Sport Maydon logo
Max Verstappen and George Russell during press conference

Las-Vegasdagi tun: Verstappen g‘alabasi, McLaren zarbasi va Antonelli dramasi

Max Verstappen Las-Vegas shovqin-suroni ichida mavsumdagi to‘rtinchi g‘alabasini tortib oldi. Qizil chiroqlar o‘chgandan to chek-flaggacha bosim ostida qoldi, hujum qilindi, o‘rin boy berdi, yana qayta hujum qildi – baribir chiziqdan birinchi bo‘lib o‘tdi. Bu safar nafaqat tezligi, balki musobaqani ichidan “o‘qib” olish qobiliyati ish berdi.

Pole pozitsiyasini Kimi Antonelli jazosi tufayli “meros” qilib oldi, lekin qolgan hammasi – o‘z qo‘l mehnati. Red Bull ichida energiya taqsimotini o‘zi sinchiklab sozladi, raqiblar to‘lqin-to‘lqin bo‘lib kelgan paytda ham xotirjamlikni yo‘qotmadi. 10/10 bahoga munosib, faoliyatidagi eng nafis g‘alabalardan biri.

McLaren zarbasi: Norris va Piastri sahnada

Lando Norris Las-Vegas kechasini deyarli chippakka chiqarib yuborishi mumkin edi. Poyganing dastlabki betartib bo‘limida 11-o‘ringa tushib ketdi, yo‘llar tiqilib qoldi, ritm buzildi. Lekin u qaytdi. Tempi bor edi, ishonchi ham. Bir-bir ortidan raqiblarni yeb borib, oxir-oqibat Verstappen ortidan ikkinchi bo‘lib keldi – atigi bir soniyaga yetmaydigan farq bilan. 9/10 – bu faqat natija emas, xarakter bahosi.

Oscar Piastri esa Las-Vegasda deyarli mukammal poyga olib bordi. Saralashda yettinchi, lekin dvigatel jazosi uni 17-o‘rindan start olishga majbur qildi. Shunga qaramay, 14 ta o‘rin yutib, podiumga ko‘tarildi. Oxirgi daqiqalarda Antonelli ustidan Norris bilan birga zarba berdi. 9.5/10 – bu poyganing eng yorqin haydovchilaridan biri edi.

Antonelli: tezlik bor, og‘riqli yakun ham

Kimi Antonelli bu hafta oxirining eng tez odami bo‘ldi. Saralashda hammadan ustun, lekin dvigatel jazosi uni oltinchi startga tushirdi. Shunga qaramay, g‘alaba uchun real da’vogar bo‘lib qoldi. Verstappen bilan duel – alohida hikoya. Jasur himoya, aqlli hujumlar, Mercedes balansini chegarada ushlab turish.

Hammasini oxirgi doira buzdi. Energiya taqsimoti bilan bog‘liq muammo uning mashinasini bo‘g‘ib qo‘ydi, ikki o‘rindan ayrildi. Baribir Pierre Gaslyni qaytib quvib o‘tib, to‘rtinchi bo‘lib keldi. 9.5/10 – natijadan ko‘ra, ko‘rsatgan tezligi va jangovar ruhi uchun.

Alpine uyg‘onishi: Gasly va Colapinto

Pierre Gasly uchun bu hafta oxiri – Alpine mavsumidagi eng yorqin bo‘lim. Q3 ga chiqdi, poygada yetakchi guruhdan uzilmadi, chek-flagga kelganda g‘alabadan uch soniyadan kam orqada bo‘ldi. 9/10 – bu nafaqat natija, balki barqarorlik mukofoti.

Franco Colapinto ham Alpine uchun katta ish qildi. Saralashda ilk o‘nlik ichida, poygada esa atrofidagi betartiblikdan chetda qolib, o‘z maromini ushladi. Startdagi to‘qqizinchi o‘rinni oltinchiga aylantirdi. 8.5/10 – yosh haydovchi uchun juda pishiq hafta.

Hamilton va Ferrari ichidagi zarbalar

Lewis Hamilton uchun Las-Vegas – chalkash, ammo taslim bo‘lmagan hafta bo‘ldi. Q3 ga chiqolmagani alamli, Norrisni trassadan tashqarida o‘tib ketgani uchun olingan 10 soniyalik jazo esa bahsli qaror bo‘lib qoldi. Ustiga-ustak, Ferrari jamoadoshi Charles Leclerc uni aylantirib yubordi. Shunga qaramay, Hamilton qayta tiklanib, yettinchi o‘rinni oldi. 6.5/10 – notekis, ammo kurashga boy chiqish.

Carlos Sainz esa 20-o‘rindan boshlagan poygani Williams uchun mavsumdagi eng yaxshi natijalardan biriga aylantirdi. Dvigatel jazosi uni chuqurga tashladi, lekin u 12 ta o‘rin yutdi, oxirgi chiziqda George Russellni ham “tishlab” olib, sakkizinchi bo‘ldi. 8.5/10 – haqiqiy qaytish darsi.

Charles Leclerc uchun esa bu hafta oxiri deyarli boshidan oxirigacha asabiylik bo‘ldi. Ferrari saralashda qiynaldi, u 11-o‘rindan start oldi, poygada esa oltinchi bo‘lib kelgandek tuyuldi. Lekin Hamiltonni aylantirgani uchun 10 soniyalik jazo – va natijada o‘ninchi o‘rin. 5/10 – tezlik paydo bo‘lgan lahzalar bo‘ldi, lekin xatolar ham ko‘p.

Russellning qulashi

George Russell Las-Vegasni deyarli mukammal o‘tkazayotgandi. Ikkinchi va yakuniy mashg‘ulotlarda eng tezkor, saralashda uchinchi. Poyganing katta qismini Verstappen bilan yelkama-yelka olib bordi, g‘alaba uchun kurashdi.

Ammo ikki doira yetmay qoldi. Kimi Antonelliga hujum paytida blokirovka, devorga zarba – va barcha mehnat havoga uchdi. Oxirida to‘qqizinchi o‘rin, 6.5/10 – 48 doira davomida a’lo, oxirida esa juda qimmatga tushgan xato.

O‘rta peloton jangi: Audi, Haas va boshqalar

Nico Hulkenberg yana bir barqaror, ammo mukofotsiz hafta o‘tkazdi. Audi ichida ham saralashda, ham poygada yetakchi bo‘ldi, o‘rta peloton ichida ko‘p jang qildi, lekin yakunda 11-o‘rindan yuqoriga chiqa olmadi. 6.5/10 – ishonchli, ammo yetarlicha keskin emas.

Gabriel Bortoleto ham shunga o‘xshash ssenariyni boshdan kechirdi, faqat biroz ortda. 13-o‘rindan start, 12-o‘rinda finish va Haas haydovchisi Oliver Bearmanni chiziqqacha arang ushlab qolish. 6/10.

Oliver Bearman esa Las-Vegasda o‘zini ko‘rsatdi. Dvigatel jazolari uni oxirgi o‘ringa uloqtirdi, lekin u to‘qqiz pog‘onaga ko‘tarildi, ikkala Audi bilan ham keskin jang qildi va Bortoletodan atigi ikki o‘ndan ortda keldi. 7.5/10 – poygani o‘zgartirib yuboradigan darajada qat’iyat.

Liam Lawson uchun hamma narsa yaxshi boshlangandi: saralashda sakkizinchi. Lekin yoqilg‘i sizib chiqishi uni pit-leyndan start olishga majbur qildi, bu esa poygani deyarli buzib qo‘ydi. Shunday bo‘lsa-da, u 15-o‘ringa qadar ko‘tarildi. 7.5/10 – sharoitni hisobga olganda, yomon emas.

Isack Hadjar natija jadvalida pastda ko‘rinsa-da, hikoya butunlay boshqacha. U beshinchi bo‘lib saralashdan o‘tdi, to‘rtinchi bo‘lib start oldi va yetakchilar orasida jang qildi. Xavfsizlik mashinasidan keyingi zarbali bo‘laklarda oldingi qanot Red Bull uchun yomon joyda buzildi – katta natija uchun tezlik bor edi, ammo texnika xiyonat qildi. Ustiga-ustak, xavfsizlik mashinasi davrida Russellni ushlab qolib, sekin yuragani uchun 10 soniyalik jazo oldi va poygadan keyin yana bir o‘rin yo‘qotdi. 8.5/10 – tezlik bor, omad yo‘q.

Rafael Camara Haas bilan atigi ikkinchi Gran-prisini o‘tkazdi, lekin o‘zini yo‘qotmadi. Q2 ni ozgina qo‘ldan chiqardi, poygada barqaror yurdi, Sergio Perez bilan to‘qnashuvda aylantirilib ketdi, xavfsizlik mashinasidan keyin oxiridan qayta ko‘tarilib, 16-o‘ringa yetib keldi. 6.5/10 – ikkinchi poyga uchun munosib.

Aston Martin va Cadillac soyada

Lance Stroll uchun bu ham navbatdagi og‘ir hafta bo‘ldi. 20-o‘rinda saralash, dvigatel jazosi bilan yanada ortga tushish, poygada esa deyarli hech qanday siljish yo‘q. 4.5/10 – ritm topilmadi.

Valtteri Bottas Cadillac bilan yana bir bor tezlik yetishmovchiligini his qildi. Orqadan start, o‘rta pelotonga tahdid qiladigan temp yo‘q. Yaxshisi – Aston Martin bilan kurashda qolishi va so‘nggi poygalardagi ketma-ket chiqib ketishlardan so‘ng nihoyat chek-flagga yetib kelgani. 5/10.

Fernando Alonso uchun esa bu hafta oxiri deyarli umidsiz o‘tdi. Aston Martin butun hafta davomida raqobatbardek ko‘rinmadi. 19-o‘rinlik saralash, poygada orqa qatorlarda sargardon yurish va kechki chiqib ketish. 4.5/10.

Yo‘qolgan imkoniyatlar: Lindblad, Perez va Albon

Arvid Lindblad va uning Racing Bulls jamoasi uchun bu poyga katta imkoniyat edi. Saralashda oltinchi, startda beshinchi – yosh britan haydovchi uchun ajoyib platforma. Xavfsizlik mashinasi chiqqan paytda u hanuz yetakchi poyezdda edi. Lekin shinalarni isitaman deb xavfsizlik mashinasi ortida aylanish – va keyingi chiqib ketish. Qimmatga tushgan, asossiz xato. 5.5/10.

Sergio Perez 18-o‘rindan start olsa-da, poygada ancha yaxshiroq temp ko‘rsatdi, oldinga qarab harakatlana boshladi. Lekin Camara bilan to‘qnashuv uning kunini erta yakunladi. 5.5/10 – imkoniyatlar bor edi, lekin poyga tugamadi.

Alex Albon esa poygani hatto boshlay olmadi. 16-o‘rinlik saralashdan so‘ng 14-o‘rindan start olishi kerak edi, ammo startga chiqish davrida orqa tormozlarning qizib ketishi mashinani jarohatladi va Williams uni poygaga chiqarolmadi. 5.5/10 – hafta oxiri shunchaki yo‘q bo‘ldi.

Las-Vegas shovqinlari so‘nayotganda, Verstappen yana bir bor tepadan qarab turibdi. Orqasida esa ochko emas, balki imkoniyatlarni sanayotgan raqiblar saf tortgan: Antonelli tezligi, McLarenning ikki tomonlama zarbasi, Alpine uyg‘onishi. Savol endi bitta: keyingi bekatda kim bu bosimni haqiqatan ham sindira oladi?

Pinco Avto Omad — 12 ta avto uchun sovrinli o‘yinga qo‘shil