Klopp Germaniya terma jamoasi haqida: “Bu haqida gapirish vaqti emas”
Germaniya yana bir bor mundialdan erta uchib ketdi, ammo e’tibor darhol maydondan chetga – murabbiylar o‘rindig‘i va uning atrofidagi bo‘sh stullarga ko‘chdi. Ayniqsa bitta ism atrofida: Jürgen Klopp.
Paragvayga qarshi 4:3 hisobidagi penaltilar seriyasidagi mag‘lubiyat, “dortmundcha ruh”ni qaytarib, terma jamoani yana cho‘qqiga olib chiqishi mumkin bo‘lgan murabbiy haqidagi bahslarni yana alanglatdi. Ammo Kloppning o‘zi bu olovga sovuq suv sepdi.
“Bu to‘g‘ri lahza emas”
Hozirda Red Bull’ning global futbol bo‘yicha rahbari bo‘lib ishlayotgan sobiq Liverpool bosh murabbiyi MagentaTV efirida Germaniya terma jamoasini qabul qilib olish ehtimoli haqida savolga duch keldi. Bild keltirgan so‘zlarida u gapni qisqa qildi:
“Men bu haqida hali o‘ylamaganman. Murabbiy sifatida orzu chilparchin bo‘lgan vaziyatlarda ko‘p bo‘lganman. Odamlar milliy terma jamoa murabbiyi haqida gapirganda mening ismim tilga olinishi tabiiyligini tushunaman. Lekin bu haqida gapirish uchun to‘g‘ri lahza emas, ayniqsa men bilan emas”.
Klopp o‘zining hozirgi ishidan rostdan ham rohat olayotganini aytib, Germaniya terma jamoasi atrofidagi shov-shuvlardan o‘zini chetga oldi: “Menda juda yoqadigan ish bor. Va bilishimcha, bu yarim stavkali ish emas. Fakt shuki, Germaniya bugun musobaqadan chiqib ketdi, va bu mening kelajagim haqida o‘ylaydigan payt emas”.
Bu javob Klopp nomini milliy terma jamoa bilan bog‘layotgan muxlislar va ekspertlar uchun aniq signal bo‘ldi: hozir emas.
Penaltilar, VAR va yana bir yo‘qolgan imkoniyat
Germaniya turnirni guruh bosqichida birinchi o‘rinda yakunlagan bo‘lsa-da, bu safar ham pley-offda yiqildi. Ekvadorga qarshi uchinchi o‘yinda 2:1 hisobidagi mag‘lubiyat xavotir uyg‘otgan edi, ammo baribir guruhdan chiqishga yetdi. Boston shahridagi Paragvayga qarshi uchrashuv esa bu avlod uchun yana bir og‘riqli bob bo‘lib qoldi.
Julio Enciso hisobni ochdi. Kai Havertz javob goli bilan umidni qaytardi. O‘yin qo‘shimcha bo‘limlarga cho‘zildi, Jonathan Tahning bosh bilan urgan goli esa VAR tekshiruvdan so‘ng bekor qilindi – Germaniya uchun turnirlar taqdirini o‘zgartirib yuboradigan mayda epizodlar yana o‘z so‘zini aytgandek bo‘ldi.
Hammasi penaltilar seriyasiga borib taqaldi. Havertz va Nick Woltemade nuqtadan xato qilishdi. Paragvay safida Antonio Sanabria va Fabián Balbuena ham Germaniyani “kechirib yubordi”, ikkala marta ham g‘alaba zarbasini ura olishmadi. Ammo sudden death bosqichida Tah nishonga tegizolmadi, José Canale esa imkoniyatni qo‘ldan chiqarmadi. Nemislar tarixida jahon chempionatlaridagi ilk penaltilar mag‘lubiyati qayd etildi.
To‘rt karra jahon chempioni uchun bu oddiy statistik satr emas. Bu maqom, obro‘ va o‘zini o‘zi anglash masalasi.
Nagelsmann bosim ostida, lekin qochmoqchi emas
Mag‘lubiyatdan so‘ng Julian Nagelsmann atrofidagi bosim yanada kuchaydi. Ammo u matbuot anjumanida yonib turgan savolga – iste’foga – qat’iy javob berdi.
“Men qochib ketadiganlardan emasman. Bu birinchi marta emas, ancha vaqtdan beri turnirlarda shunaqa natijalarni berib kelyapmiz, va ha, albatta, ba’zi asosiy narsalar bor, lekin hozir ularga kirishni istamayman”, – dedi u.
U davom etdi: “Men bu yerda o‘tirib, ‘endi iste’fo beraman, chunki chiqib ketdik’, deydiganlardan emasman. Agar DFB mendan davom etishimni istasa, davom etaman, agar istamasa, buni menga aytishlari mumkin”.
Bu so‘zlar bilan Nagelsmann javobgarlikdan qochmasligini ko‘rsatdi, ammo qaror endi faqat uning qo‘lida emas. Endi navbat Germaniya futbol ittifoqiga o‘tadi.
Havertzning og‘ir kechasi
Maydonda esa yuzidagi ifoda hammasini aytib turgan futbolchi bor edi – Kai Havertz. Arsenal hujumchisi FIFA saytiga bergan intervyusida so‘z topishga qiynaldi.
“Biroz so‘zsiz qoldim. Bu mening ikkinchi jahon chempionatim va ikkala safar ham hech narsaga olib kelmadi. Faqat uzr so‘rashim mumkin. So‘nggi turnirlarda yomon futbol o‘ynamadik deb o‘ylayman, lekin doim nimadir yetishmadi. Bugun ham xuddi shunday bo‘ldi”, – dedi u.
Havertz fikrini yanada keskinroq tugatdi: “Biz o‘zimizni jiddiy tahlil qilishimiz kerak, ayniqsa futbolchilar. Bu yerda murabbiyni chetga qo‘yaman”.
Bu gaplar Germaniya kiyinish xonasidagi kayfiyatni aniq ifodalaydi: bu safar bahona yo‘q, nigohlar ko‘proq o‘yinchilarning o‘ziga qaratilgan.
Klopp – orzu, hozircha faqat orzu
Shu orada Klopp nomi Germaniya terma jamoasi bilan yana va yana yonma-yon tilga olinmoqda. U esa o‘zini masofada ushlab turibdi. Hozirgi lavozimi, kundalik ish hajmi va shaxsiy prinsiplaridan kelib chiqqan holda, bu chaqiriqni muhokama qilishni ham istamayapti.
Nemis futboli esa chorrahada turibdi. Nagelsmann qoladimi? DFB yo‘lni o‘zgartiradimi? Yoki bir kun kelib, Klopp uchun “to‘g‘ri lahza” baribir yetib keladimi?
Hozircha bitta narsa aniq: Germaniya endi penaltilar seriyasidan qo‘rqmaydigan jahon gigantlari qatorida emas. Endi bu maqomni qaytarish uchun nafaqat ism, balki butun tizim qayta qurilishga muhtoj.


