Sport Maydon logo

Julian Alvarez transferi: Atletico va Barcelona o'rtasidagi raqobat

Yozgi transfer oynasining yopilishiga bir oydan ham kam vaqt qoldi, lekin Julian Alvarez atrofidagi savdo sarguzashti hanuz bozorda eng qizigan mavzu bo‘lib turibdi. Bir tomonda uni qo‘lga kiritishni orzu qilayotgan FC Barcelona, ikkinchi tomonda esa loyihaning markaziy figuralaridan birini qo‘yib yuborishni xayoliga ham keltirmayotgan Atletico Madrid.

Katalonlar chekinmayapti, lekin Madrid ham yon bermayapti. Hozircha ustunlik – Metropolitano tomonida.

Deco Madridda, lekin eshiklar berk

Hafta boshida Deco Madridga uchib kelgani ma’lum bo‘lgandi. Maqsad bitta: Alvarezning agenti Fernando Hidalgo bilan yuzma-yuz uchrashib, kelishuvni ochib berishi mumkin bo‘lgan har qanday formulani topish.

Barcelona tomoni muzokaralarni jonli ushlab turibdi, futbolchining atrofidagi odamlar bilan aloqa uzilmagan. Hansi Flick uchun bu transfer ustuvor vazifa bo‘lib qolmoqda.

Ammo Atleti jamoatchilik oldidagi pozitsiyasini o‘zgartirmadi. Klub rahbariyati Alvarezni “sotilmaydigan” deb atashda davom etmoqda, futbolchining o‘zi esa ketish istagini yashirmayapti. Tashqi bayonotlar qat’iy, ichkarida esa butunlay boshqa o‘yin ketmoqda.

Metropolitano devorlari ortida shunday ishonch bor: Alvarezni ishontirishning eng yaxshi yo‘li – uning atrofidagi jamoani yanada kuchaytirish. Ya’ni, nafaqat so‘z bilan, balki transferlar bilan “sen bu yerda g‘alaba qozonishing mumkin” degan signalni berish.

Mateu Alemany sahnaga chiqdi

Shu yerda Mateu Alemany ko‘rinadi. SPORT xabariga ko‘ra, Atletico sport direktori Diego Simeone qo‘liga yanada raqobatbardosh tarkib berish ustida ishlayapti va klubning eng katta ustuvor yo‘nalishlaridan biri – Tottenham himoyachisi Cristian Romero.

Argentina markaziy himoyachisi Simeone ro‘yxatida bir necha oydan beri yuqori pog‘onada turibdi. Lekin bu transfer faqat mudofaani mustahkamlash masalasi emas. Bu – ichki siyosat, kiyinish xonasidagi muvozanat, ayniqsa, Alvarez kelajagi haqida ham qaror.

Atletico ichida shunday qarash bor: Romero kelishi nafaqat Simeone himoyasini yanada agressiv va ishonchli qiladi, balki Julian uchun ham kuchli signal bo‘ladi – klub uning atrofida jiddiy loyiha qurayotganini amalda ko‘rsatadi.

Alvarez va Romero – terma jamoada boshlangan aloqalar

Bu yerda eng qiziq nuqta: Alvarez Romero haqida gapirganda hech qachon hissiyotini yashirmagan. Argentina terma jamoasida ular o‘rtasida yaqin munosabat shakllangan, maydonda ham, undan tashqarida ham.

Hujumchi buni ochiq tan olgan. 2025-yil dekabrida bergan intervyusida, Atletico tomonidan Romero bilan qiziqish haqida so‘ralganda, u shunday degan:

“Ha, albatta. Albatta xohlagan bo‘lardim. Cuti dunyodagi eng yaxshi himoyachilardan biri. Men terma jamoada u bilan ko‘p vaqt o‘tkazaman va uni ajoyib futbolchi deb hisoblayman, u mutlaq raqobatchi va himoyada nihoyatda kuchli.

“U bilan bir necha marta gaplashganman, turli sabablarga ko‘ra bu amalga oshmadi, lekin umid qilamanki, bir kun kelib birga o‘ynaymiz.”

O‘sha paytda oddiy orzu bo‘lib tuyulgan bu so‘zlar bugun Atletico uchun strategik dalilga aylanib ulgurgan. Klub ichida bitta oddiy, lekin kuchli mantiq ishlayapti: Alvarez “bir kun kelib birga o‘ynashni” xohlagan bo‘lsa, nega bu kun aynan Madridda boshlanmasin?

Barcelona kutmoqda, Atletico harakat qilmoqda

Camp Nou koridorlarida ham vaziyat yaxshi tushunilgan. Vaqt hozircha Atletico foydasiga ishlayapti. Madrid klubi Alvarezning o‘zi ochiq maqtovlar yog‘dirgan futbolchini olib kelishga urinayotgan bir paytda, Barcelona kutishga majbur.

Shu bilan birga, Kataloniya klubi taslim bo‘lgani yo‘q. Deco va uning jamoasi Alvarez tomonidagi aloqalarni uzmayapti, har qanday bo‘shliq, har qanday kichik imkoniyatni kuzatib turibdi. Hansi Flick uchun bu transfer – oddiy hujumchi qo‘shish emas, balki kelgusi yillardagi hujum falsafasining markaziga aylanishi mumkin bo‘lgan figura.

Ammo bugun kuchliroq harakatni Atletico ko‘rsatmoqda. Ular omma oldida “Julian sotilmaydi” deya qat’iy turar ekan, ichkarida unga qolish uchun yangi sabablar yaratish bilan band. Romero bo‘yicha ishlar shuning eng yaqqol misoli.

Transfer oynasi hal qiluvchi bosqichga kirar ekan, savol tobora keskinlashmoqda: Alvarez uchun eng kuchli dalil qaysi bo‘ladi – Barcelona orzusi yoki Metropolitano atrofida qurilayotgan, Romero bilan yanada “argentinachalashtirilgan” Atleti loyihasi?