Lego yangi ‘jangovar’ minikartlari bilan Silverstone’ga kelmoqda
Silverstone yakshanba kuni odatdagi haydovchilar paradi bilan emas, bolalik xotiralarini eslatuvchi, lekin kattalar uchun mo‘ljallangan shovqin-suron bilan ochiladi. Bunga sabab – Lego’ning yangi “minicars” loyihasi.
O‘tgan yili Miami Grand Prix oldidan o‘tkazilgan haydovchilar paradi hamon esda: 10 ta haqiqiy o‘lchamdagi Lego F1 mashinalari, kulgidan bukilib qolgan poygachilar va trek bo‘ylab sochilib ketgan g‘ishtlar. O‘sha tomosha shu qadar mashhur bo‘lganki, Lego bu safar Britaniya Grand Prix oldidan darajani oshirishga qaror qildi.
Bu safar yondashuv boshqacha. Katta, ikki o‘rinli bolidlar o‘rniga – 22 ta alohida minikart. Har bir haydovchiga bittadan. Har biri elektr dvigatelga ega, plastik bamperlar va xavfsizlik kamarlariga o‘xshash roll-hoop bilan jihozlangan. Qisqasi, bu safar Lego bolidlari shunchaki ko‘rgazma uchun emas, “jang” uchun qurilgan.
Lego bosh dizayneri Jonathan Jurion ESPN bilan suhbatda buni yashirmadi: Miami tajribasi juda ko‘p narsani o‘rgatgan.
“Miami’da juda ko‘p saboq oldik. Eng asosiysi – mashinalar baribir sindiriladi”, – deydi u. “Shuning uchun bu safar kartlarni imkon qadar xavfsiz qildik. Roll-hoop qo‘shdik, atrofini bamperlar bilan o‘radik, o‘tgan safargidek shuncha g‘isht yo‘qotmaslikka harakat qildik. Eng muhimi, haydovchilarning o‘zini ham himoya qilish”.
Har bir minikart ortida ulkan mehnat yotibdi. Lego’ning Chexiyadagi Kladno shahridagi zavodida 20 nafar dizayner, muhandis va quruvchi har bir mashina ustida alohida ishlagan. Bitta kartga 28 300 dan ortiq g‘isht ketgan. Ular maxsus po‘lat karkas ustiga joylashtirilgan, tashqi ko‘rinish esa F1’ning 11 ta jamoasi liberyalari va logotiplarini aniq aks ettiradi.
Umumiy hisobda 22 ta minikartni yaratish uchun 6 400 soat sarflangan. Yakuniy og‘irlik? 280 kilogramm. Shundan 65 kilogrammi – sof Lego g‘ishtlari.
Tezlik ham oshgan. Miami’dagi yirik Lego bolidlari soatiga 13 mil atrofida yurishga qodir edi. Silverstone uchun tayyorlangan yangi minikartlar esa 18 milga yaqin maksimal tezlikka chiqadi. Raqamlar Formula 1 standartlari bilan solishtirganda kulgili ko‘rinishi mumkin, ammo haydovchilarning xarakterini bilgan muxlislar uchun bu yetarli tezlik. Ayniqsa, o‘tgan safargi “talofat izlari”ni eslasak.
Jurion va uning jamoasi aynan shunga tayyorlanib, baribir tomosha ommaga yoqishini kutyapti.
“Haydovchilarning Miami’dagi paradni qanchalik yoqtirganini ko‘rdik”, – deydi u. “Ularning reaksiyalarini kuzatdik, muxlislar fikrini yig‘dik. Natijadan juda xursand bo‘ldik. Bu safar ham boshqacha bo‘lib qolmaydi, degan umiddamiz”.
Haydovchilar paradi yakshanba kuni Silverstone’da mahalliy vaqt bilan soat 13:00 da boshlanadi va F1’ning rasmiy YouTube kanali orqali jonli efirda namoyish etiladi.
Qolganini esa poygachilar hal qiladi: Lego g‘ishtlari bu safar ham trek bo‘ylab sochilib ketadimi yoki yangi “jangovar” minikartlar sinovdan omon o‘tadimi?


