Julian Alvarez va Atletico Madrid: Bosim va kelajak
Julian Alvarez va Atletico Madrid o‘rtasidagi hikoya endi oddiy transfer mish-mishidan ancha yiroq. Bu endi tribunadagi hushtak, kiyinish xonasidagi noqulay sukunat va klub rahbariyati uchun tobora og‘irlashib borayotgan siyosiy qaror masalasi.
Metropolitano dagi so‘nggi o‘yin, Villarrealga qarshi uchrashuv, vaziyatni butunlay o‘zgartirib yubordi. Odatda sevimli bo‘lishi kerak bo‘lgan argentinalik hujumchi o‘z maydonida muxlislar tomonidan hushtakbozlikka uchradi. Shundan keyin esa nafaqat stadiondagi kayfiyat, balki butun klub ichidagi muhit ham o‘zgardi.
Tribunadagi hushtak – kiyinish xonasidagi yoriq
Villarreal ga qarshi o‘sha o‘yin Julian Alvarez sarguzashtida burilish nuqtasiga aylandi. Uning darajasidagi futbolchiga nisbatan hushtakbozlik – bu oddiy norozilik emas, balki ochiq signal. Ayniqsa, bu Metropolitano kabi talabchan, lekin odatda o‘z yulduzlarini himoya qiladigan stadionda sodir bo‘lsa.
Lekin muammo faqat tribunada emas. El Chiringuito TV xabariga ko‘ra, jamoa ichida ham vaziyat tobora keskinlashmoqda. Ba’zi futbolchilar Alvarez atrofida yig‘ilib qolgan taranglikdan charchagan, kiyinish xonasidagi muhit esa ularning fikricha, bu holat sabab sezilarli darajada og‘irlashgan.
Jurnalist Alex Silvestre ham shuni ta’kidlaydi: Alvarez maydonda o‘ziga o‘xshamayapti. Unga ko‘ra, gap faqat to‘p yetib kelmayotganida emas, balki argentinalik hujumchining ruhiy holatida.
“Unga qaraganlar, uni 100 foiz holatida ko‘rishmadi, – deya tushuntiradi Silvestre. – To‘p yetib kelmaganini bahona qilish mumkin, lekin u maydonga chiqqanida bu odatdagi Julian emas edi”.
Bu gaplar klub ichidagi xavotirni aniq ifodalaydi.
Jamoa ichida qattiq qaror tarafdorlari paydo bo‘ldi
Shu fonida Atletico Madrid tarkibida endi ochiqchasiga bir fikr shakllangan: agar hozirgi muhit o‘zgarmasa, Alvarezning ketgani ma’qulroq.
Gap uning mahorati yoki jamoa uchun ahamiyati haqida emas. U hali ham klubning eng yirik yulduzlaridan biri. Ammo kiyinish xonasidagi nozik muvozanat – Simeone jamoasining eng katta kuchi – hozir aynan shu vaziyat tufayli sinovdan o‘tmoqda.
Silvestre aytganidek, ayrim futbolchilar o‘zaro suhbatlarda shuni yashirmayapti: ular uchun hozirgi holatdagi yulduzdan ko‘ra, tinch va birlashgan jamoa muhimroq.
Ularning qarashi sodda: “Agar u o‘zini bu yerda to‘liq his qilmasa, bunday Julian bilan yashagandan ko‘ra, u holda yo‘lini boshqa yerda davom ettirgani yaxshiroq”.
Bu fikr hozircha rasmiy pozitsiya emas, lekin kayfiyatni juda aniq ko‘rsatib turibdi.
Barcelona kuzatyapti, Alvarez kutyapti
Shu paytda sahnaning boshqa chetida Barcelona jim, lekin diqqat bilan kuzatmoqda. Katalon klubi Alvarezning o‘zi bu transferni xohlayotganini biladi. Bu esa muzokaralarda odatda katta ustunlik.
Biroq hozircha Atletico Madrid qat’iy. Klub Alvarezni qo‘yib yuborish niyatida emas va bunga yetarlicha sabab bor: u jamoaning eng yirik aktivlaridan biri, sport nuqtai nazaridan ham, iqtisodiy tomondan ham.
Barcelona esa shoshmayapti. Ular eshikni tepib ochishga urinmayapti, bosimni oshirishga ham kirishgani yo‘q. Ularning strategiyasi oddiy: vaziyatni kutish, ichki taranglik qanchalik kuchayishini ko‘rish va Atletico pozitsiyasida eng kichik darz paydo bo‘lishini poylash.
Atletico uchun sinov davri
Hozircha kuchli karta baribir Atletico Madrid qo‘lida. Shartnoma, sportiy rejalar, klubning qat’iy pozitsiyasi – bularning barchasi ularni ustun ko‘rsatadi. Lekin ichki bosim – boshqa o‘yin.
Metropolitano tribunalaridagi hushtak, kiyinish xonasidagi norozilik kayfiyati va Alvarezning o‘zi bu yerda qolishni istamayotgani haqidagi ma’lumotlar bir nuqtada birlashmoqda. Bu esa klub rahbariyatidan juda nozik boshqaruvni talab qiladi.
Barcelona bu jarayonni boshqara olmaydi, lekin bunga ham muhtoj emas. Ular biladi: bosim ortib borgan sari, qaror qabul qilish Atletico uchun yanada murakkablashadi.
Savol endi bitta: bu bosim qachon va qanchalik kuchli bo‘lib, klubning hozircha “yopiq” bo‘lgan eshigini ochishga majbur qiladi?
Hozircha eshik mahkam. Ammo Julian Alvarez atrofidagi vaziyat endi oddiy ichki masala emas – u klubning butun mavsumiy yo‘nalishini belgilab berishi mumkin bo‘lgan sinovga aylanib bo‘ldi.



