Sport Maydon logo

Kit Margetson: Manchester United uchun yangi umid

Ineos yozgi oynani Manchester United uchun qisqa muddatli shov-shuv emas, uzoq muddatli reja vitrinasiga aylantiryapti. Andrey Santos va Youri Tielemans kelishi sarlavhalarni egalladi, lekin klubning ko‘zi ancha uzoqni ko‘ryapti. Tottenham Hotspur safidan Tynan Thompson’ni tortib olish allaqachon katta ish sifatida baholangan edi.

Endi esa Carringtonga yana bir darvozabon qo‘ndi. Kit Margetson. Bepul transfer. O‘tgan mavsumni Cymru Premier vakili Connah's Quay safida o‘tkazgan, lekin ilk tarbiyasini Swansea City tizimida olgan yigit.

Uelsdan – “Old Trafford” orzusiga

Atigi 20 yosh. Ammo ortida to‘liq mavsum bor. Cymru Premierda 31 o‘yin, 37ta gol o‘tkazilgan. Statistika mukammal emasdek tuyulishi mumkin, lekin Connah's Quay uchun u tez orada asosiy tayanchga aylandi. Shimoliy Uels klubida ko‘rsatgan o‘yini skautlar e’tiboridan qochmadi.

Bu yerda yana bir tanish ism paydo bo‘ladi – Tony Coton. O‘tgan mavsum Senne Lammens transferida hal qiluvchi rol o‘ynagan mutaxassis. United muxlislari bu familiyani yaxshi bilib bo‘ldi.

Sport direktori Jason Wilcox o‘sha paytda Lammens haqida gapirar ekan, Cotonning ismini alohida tilga olgan edi. U Senne’ni bir yil oldin radariga qo‘ygan, fikridan qaytmagan, oxir-oqibat klubni ishontirgan. Natijada belgiyalik darvozabon Manchesterga kelgan va yaxshi start bergan.

Endi Coton yangi “duradgorlik ishini” Uelsda davom ettirdi. U Flintshirega borib, Margetsonni The New Saints (TNS)ga qarshi o‘yinda shaxsan kuzatdi. Keyingi voqealar esa uning ko‘rganlaridan mamnun qolganini yaqqol ko‘rsatadi.

Y Clwb Pel-droed asoschisi Harrison Jones o‘sha davrni yaxshi eslaydi.

“Kit Margetson Connah's Quay’ga qo‘shilganda, bu ular uchun juda katta yutuq sifatida qabul qilingan edi, – deydi u Manchester Evening News bilan suhbatda. – U ilgari Uelsda, Swansea City tarkibida bo‘lgan, lekin hech qachon katta futbolga bunday tashlanmagan.”

Jonesning ta’kidlashicha, o‘tgan mavsumda Margetson Cymru Premierdagi eng yorqin darvozabonlardan biri bo‘lgan. Bu liga Cardiff City va Uels terma jamoasi uchun ko‘plab yoshlarni tayyorlab bergan maydon. Demak, Margetson ham o‘sha yo‘lni davom ettirishi mumkin.

Lammensga o‘xshashliklar

Coton ko‘rganini faqat texnik va jismoniy sifatlar bilan cheklamagan. U ilgari ham Lammensda ko‘ringan profilni yana topgandek bo‘ldi.

Jones shunday deydi: “Tony Coton uni TNS’ga qarshi o‘yinda ko‘rdi, u avval ham Lammensni topgan edi. Ularning bo‘yi, jarima maydonini boshqarishi, tezkor reaksiyasi – hammasi o‘xshash. United qo‘lida haqiqiy iste’dod bor.”

Lammens o‘tgan mavsumda nafaqat seyvlar, balki xotirjamligi bilan ham ajralib turgan. U klub saytiga bergan intervyusida o‘zini “mudofa ortidagi tosh” bo‘lishga intilishini aytgan, himoyachilar og‘ir pallada unga suyanishi kerakligini ta’kidlagan. Xatodan keyin ham bosimini yo‘qotmaslik, bosim ostida sovuqqon qolish – o‘zini aynan shunda ko‘rishini aytgandi.

Jones Margetsonda ham shu xususiyatlarni ko‘radi.

“Uni intervyu qilish baxti menga nasib qilgan, – deydi u. – Juda xotirjam, bo‘shashmagan yigit. Kameralar markazida bo‘lishni yoqtiradiganlardan emas. O‘ziga yopiq, lekin maydonda juda bardoshli.”

Connah's Quay ichkarisida esa hamma bitta narsani tushungan: Margetsonni yana bir mavsumga ushlab qolish deyarli imkonsiz bo‘ladi. Ijaradagi futbolchiga oshiq bo‘lmaslik kerak, deyishadi. Ular aynan shunday bo‘lishdi – va oxirida uni qo‘yib yuborishga majbur bo‘lishdi.

Kutilmagan manzil va keyingi qadam

Jonesning o‘zi ham bu hikoyaning Manchester United bilan yakunlanishini kutmagan.

“Bu transfer haqida ilk gap-so‘zlar chiqqanida, men uchun bu juda katta syurpriz bo‘ldi,” – deydi u. Margetsonning Lammensga o‘xshashligi ko‘zga tashlanadi, lekin Jonesning fikricha, uning tabiiy keyingi qadami ancha sokinroq bo‘lishi kerak edi.

U Cymru Premier darajasini Angliyadagi National League yoki National League North/South yuqori qismi bilan tenglashtiradi. Bu ligalarda jismoniy kurash keskin, hujumchilar va himoyachilar juda qo‘pol, to‘qnashuvlar og‘ir. Margetson allaqachon shunday muhitdan o‘tib kelgan.

Shu sababli Jones bir narsaga ishonadi: agar Margetson Manchester United akademiyasiga qo‘shilsa, uni tez orada yana ijaraga berish lozim bo‘ladi.

“U, meningcha, League Two darajasidagi jamoaga ijaraga berilishiga loyiq. U endigina o‘ynagan Cymru Premier raqobati shunga mos,” – deya xulosa qiladi u.

Bu transfer Cymru Premier uchun deyarli misli ko‘rilmagan holat. Uelsning yuqori ligasidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri Manchester Unitedga sakrash – bu nafaqat futbolchi, balki butun liga uchun signal.

Margetsonni kuzatib borganlar unga chin dildan omad tilayapti. Balki faqat bir toifa odamlar bundan uncha xursand emasdir – uelslik hujumchilar, bir mavsum davomida uning qo‘llaridan o‘tib ketolmaganlar. Endi esa navbat Angliya futboliga.