James Maddisonning eng og‘ir mavsumi: tizza jarohati va yangi egizaklar
James Maddison uchun o‘tgan mavsum faqat tizzasidagi jarohat bilan emas, uyidagi shovqin-suronga to‘la tunlar bilan ham esda qoladigan bo‘ldi. Tottenham Hotspur yarim himoyachisi o‘tgan yil avgustida oldingi xochsimon boylamini uzib olganida, u bir yilga yaqin maydondan chetga chiqib ketishini bilardi. Lekin u o‘sha payt uyida qanday “mavsum” boshlanishini tasavvur ham qilmagan.
U va uning rafiqasi ikkinchi marta egizak farzandli bo‘ldi. Natijada, besh yosh va undan kichik bo‘lgan besh nafar bola. Besh nafar. Shuncha kichkina bola bilan yashashning o‘zi ko‘pchilik ota-onani sinovdan o‘tkazadi. Maddison esa buni reabilitatsiya davri, og‘riq, mashqlar va futbolsizlik bilan birga boshdan kechirdi.
“Sherigim homilador bo‘lgani, uning yonida bo‘lishim, o‘zimni emas, uni o‘ylashim kerakligi men uchun ijobiy chalg‘ituvchi omil bo‘ldi, — deydi u BBC Sport’ga. — Tizzam bilan juda og‘ir, ruhiy jihatdan ham travmatik davrni boshdan kechirayotgan bo‘lsam ham, o‘zimni unutishimga to‘g‘ri keldi.”
Uyida esa o‘ziga xos “trenirovka rejimi” bor edi. Uxlolmagan tunlar, uzluksiz yig‘i, tugamaydigan tagliklar va kichik xonadondagi doimiy tartibsizlik. Maddison buni hazil aralash, lekin samimiy tarzda tasvirlaydi.
“Uyda tagliklar uchib yuribdi, har yerda kichik-kichik ‘falokatlar’, lekin hammasi bunga arziydi, — deydi u. — Hali ham bularning barchasini yaxshi ko‘ramiz. Buni dunyodagi hech narsaga almashtirmagan bo‘lardim.”
Ikkinchi juft egizak — biri o‘g‘il, biri qiz — ularning oilasini noyob toifaga olib kiradi. Bunday holat sport olamida ham kam uchraydi. Tennis afsonasi Roger Federer va uning rafiqasi Mirka ham ikki juft egizak farzandga ega bo‘lgani bilan mashhur: 2009 yilda egizak qizlar, besh yil o‘tib esa egizak o‘g‘illar dunyoga kelgan.
Maddison esa bu orada maydondan uzoq bo‘lib qolgani tufayli, eng katta o‘g‘li Leo bilan bo‘lgan kichik, ammo alamli tafsilotni ham eslab o‘tdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Leo endi otasining aslida hali ham Spurs futbolchisi ekanini ham unutayozgan.
“Bir yil futbolsiz qoldim, — deydi Maddison. — Bola hayotida uch yarim yoshdan to‘rt yarim yoshgacha bo‘lgan davr — juda katta farq. U bir yil oldin barcha o‘yinlarga kelganini ham eslay olmayapti. Endi uning yana o‘yinlarga kelishi, otasini maydonda ko‘rishi, televizor qarshisida tizzasiga apparat taqib olgancha uyda o‘tirganini emas, aynan o‘ynayotganini eslab qolishi yoqimli bo‘lardi.”
Uzoq reabilitatsiya, ruhiy bosim, oilaviy mas’uliyat — bularning bari Maddisonni sinab ko‘ydi. Lekin u endi bitta maqsadga jamlangan: sog‘lom qolish va Tottenham safida to‘liq mavsum o‘tkazish.
Bir yil yon chiziqda o‘tirib, maydonni faqat tashqaridan kuzatgan futbolchi uchun bu oddiy istak emas. Bu qaytish, o‘zini yana isbotlash, bolalariga ham, muxlislarga ham “hali tugamaganiman” degan ishora.
Endi navbat Premier League startiga. Shanba kuni Tottenham Hotspur Brentford’ga qarshi kampaniyani boshlaydi. Maddison uchun bu oddiy ochilish emas — bu besh bolali otaning, ikki juft egizakning dadasi va jarohatdan qaytayotgan yarim himoyachining yana katta sahnaga chiqish kuni.



