma’lumotiga ko‘ra, Liverpool hozirda Ismaila Sarr bilan jiddiy qiziqmoqda. Bu esa Galatasaray bilan bo‘ladigan ehtimoliy transfer jangiga zamin yaratadi.

Dindar shunday deya ta’kidlagan: Sarr hujum chizig‘ining bir nechta pozitsiyasida o‘ynay olishi sababli Galatasaray bosh murabbiyi Okan Buruk uni juda xohlaydi. Istanbul klubi bu transferga nihoyatda jiddiy yondashgan, Crystal Palace esa futbolchini qo‘yib yuborishga unchalik ham tayyor emas.

Eng muhim nuqta – o‘yinchining o‘zi. Sarr ketishni istayotgani, shu boisdan ham oxirgi o‘yin uchun qaydnomaga kiritilmagani aytilmoqda. Shu bilan birga, Senegal terma jamoasi a’zosiga Liverpoolning ham qiziqayotgani qayd etilgan.

Manchester United ham chetda turgani yo‘q. Biz yakshanba kuni bergan ma’lumotlarga ko‘ra, Old Trafford klubi Sarr atrofidagi vaziyatni diqqat bilan kuzatmoqda, Galatasaray esa Crystal Palace bilan kelishuvni yorib o‘tishga urinmoqda.

Moliyaviy tafsilotlar bu yerda ham oson emas: Palace Sarr uchun kamida 50 million funt talab qilmoqda, Galatasaray esa 30–43 million oralig‘ida bitim qilishni maqsad qilgan. Bozor keskin, pozitsiyalar uzoq, lekin futbolchining o‘zi chiqishni xohlayotgani muzokaralarga qo‘shimcha bosim qo‘shmoqda.

Liverpool muxlislari uchun esa Sarr allaqachon tanish og‘riq. U Watford va keyinchalik Crystal Palace safida maydonga tushgan 10 o‘yinda Liverpool darvozasiga 7 ta gol urib, 2 ta golli uzatma bergan. Anfield tomoni uchun bu raqamlar aniq signal: agar uni to‘xtata olmasang, uni yoningga olib kel.

Mbaye: kelishilgan shartnoma, ammo og‘ir narx

Liverpool uchun yana bir yo‘l – PSG futbolchisi Ibrahim Mbaye. Klub allaqachon 18 yoshli hujumchi bilan besh yillik shaxsiy shartnoma bo‘yicha kelishuvga erishgan, Parij klubi bilan ham dastlabki suhbatlar bo‘ylib o‘tgan.

Muammo – narxda. PSG ichida talablar bo‘yicha aniq raqam hali qotib qolmagandek: ayrim manbalar 43 million funt atrofida gap ketayotganini aytsa, boshqalar 60 milliongacha ko‘tarilganini ta’kidlayapti. Yosh, salohiyat, Parijning moliyaviy pozitsiyasi – barchasi narxni yuqoriga tortmoqda.

Ben Jacobs haftaning o‘rtasida Minteh va Mbaye bo‘yicha vaziyatni sharhlar ekan, Liverpoolning ichki muhokamalari haqida ham ma’lumot berdi. Uning aytishicha, klub dam olish kunlari Brighton bilan yana muloqot qilgan, hatto uchinchi taklif masalasini bugun hal qilish rejalashtirilgan edi.

Brighton manbalari: 70 million funt – bitimni yopadigan summa, deya turibdi. Liverpool esa ichkarida 65 million atrofidagi taklifni ko‘rib chiqqan, ammo agar uchinchi marotaba taklif yuborilsa, bu deyarli “oxirgi urinish” bo‘lishi kutilayotgani aytilmoqda. Sabab oddiy: qo‘l ostida Minteh bilan deyarli bir xil narxda turgan boshqa variant – Ibrahim Mbaye.

Jacobs ma’lumotiga ko‘ra, PSG Mbaye uchun 70 million yevro (taxminan 59,8 million funt) so‘ramoqda. Bu esa Minteh bilan deyarli bir xil daraja. Demak, Liverpool hozir ikki o‘ng qanotchi orasida tanlov qilmoqda, ikkalasining ham narxi bir xil toifada.

Shu fonida asosiy chiziq aniq ko‘rinib turibdi: Anfieldda “Barcola plus yana bittasi” rejasi ustuvor. Endi savol bitta – bu “yana bittasi” bo‘lib Sarrmi keladi, Mbaye keladimi yoki bozor yana bir kutilmagan nomni sahnaga olib chiqadimi?

Pinco Avto Omad — 12 ta avto uchun sovrinli o‘yinga qo‘shil