Janubiy Koreyada futbol va siyosat: Prezidentning g‘azabi
Janubiy Koreyada futbol faqat sport emas, milliy o‘zlik masalasi. Shuning uchun ham jahon chempionatidagi sust ishtirok ortidan mamlakat siyosiy maydonigacha larzaga keldi.
Prezidentning g‘azabi
Janubiy Koreya prezidenti Lee Jae Myung jamoaning Jahon chempionatidagi muvaffaqiyatsiz ishtirokidan so‘ng keskin bayonot bilan chiqdi va rasmiy tekshiruv o‘tkazishni talab qildi. U nafaqat natijadan, balki murabbiy tanlovidan ham norozi.
Prezident jamoaning uch o‘yinda atigi uch ochko olgani, A guruhidan chiqa olmagani fonida bu darajadagi qulashni qabul qilib bo‘lmasligini aytdi. Koreya Chexiya ustidan g‘alaba qozondi, lekin Meksika va Janubiy Afrika bilan o‘yinlarda mag‘lub bo‘ldi. Natija – uyga erta qaytish va ommaviy savollar.
Lee Jae Myung o‘zini “butunlay hayratda” qolganini ta’kidladi va nega aynan Hong Myung-bo terma jamoa bosh murabbiyi etib tayinlangani yuzasidan ochiq savol qo‘ydi. Bu savol endi nafaqat futbol doiralarida, balki hukumat darajasida ham muhokama qilinmoqda.
Hong Myung-bo ketdi, lekin savollar qoldi
Uzoq yillar milliy jamoa ramziga aylangan Hong Myung-bo yakshanba kuni iste’foga chiqishini e’lon qildi. Qaror Janubiy Koreya uchinchi o‘rin egalariga ajratilgan sakkizta yo‘llanmalardan birini ham qo‘lga kirita olmagani ma’lum bo‘lganidan atigi bir kun o‘tib qabul qilindi.
“Bu lavozimni qabul qilish men uchun oson qaror bo‘lmagan, lekin uni olganimdan so‘ng oxirgi daqiqagacha faqat mas’uliyat haqida o‘yladim”, — dedi 57 yoshli Hong. U iste’foni tan oldi, lekin murabbiylik davrining og‘ir yukini ham yashirmadi.
Hong Myung-bo Janubiy Koreya futbolining tirik afsonalaridan biri. U futbolchi sifatida to‘rtta Jahon chempionatida (1990, 1994, 1998, 2002) maydonga tushgan, terma jamoadagi 136 o‘yinda 10 ta gol urgan. 2002-yilgi tarixiy mundial avlodi bilan bir qatorda uning nomi ham alohida tilga olinadi.
Biroq murabbiy sifatidagi yo‘li ancha murakkab kechmoqda. U 2013–2014-yillarda ham terma jamoani boshqargan, o‘sha paytda ham Jahon chempionatida guruh bosqichidan (0-2-1) chiqa olmagach iste’foga ketgandi. Endi esa yana shunga o‘xshash ssenariy: mundial, umidsizlik, iste’fo.
Soliq to‘lovchilarning puli va talab qilinayotgan islohotlar
Prezident Lee Jae Myung bu safargi muvaffaqiyatsizlikni faqat sport natijasi sifatida emas, balki davlat mablag‘laridan foydalanish samaradorligi nuqtayi nazaridan ham ko‘rib chiqmoqda. U Jahon chempionatiga tayyorgarlik va ishtirok uchun sarflangan soliq to‘lovchilar puli chuqur tahlil qilinishi kerakligini aytdi.
“Jahon chempionatida ishtirok etishning o‘zi ham katta miqdordagi milliy soliq mablag‘lari va davlat resurslarini talab qilarkan, men Madaniyat, sport va turizm vazirligidan ushbu voqea atrofidagi aniq sharoitlarni to‘liq tekshirishni, sabablari tahlil qilinishini, qaytarilmasligi uchun choralar ishlab chiqilishini so‘rayman”, — dedi Lee.
U hukumat sport boshqaruvi tizimini tubdan qayta ko‘rib chiqishi lozimligini ham ochiq aytdi: “Bunday holat yana takrorlanmasligi uchun sport ma’muriyatida islohotlarni tezkor amalga oshiramiz”.
Bu so‘zlar oddiy siyosiy bayonot emas, balki futbol federatsiyasi va butun sport tizimi uchun aniq signal. Endi savol bitta: faqat murabbiy almashadimi yoki butun tizim yangilanadimi?
Millatning sevimli o‘yinida burilish nuqtasi?
Janubiy Koreya futboli ko‘p bor og‘ir zarbalarni ko‘rgan, lekin har safar tiklana olgan. Bu safargi zarba esa faqat stadion chegarasida qolmayapti — u hukumat kabinetlarigacha yetib bordi.
Hong Myung-bo sahnadan tushdi. Prezident esa javob talab qilmoqda. Endi navbat sport amaldorlari va federatsiya rahbariyatida. Ular bu bosim ostida tizimni yangilay oladimi yoki navbatdagi mundialda ham xuddi shunday savollar yangraydimi?


