Sport Maydon logo

Klopp ko‘zida Messi va Ronaldo: Abadiy duel

Jahon chempionati yana bir bor eski bahsni tiriltirdi. Maydonlarda yosh yulduzlar yugurmoqda, lekin turnirning eng yorqin sahnalarida baribir ikkita ism turibdi: Lionel Messi va Cristiano Ronaldo. Yoshi ulg‘aygan, ammo hanuz “GOAT” maqomi haqida bahsni o‘chirmayotgan ikki fenomen.

59 yoshli Jürgen Klopp turnirni tomoshabin sifatida kuzatayotgan bo‘lsa-da, uning ovozida oddiy muxlisning hayratidan ko‘ra ko‘proq narsa bor. U bu avlod bilan raqobatlashgan, ularni tayyorlagan, ularga qarshi tizimlar o‘ylab topgan murabbiy. Endi esa chetga chiqib, zavq bilan kuzatmoqda.

Ronaldo: tanqiddan rekordga

Portugaliya yulduzi bu mundialni xuddi eski dushmani bilan shaxsiy dueli kabi boshladi. Dastlabki o‘yin – og‘ir, tanqidlar – keskin. Ronaldo uchun bu yangilik emas, ammo bu safar yosh emas, 41 yoshli hujumchi haqida gap ketmoqda.

Shu fon ortidan kelgan javob esa o‘ziga xos bayonot bo‘ldi. O‘zbekiston ustidan 5:0 hisobidagi g‘alabada Ronaldo dubl qayd etdi va Jahon chempionatlari tarixida Portugaliya terma jamoasining eng yaxshi to‘purariga aylandi. Statistikada chizilgan chiziq emas, xarakterning navbatdagi isboti.

Klopp aynan shu nuqtaga urg‘u beradi: tanqiddan keyingi reaksiya. Uning ta’kidlashicha, birinchi o‘yindagi og‘ir baholardan so‘ng shunday javob qaytarish – bu oddiy professional reaktsiya emas, bu hali ham yonayotgan ichki olov. 41 yoshda ham muvaffaqiyatsizlikka befarq bo‘lmaslik, buni yurakdan o‘tkazish – Klopp uchun eng hayratlanarli jihat.

Uning nazarida, Ronaldo O‘zbekiston darvozasiga urgan gollari bilan nafaqat rekordni yangiladi, balki o‘zi haqidagi eski haqiqatni yana bir bor eslatdi: bu darajadagi futbolchi uchun shubha – yoqilg‘i, bosim esa motivatsiya.

Messi: sakkiz kilometrga sig‘gan daholik

Raqib qutbda esa boshqa turdagi daholik. Argentina – Avstriya uchrashuvida Messi o‘yinni yoritib yubordi. Hisob 2:0, lekin Kloppni hayratga solgan narsa raqamlar emas, Messi tanlagan yo‘l bo‘ldi.

U stadionda bo‘lib, Messi harakatini jonli ko‘rdi. Statistikada taxminan sakkiz kilometr yugurish ko‘rinadi. Ko‘pchilik uchun bu kam. Klopp uchun esa – mukammallikka yaqin masofa. Uning fikricha, Messi aynan shu sakkiz kilometrni eng muhim lahzalarga jamlaydi. Kerak bo‘lgan vaqtda, kerak bo‘lgan joyda paydo bo‘lish uchun.

Tashqaridan qaraganda Messi ko‘p “yurayotgandek” tuyuladi. Klopp buni boshqacha talqin qiladi: bu – maydonni skaner qilish. U o‘yinni ko‘pincha to‘pga emas, Messiga qarab tomosha qilganini aytadi. Qiziqishi bitta: to‘p boshqa tomonda bo‘lganida ham Messi nima qilmoqda?

Klopp tasvirlagan manzara shunday: Messi masofani o‘lchaydi, joylashuvni tekshiradi, o‘zini o‘ng qanotga, markazga, orqaroqqa qanday va qachon ko‘chirishni aniq biladi. Bu “yurish” emas, bu – eng yuqori darajadagi taktik hisob-kitob.

Avstriyaga qarshi o‘yinda uzoq vaqtgacha maydon “Messining o‘yini”ga o‘xshamagandek tuyuldi. Lekin hal qiluvchi lahzalarda sahnaga baribir u chiqdi. Birinchi gol – u shunchaki qila olgani uchun. Ikkinchi gol – u xohlagani uchun. So‘ng penaltidan foydalana olmadi. Aks holda, ikki o‘yindan so‘ng oltita gol haqida gapirayotgan bo‘lardik. Shunda bir Jahon chempionati Messining o‘lchovi uchun naqadar “kichik” bo‘lib tuyulishi mumkinligi yanada ravshanlashadi.

Zlatan Ibrahimovicning hazil-aralash taqqoslashi ham Kloppning so‘zlari orasida yangraydi: Messi – bitta mundialda beshta gol, Zlatan – ikki mundialda hamon nol. Ba’zan futbolni tushuntirish uchun shuncha gapning o‘zi kifoya.

“Bu avlodni ko‘rishning o‘zi baxt”

Klopp o‘zini ham bu davrning bir bo‘lagi sifatida his qiladi. U uchun Messi va Ronaldo bilan bir zamonda yashash – alohida imtiyoz. Ayniqsa, maydon chetidagi bir qisqa uchrashuvni eslar ekan, ohangi yanada yumshaydi.

Messi bilan chetda qisqa salomlashuv, tabriklovchilar safida turish – 59 yoshli murabbiy uchun hamon alohida lahza. U o‘zining boy murabbiylik yo‘lini bosib o‘tgan, yirik final va unvonlarni ko‘rgan. Lekin Messi yonidan o‘tgan paytdagi hissiyotini “mutlaqo boshqacha” deb ta’riflaydi.

Shu bilan birga, Klopp uchun yana bir uchrashuv ham muhim bo‘lgan – sobiq shogirdi Alexis Mac Allister bilan qisqa suhbat. Lekin baribir Messi paydo bo‘lganda hammasi boshqa fon olganini u yashirmaydi. Bu avlodning o‘zi – alohida sahifa. Va Klopp bundan chin dildan mamnun.

Nemislar va Undav: “Burun” bilan topilgan g‘alaba

Global yulduzlar soyasida Klopp nigohi baribir o‘z yurtiga qaytadi. Germaniya terma jamoasini diqqat bilan kuzatayotgan murabbiy, ayniqsa, Deniz Undavga alohida to‘xtaladi. VfB Stuttgart hujumchisi yaqinda Fil suyagi sohiliga qarshi o‘yinda bosh qahramonga aylangan edi.

Klopp uning o‘yinini aniq so‘z bilan ta’riflaydi: “darvoza hidini sezish”. Undav qaerda turishni, qachon yugurishni, qachon to‘xtashni juda yaxshi biladi. Texnikasi nafis, zarbasi – sovuqqon. Fil suyagi sohiliga qarshi urgan birinchi goli bunga yorqin misol: tashqaridan qaraganda, to‘pni 4–5 metr masofadan bo‘sh darvozaga “itargandek” ko‘rinadi. Aslida esa bu lahza texnik mukammallikni talab qilgan.

Shunga qaramay, Klopp Undavni darhol Julian Nagelsmann asosiy tarkibiga talab qilmaydi. Bu qarorni faqat murabbiy qabul qilishi kerakligini alohida urg‘ulaydi. Uningcha, Undavni boshqa hech kim bilan taqqoslash shart emas. U – o‘zi. Va aynan shunday qabul qilinganda, Germaniya terma jamoasi uni qo‘lga kiritganidan juda baxtli bo‘lishi mumkin.

Messi va Ronaldo hali ham sahnani bo‘lib olayotgan bir paytda, Kloppning bu so‘zlari yana bir savolni o‘rtaga tashlaydi: keyingi avlod bu cho‘qqiga qay darajada yaqinlasha oladi?