Kirsty Hanson Aston Villa’dan Tottenham’ga o‘tdi: yangi maqsadlar
Yozgi transfer oynasida ko‘pchilik ko‘zini chetdan kelgan yulduzlarga qadadi. Lekin bir bitim shov-shuvsiz o‘tdi-yu, baribir eng ziyrak harakat bo‘lib chiqishi mumkin. Bu – Kirsty Hanson’ning Aston Villa’dan Tottenham’ga ko‘chishi.
28 yoshli shotlandiyalik hujumchi o‘tgan mavsumda WSL’da uchinchi to‘purar bo‘ldi. Uning jamoasi turnir jadvalida atigi to‘qqizinchi o‘rinda qolganini inobatga olsak, bu raqamlar yanada ta’sirli ko‘rinadi. 22 o‘yinda 12 ta gol. Faqat PFA yil futbolchisi Khadija Shaw va Angliya hujumchisi Alessia Russo undan ko‘proq urdi, xolos.
Shunday bo‘lsa-da, Hanson London sari yo‘l oldi. Nega? Va u 6 sentyabr kuni West Ham’ga qarshi uy uchrashuvi bilan WSL mavsumini boshlaydigan, tobora dadil maqsadlar qo‘yayotgan Tottenham’ni qaysi bosqichga olib chiqmoqchi?
Aston Villa’da qayta tug‘ilgan Hanson
Hansonning karerasi o‘tgan mavsumda portlab ketgandek ko‘rindi, aslida esa u Aston Villa’dagi to‘rt yillik davr mobaynida asta-sekin yuqoriga ko‘tarilib borayotgan edi. Ungacha u Manchester United ayollar jamoasining professional sahnaga chiqishida muhim rol o‘ynadi, lekin keyin muntazam o‘yin amaliyotidan mahrum bo‘lib qoldi.
2022 yilda Villa uni dastlab ijaraga olganida, Hanson ishonchini yo‘qotgan, o‘ziga bo‘lgan ishtiyoqni qayta topishi kerak edi. Natija – 100 o‘yinda 26 gol, ikki marta mavsum futbolchisi sovrini. U yerda o‘zini qayta kashf etdi, desak xato bo‘lmaydi.
O‘tgan mavsumda u Villa gollarining 43 foizini o‘zi urdi. Liganing eng yaxshi besh to‘purari orasida darvozaga yo‘llangan zarbalar aniqligi bo‘yicha birinchi o‘rinda – 50 foiz. Faqat gol emas, ijod ham: jamoa bo‘yicha faqat ikki futbolchi undan ko‘proq gol imkoniyati yaratdi, Hansonda esa 16 ta shunday pas bor edi. Raqib jarima maydonidagi to‘plarga eng ko‘p tegish ham uning nomiga yozildi.
Maydondagi mehnatkashligi ham ko‘zga tashlandi. O‘z pozitsiyasidagi futbolchilar orasida to‘pni tortib olish, to‘sib qolish, pressing bo‘yicha yuqori ko‘rsatkichlar. Bu – oddiy “to‘purar” emas, to‘liq siklli hujumchi.
Martin Ho omili va yangi chaqiriq
Tottenham uchun esa bu transfer birgina raqamlar haqida emas. Bu – g‘oya haqida. Ambitsiya haqida.
Hansonning qarorida bosh murabbiy Martin Ho hal qiluvchi rol o‘ynadi. Ular 2020–2023 yillarda Manchester United’da birga ishlagan. O‘sha paytda Ho yordamchi murabbiy edi, lekin Hanson uchun u allaqachon muhim figuraga aylangan. Endi esa u Tottenham bosh murabbiyi sifatida sobiq shogirdini yozgi transfer oynasidagi asosiy nishonlardan biri qildi. Klub hujumchini noma’lum to‘lov evaziga sotib olib, murabbiyga ishonchini ko‘rsatdi.
Hanson murabbiy bilan tajribasini yaxshi biladi: u detallarni ko‘radi, futbolchini mayda elementlar orqali o‘stiradi. Aynan shunday murabbiy unga keyingi bosqichga chiqish uchun kerak edi. London klubidagi mashg‘ulotlar ham shuni tasdiqlayotgandek – Hanson uchun bu, o‘z so‘zlari bilan aytganda, eng og‘ir tayyorgarlik davrlaridan biri bo‘ldi. Jismoniy va ruhiy chegaralar sinovdan o‘tkazilmoqda.
U esa aynan shunday sinovni istadi. Faqat “yaxshi” futbolchi sifatida emas, o‘zini yanada mukammal qilishni xohlaydigan, chegarasini kengaytiradigan hujumchi sifatida.
Tottenhamning yangi yuzi
O‘tgan mavsumni beshinchi o‘rinda yakunlagan Tottenham endi WSL uchligiga kirishni va Women’s Champions League yo‘llanmasini ko‘zlamoqda. Bu yo‘lda klub yozda faqat Hanson bilan cheklanib qolmadi.
West Ham to‘purari Shekiera Martinez, Lyon’dan iqtidorli himoyachi Alice Sombath, Arsenal raqibidan yaratuvchan yarim himoyachi Victoria Pelova ham jamoaga qo‘shildi. Natijada start tarkib uchun kurash keskinlashadi. Bu esa Hanson uchun qo‘rqinch emas, rag‘bat.
U o‘zini liga uchun “qulay” his qilayotgan bo‘lsa-da, o‘zini eng yaxshilar qatoriga qo‘shmaydi, o‘ziga nisbatan juda talabchan. Maqsadi oddiy emas: har kuni biroz bo‘lsa ham yaxshiroq bo‘lish. O‘z so‘zlariga ko‘ra, u hali ochilmagan ko‘plab “pog‘onalar”ga ega va Ho buni yaxshi biladi.
Hanson yangi jamoadagi darajani ko‘rdi, raqobatni his qildi va aynan shundan zavqlanmoqda. U faqat o‘rganish uchun emas, yordam berish uchun ham kelgan. Oldingi klublarida bo‘lgani kabi, bu yerda ham o‘rnak bo‘lishni istaydi.
U o‘zini “eng iqtidorli” deb hisoblamaydi, lekin bir narsaga ishontira oladi: jangovar ruh va ochko‘zlik. Jamoasi uchun “g‘isht devordan o‘tishga” tayyor futbolchi. O‘tgan mavsumda Villa formasida aynan shunday obrazni ko‘rsatdi, endi esa bu xarakter Tottenham libosida sinovdan o‘tadi.
Maydondan tashqarida ham o‘sgan yetakchi
Hanson bugun faqat gol va pressing haqida emas. U maydondan tashqarida ham ulg‘ayganini tan oladi. Sport murabbiyligi bo‘yicha darajaga ega, bu esa o‘yinni boshqa ko‘z bilan ko‘rishga yordam beradi.
U endi o‘yin ichidagi turli vaziyatlarda nima qilishni yaxshi biladi, jamoadoshlarni tinchlantirish, to‘lqinni ushlab qolish, ritmni o‘zgartirish – bularning bari tajriba bilan keladi. Martin Ho bilan avval ishlaganida u yoshroq, bunday mas’uliyatni ko‘tara olmas edi. Endi esa o‘zini yetukroq, fikri tiniqroq futbolchi deb his qiladi.
Tottenham uchun bu juda muhim. Klub nafaqat gollarni, balki kiyinish xonasida ovozga ega bo‘ladigan, murabbiy g‘oyasini maydonga olib chiqadigan futbolchini qo‘lga kiritdi.
Endi savol bitta: bu tinch, shov-shuvsiz bitim WSL poygasida hal qiluvchi burilishga aylanadimi? Yoki raqiblar Kirsty Hanson’ning haqiqiy ta’sirini anglaguncha kech bo‘lib qoladimi?



