Sport Maydon logo

Lando Norris: Haqiqiy Kuch va Psixologik Chidamlilik

Formula 1 paddokida Lando Norris haqida gap ketganda, ko‘pincha uning yoshlikdagi imkoniyatlari, homiylari va yaxshi moliyalashtirilgan junior karerasi tilga olinadi. Biroq sobiq Formula 1 poyga muhandisi Rob Smedley uchun bularning bari fon. Uningcha, hozirgi Lando’ni belgilab berayotgan narsa — psixologik chidamliligi va yetukligi.

Smedley “High Performance Racing” podkastida so‘zlar ekan, ayniqsa Spa-Francorchamps’dagi Belgiya Gran-prisidan keyngi kayfiyatni eslatdi. O‘sha hafta oxiri Norris 10 pog‘onali start jazosi bilan cheklangan, baribir poyga davomida yuqori sur’at ko‘rsatib, yakunda yettinchi bo‘lib marraga kelgan edi. Natija qog‘ozda unchalik hayratlanarli ko‘rinmasligi mumkin, lekin poyganing o‘zi boshqacha hikoya aytib turardi.

Oradan ko‘p o‘tmay, u bu tezlikni natijaga aylantirdi: Norris mavsumdagi ilk g‘alabasini Hungaroringda qo‘lga kiritdi. Shu bilan u nafaqat o‘ziga bo‘lgan bosimni yengdi, balki paddok ichida ham munosabatni o‘zgartira boshladi.

Smedley esa Lando atrofidagi shubhalarni yaxshi biladi:

“Paddok bo‘ylab yurganingizda, odamlar bilan gaplashsangiz, u biroz adolatsiz tanqidlarga uchrayotganini sezasiz. ‘Lando junior seriyalarda zo‘r bo‘lgan, chunki…’ degan gaplar ko‘p. Ha, uning yoshlik karerasi juda yaxshi ta’minlangan edi, hamma sharoit bor edi. Lekin baribir bu yerga kelib, ishni qilish kerak”, — deya ta’kidlaydi u.

Smedley bir nuqtaga alohida urg‘u beradi: pul va imkoniyatlarning o‘zi hech narsani kafolatlamaydi. “Lando Norris’dan ham ko‘proq mablag‘ sarflangan junior kareraga ega bo‘lgan haydovchilar ko‘p bo‘lgan, lekin ular Formula 1’da natija ko‘rsata olishmadi”, — deydi u.

Uning fikricha, asosiy tanqidlar tribuna yoki ijtimoiy tarmoqlardan emas, chekkada turib baho beradigan, lekin jamoa ichiga kira olmaydigan “periferiya” dagi odamlar tomonidan keladi. Haqiqiy bahoni esa ichkaridagilar beradi.

“Jamoa ichida bo‘lganlar, bu sport qanchalik qiyinligini, Lando Norris har haftada nimalar qilayotganini biladiganlar — ular orasida unga nisbatan faqat maqtov bor”, — deya davom etadi Smedley.

Uning ta’rifida hozirgi Norris — faqat tez haydovchi emas. “Yigit juda tez. Endi esa juda barqaror ham. Va eng qiziq tomoni, u Twitch’dagi chiqishlari, ijtimoiy tarmoqlardagi hazil-mutoyibalari bilan biroz sho‘x ko‘rinsa-da, aslida juda qattiq xarakterga ega”, — deydi u.

Smedley aynan shu ichki qat’iyatni ajratib ko‘rsatadi: o‘tgan yilgi bosim, xatolar, yo‘qolgan imkoniyatlardan keyin ham Norris ruhiy jihatdan bukilmadi. Aksincha, mustahkamlandi. “Uning ruhiy barqarorligi juda yuqori, buni o‘tgan yili ko‘rdik. U juda, juda baquvvat. Shuning uchun tarbiyasi, otasi Adam nima qilgani, qancha sarmoya kiritilgani — bularning hammasini chetga surib turing. Bu bolakay — haqiqiy kuch. Juda chidamli”, — deydi Smedley.

Hungaroringdagi g‘alabadan so‘ng Norris haydovchilar umumiy hisobida 128 ochko bilan beshinchi pog‘onaga ko‘tarildi. Uning oldida — atigi 10 ochko farq bilan Ferrari haydovchisi Charles Leclerc. Orqasida esa 19 ochko ortda qolayotgan Max Verstappen.

Shu fon’da savol o‘zi-o‘zidan tug‘iladi: agar bu “haqiqiy Lando” endi endigina ochilayotgan bo‘lsa, mavsumning qolgan qismida u chegarani qayergacha surib boradi?