Sport Maydon logo

Jahon chempionati tugadi, savollar boshlanyapti: tikish bozori va shubhali signal

2026 yilgi Jahon chempionati Ispaniyaning kubokni baland ko‘targani bilan yopildi. Stadionlar bo‘shadi, bayramlar tugadi. Ammo turnir changi hali bosilmasdan, boshqa bir mavzu maydon markaziga chiqdi: tikish bozori va shubhali signallar.

Yirik musobaqalardan keyin odatda hakamlik xatolari, VAR qarorlari, bahsli penaltlar muhokama qilinadi. Bu safar esa e’tibor boshqa yoqqa burildi. Kopengagen Group — sport musobaqalaridagi ehtimoliy manipulyatsiyalarni kuzatuvchi mustaqil xalqaro guruh — Jahon chempionati bo‘yicha yettita tikish ogohlantiruvini qayd etdi.

Yettita signal, bir turnir

Keng jamoatchilik ko‘zi ko‘rgan o‘yinlar ortida, statistik ma’lumotlar va tikish oqimlari boshqa manzarani chizmoqda. Kopengagen Group hisobotida bir nechta epizod alohida ajratib ko‘rsatildi.

Birinchisi — ochilish o‘yini. Janubiy Afrikaning Themba Zwane Meksikoga qarshi ilk tur bahsida qizil kartochka oldi. Oddiy futbol holatidek ko‘rinishi mumkin, lekin tikish bozoridagi harakatlar bu epizodni nazorat ostiga olib keldi.

Keyingi nuqta — Ispaniya va Cape Verde o‘rtasidagi 0:0 hisobidagi durang. Turnirning birinchi turidayoq bunday natija, ayniqsa chempionlikka da’vogar jamoa ishtirokida, alohida qayd etildi. Natijaga bo‘lgan tikishlar hajmi va dinamikasi monitoring tizimlarida g‘alati ko‘rinish bergani aytilmoqda.

Yana bir tortishuvli lahza — Ispaniya – Saudi Arabia uchrashuvida Ferran Torres tomonidan kiritilgan, ammo VAR tekshiruvdan so‘ng bekor qilingan gol. Qaror uch daqiqadan ko‘proq vaqt davom etgan ko‘rib chiqishdan keyin e’lon qilindi. Futbolda VAR bahslari endi yangilik emas, lekin bu epizod ham shubhali operatsiyalar ro‘yxatiga tushdi.

Macolin Konvensiyasi fonidagi bosim

Bu ogohlantiruvlar Yevropa Kengashi orqali tarqatilgan qisqa xulosa shaklida maydonga chiqdi. Aynan shu tuzilma ostida Kopengagen Group Macolin Konvensiyasi doirasida ishlaydi — sport musobaqalarini manipulyatsiya qilishga qarshi yagona xalqaro huquqiy mexanizm sifatida tan olingan hujjat.

Gap hozircha rasmiy ayblovlar haqida emas. Bu — signallar. Savollar. Javob talab qiladigan epizodlar.

Shu fon ichida esa bitta holat alohida ajralib turibdi.

Balogun atrofidagi savol: FIFAdan izoh so‘raldi

The Athletic xabariga ko‘ra, Kopengagen Group FIFAga yozma tushuntirish so‘rab murojaat qilgan. Mavzu — Folarin Balogun.

Amerikalik hujumchi Belgiya bilan 1/8 final uchrashuvidan oldingi o‘yinda qizil kartochka olganidan keyin, 2 iyul kuni Polymarket nomli kriptovalyutalarga asoslangan prognoz platformasida yangi bozor ochildi: “Folarin Balogun Belgiya bilan o‘yinda maydonga tushadimi?”

Savol aniq, bozor ochiq. 5 iyul kuni esa Balogun diskvalifikatsiyasi bekor qilingani e’lon qilindi va u AQSh tarkibida Belgiya bilan bahsda maydonga tushdi.

Vaqt chizig‘i, tikish bozori va keyingi qaror — hammasi bir yo‘nalishda kesishib qoldi. Shu bois Kopengagen Group aynan shu masalada FIFAdan rasmiy izoh talab qilmoqda.

Tikish soyasi chempionlar ustiga ham tushadimi?

Ispaniya kubokni qo‘lga kiritdi, tarixga yana bir oltin sahifa qo‘shdi. Ammo turnir yakunida e’lon qilingan bu ogohlantiruvlar Jahon chempionati atrofidagi kayfiyatni biroz o‘zgartirdi. Gap natijalarni bekor qilish yoki chempionlikni shubha ostiga qo‘yish haqida emas, lekin savol aniq: global futbol tizimi tikish bozori bilan kurashishga haqiqatan ham tayyormi?

Javobni endi FIFA berishi kerak.