Liam Delap: Como transferida bir yil yetarli bo‘ldimi?
Yozgi oynaning oxirgi ikki haftasiga kirib kelar ekan, hamma nigohlar Enzo Fernandez va uning ehtimoliy *Man City* safariga qadalgan edi. Ammo bozor bunday tinch o‘tmaydi. Kutilmaganda yana bir nom paydo bo‘ldi – Liam Delap.
Fabrizio Romano ma’lumotiga ko‘ra, *Como* Delap bo‘yicha dastlabki qadamni allaqachon tashlagan. Italiyaning yangi ko‘tarilayotgan kuchi, yaqindagina *Chelsea*dan Trevoh Chalobahni olib, endi hujum chizig‘ini ham “ko‘k”lar hisobidan mustahkamlashga urinmoqda.
Bir yil, bir sinov, bir xulosa
Delap *Chelsea* safida atigi bir yil o‘tkazdi. Ammo bu yil murakkab, deyarli hamma uchun tushunarli bo‘lgan darajada og‘ir kechdi. Birinchi mavsum – deyarli muvaffaqiyatsiz. Shu boisdan ham hozirgi manzara aniq: tomonlar ajralishdan yomonroq variantni ko‘rmayapti.
Uning shartnomasi uzoq muddatga mo‘ljallangan, lekin obro‘si keskin tushgan paytda, doimiy transfer topish oson emas. Shunday fon ostida *Como*ning qiziqishi Delap uchun ham, *Chelsea* uchun ham nafas rostlashdek tuyuladi.
Cesc Fabregas rejasi va vaqt bilan poyga
Romano xabariga ko‘ra, Delap Cesc Fabregas boshqarayotgan jamoa ro‘yxatida yuqori o‘rinlardan birini egallab turibdi. “Qisqa ro‘yxat”da baland baholangan hujumchi, Italiya klubi uchun asosiy nishonlardan biri.
Eng muhim omil – vaqt. Transfer oynasining yopilishiga atigi ikki hafta qoldi, *Como* esa hujumchi izlashda ortga surish imkoniga ega emas. Dastlabki murojaat allaqachon amalga oshirilgani shuni ko‘rsatadi: ular Delap bo‘yicha faqat kuzatish emas, harakat bosqichiga o‘tgan.
Sotishmi yoki ijarami?
Hozircha muzokaralarda aniq format tilga olinmagan. Gap ijarami yoki to‘liq transfermi – bu ochiq savol bo‘lib qolmoqda. *Chelsea* uchun bu ham oddiy masala emas: xorijiy ijaralar soni cheklangan, har bir “slot” qimmat. Klub buni yaxshi biladi.
Shu bilan birga, Delapning uzoq muddatli shartnomasi va hozirgi bozordagi mavqei hisobga olinsa, ijaraga berish varianti hamon real ko‘rinadi. Klub uning qiymatini butunlay yo‘qotib qo‘ymaslikni istaydi, futbolchining o‘zi esa muntazam o‘yin amaliyotiga muhtoj.
*Como* esa vaqt bilan raqobatda. Savol endi bitta: Cesc Fabregas jamoasi bu imkoniyatni yakuniy zarbaga aylantira oladimi yoki Delapning “ikkinchi start”i boshqa manzilda yoziladimi?



