Sport Maydon logo

Kylian Mbappe: Jahon chempionatidan keyingi qaytish

Kylian Mbappe uchun 2026 yilgi jahon chempionati achchiq yakunlandi. Fransiya yarim finalda bo‘lajak chempion Ispaniyaga yutqazdi, 0:2. Ularning to‘pni uzoq ushlab turishga qurilgan o‘yini qarshisida Mbappe va jamoadoshlari javob topa olmadi.

Shu bilan ham tugamadi. Uchinchi o‘rin uchun bahsda Angliyaga ham mag‘lubiyat. Yulduz hujumchi uchun mundial – maydonda ham, kayfiyatda ham og‘ir yakun.

Ammo Mbappe uzoq o‘tirmadi. U maydondan tashqarida tezda yangi sahna topdi.

EA FC 27 muqovasi va bitta qisqa jumla

Real Madrid hujumchisi EA FC 27 o‘yinining muqova yulduzi etib tanlandi. Rasmiy e’lon ortidan Mbappe ijtimoiy tarmoqlarda bitta jumla bilan shov-shuv ko‘tardi: “I’m back”.

Bu ibora futbol olamiga begona emas. U yaqinda boshqa bir superyulduz bilan bog‘langan edi.

Cristiano Ronaldo izidan

Jahon chempionatida Portugaliya sardori Cristiano Ronaldo ham o‘zi kutgan sahnani topa olmadi. Eng yorqin o‘yini guruh bosqichida, O‘zbekiston terma jamoasiga qarshi bo‘lib, u o‘sha uchrashuvda ikki marta gol urdi.

O‘yin tugagach, kameraga qarab aytilgan mashhur so‘zlar: “I’m back”. Keyingi bosqichlarda esa faqat bitta gol – u ham bo‘lsa penalti. Kutilgan qaytish sodir bo‘lmadi.

Endi esa xuddi shu ibora Mbappe postida paydo bo‘ldi. Kontekst boshqa – bu safar videoo‘yin muqovasi. Ammo futbol olami bu o‘xshashlikni darhol ilg‘adi.

Ijtimoiy tarmoqlarda portlash

Mbappe’ning “I’m back” yozuvi muxlislarni befarq qoldirmadi.

Biri shunday yozdi: “You know damn well what you’re doing, Kylian”. Boshqasi esa izoh qoldirdi: “Wow, the I’m back sounds familiar”.

Savollar ham ko‘paydi. “Men Mbappe Ronaldo’ni hurmat qiladi, deb eshitgandim, nega uni masxara qilyapti?” – deb yozdi yana bir muxlis.

Yana bir izohda shunday ta’kidlandi: “Bu gapni oxirgi bo‘lib aytgan odam ko‘z yosh bilan yakunlagan”. Boshqalar esa ochiqchasiga: “Mbappe mocking Ronaldo”, deya baho berdi.

Mbappe o‘z postida Cristiano Ronaldo ismini tilga olmadi. Lekin muxlislar uchun bu yetarli edi – ular buni 41 yoshli hujumchining jahon chempionatidagi omadsiz “qaytish” e’loniga nozik ishora sifatida qabul qildi.

Maydondan konsolga – va yana maydonga?

Bir necha kun avval jahon chempionatidan ko‘ngli qolgan, Ispaniya va Angliyaga qarshi o‘yinlarda kerakli javobni topa olmagan hujumchi endi boshqa frontda “qaytdi” – bu safar EA FC 27 muqovasida.

Uning “I’m back”i bu gal qanchalik mazmunli bo‘ladi? Javob endi Real Madrid libosida, haqiqiy maydonda beriladi.