Sport Maydon logo

Jacob Bergstrom: Hallevikdan Chempionlar Ligasi sahnasiga

Jacob Bergstrom hech qachon o‘zini Yaya Toure bilan birga Chempionlar Ligasi sahnasida tasavvur qilmagan. 31 yoshida u endi yevropalik gigantlar bilan bir qatorda turibdi, lekin bu yo‘l hech qachon silliq asfalt bo‘lmagan. Uzoq vaqtgacha hatto professional futbolchi ham emasdi.

U bolaligida birorta akademiya ko‘ziga tashlanmadi. 22 yoshida ham havaskor ligalarda to‘p tepardi. 2018 yilda Mjallby safiga qo‘shilgach ham, hayotini ta’minlash uchun Subwayda ishlashni davom ettirdi. Faqat 24 yoshida to‘laqonli professionalga aylandi.

Bugun esa u Mjallby tarixini qayta yozayotgan asosiy qahramonlardan biri.

Hallevikdan yuksalgan chempion

So‘nggi bir yil ichida yirik gavdali hujumchi Mjallbyga klub tarixidagi ilk shved chempionligi va ilk Shvetsiya Kubogini olib keldi. 87 yillik tarixga ega jamoa birdaniga mamlakat tepasiga ko‘tarildi.

Keyin u Chempionlar Ligasidagi ilk o‘yinida ham gol urdi. Endi esa maqsad aniq: Yaya Toure boshqarayotgan Slovan Bratislava to‘sig‘idan o‘tib, ertakni davom ettirish.

“Bu yerga birinchi marta kelganimda, uchinchi divizionda edik, – deydi u BBC Sport bilan suhbatda. – Shartnoma imzolaganimda o‘zimni juda baxtli his qilganman. O‘sha paytning o‘zi men uchun juda katta narsa edi.

Men bunday narsani orzu ham qilmaganman. Hattoki o‘ylamaganman ham. Hozir bu yerda bo‘lishim – bu telbalik. Ayniqsa buni Mjallby bilan birga qilish – ajoyib.”

O‘tgan mavsumdagi kutilmagan chempionlik butun dunyo matbuotida aks sado berdi. Sababi faqat sovrinlar emasdi. Klubning geografiyasi ham sarlavhalarga chiqdi. Mjallby janubiy Shvetsiyadagi Hallevik qishlog‘iga joylashgan. Dengiz bo‘yidagi bu maskanda ming nafardan ham kam aholi yashaydi.

Shunga qaramay, Blekinge okrugidagi eng kuchli futbol jamoasi sifatida Mjallby butun mintaqadan muxlis tortadi. O‘tgan mavsumda uy uchrashuvlarida o‘rtacha 5 ming tomoshabin tashrif buyurdi.

Velosipedda stadionga, dengiz bo‘yida stadion

Bergstrom uchun bu klub – uyga qaytish. U Blekinge poytaxti Karlskronada ulg‘aygan, bu yerda esa ko‘proq gandbol va xokkey mashhur. U yer Hallevikdan mashinada bir soat shimolda.

2023 yilda Stockholm klubi Djurgarden safaridan keyin Mjallbyga qaytgach, u rafiqasi va ikki farzandi bilan Hallevikka ko‘chib o‘tdi. Endi bu joy ularning uyi.

Qish payti Hallevik – sokin baliqchilar qishlog‘i. Yozda esa dam oluvchilar oqimi aholini to‘rt baravar oshiradi. Shunday paytda Bergstrom o‘zi yoqtirgan odatini davom ettiradi: u o‘yinlarga ham, mashg‘ulotlarga ham velosipeda boradi.

Mjallbyning uy stadioni Strandvallen Baltika dengizidan atigi 100 metr narida joylashgan. Bir tomonda o‘rmon, yonida lager, biroz narida ochiq osmon ostidagi suzish havzasi.

“Sizda dengiz bor, odamlar bor, – deydi u. – Suv bo‘yida, plyaj yonida hammasi juda chiroyli. Qishda bu yerda odam ko‘p emas, hamma ham bunday joyni yoqtirmaydi. Lekin bizga mos tushadi.”

Bugun Mjallby muxlislari uni o‘z odami deb biladi. 1,91 metrli nishon hujumchi butun mintaqaning “underdog” kayfiyatini o‘zida mujassam etgan.

Pivoga chayilgan bayramlar va “Malmo cho‘chqalari”

Bergstrom maydonda ham, undan tashqarida ham ortga chekinmaydigan tip. Bir safar u Malmo muxlislari qarshisida golini nishonlar ekan, ustiga uchib kelgan pivoga parvo ham qilmagan. Keyinroq esa buni kulib eslab, “ta’mi juda yaxshi edi”, deb aytgan.

O‘tgan mavsumda Mjallby yirik shahar klubi ustidan g‘alaba qozonganida, u megafonni qo‘lga olib, “kim sakramasa – Malmo cho‘chqasi” degan shior bilan butun sektorni boshqardi.

Shunga qaramay, uning hayoti hamon oddiy. U hanuz velosipeda o‘yinlarga boradi. Muxlislar uni mahalliy supermarketda uchratishi mumkin – xuddi BBC Sport xodimlari Strandvallendagi o‘tgan oygi Chempionlar Ligasi saralash o‘yinidan bir kun o‘tib qilgani kabi.

Chempionlar Ligasi qishloq bayramiga aylangan kecha

Mjallbyning tarixdagi ilk yevrokubok uchrashuvi – Gibraltar klubi Lincoln Red Impsga qarshi o‘yin – Hallevik uchun haqiqiy bayram bo‘ldi. Strandvallen atrofida 3 500 muxlisni jazz ansambli kutib oldi. Yana 2 300 kishi esa plyaj stullari, sovutkich qutilari bilan marina tomon yo‘l oldi – u yerda katta ekran o‘rnatildi.

“Yevropada o‘ynash – butun qishloq uchun, klubdagi hamma uchun o‘zgacha, – deydi Bergstrom. – Har safar velosipedda o‘yinga ketayotganimda, sariq-qora futbolkalarni ko‘raman. Hamma hovlisida bayroq hilpiraydi. Hamma birlashayotganini ko‘rish juda yoqimli. Ular bu safarning bir qismi bo‘layotganidan juda faxrlanadi.”

Gibraltardagi 0:0 durang Mjallbyga uchinchi saralash bosqichiga yo‘l ochdi. Endi raqib – iyun oyida bosh murabbiylikka kelgan Yaya Toure boshchiligidagi Slovan Bratislava.

Yaya Toure uchun ham o‘zgacha kecha

Yaya Toure – Chempionlar Ligasi g‘olibi, Manchester City afsonasi, 2009 yilda Roma shahridagi Stadio Olimpicoda Barcelona bilan Yevropa taxtiga chiqqan sobiq yarim himoyachi. U ko‘p narsa ko‘rgan, lekin Strandvallendagi birinchi uchrashuv uning uchun ham noodatiy bo‘ladi.

Ko‘plab mehmon jamoalar Mjallbyga kelishni yoqtirmaydi. Ularni uzun yo‘l kutadi: kilometrlab dalalar, deyarli hech qanday diqqatga sazovor narsa yo‘q, faqat traktor kabinalaridan osilgan Mjallby bayroqlari.

Yo‘l oxirida esa oddiygina stadion, lekin shovqinli, bosimli atmosfera. Ayniqsa yevrokubok kechalarida. Chunki Mjallbyning eng ashaddiy muxlislari eng katta tribunaga ko‘chiriladi va ovoz yanada kuchayadi.

43 yoshli Toure Mjallby haqida “boshqa jamoalarda bo‘lmagan nimadir bor” deb ta’rif berdi. Endi uning Slovan Bratislava jamoasi 24 karra Slovakiya chempioni sifatida Chempionlar Ligasi pley-off bosqichiga chiqish uchun aynan shu “nimadir” bilan yuzlashadi.

Ertak qayerda to‘xtaydi?

Mjallby navbatdagi sensatsiyani amalga oshira oladimi – bu savol ochiq. Lekin ular allaqachon bu mavsumda hech bo‘lmaganda Conference League guruh bosqichiga yo‘lni ta’minlab bo‘lishgan. Demak, Bergstromni hali bir qator yangi yulduzlar, yangi stadionlar va yangi kechalar kutyapti.

Subwaydagi navbatchiliklardan Chempionlar Ligasi kechalarigacha bo‘lgan bu yo‘l Hallevik ko‘chalarida sariq-qora bayroqlar hilpirab turgan bir paytda davom etmoqda. Savol bitta: bu kichik qishloq ertagi qachongacha cho‘ziladi?