Sport Maydon logo

Infantino tanqidlarga javob berdi: Nafrat va yolg‘onlar tarqatilmoqda

Futbol bo‘yicha eng katta sahna yakuniga yetdi, lekin bahslar tinmadi. Shunday pallada Fifa prezidenti Gianni Infantino sukut saqlamadi. U dunyo chempionatini nishonga olgan tanqidchilarga keskin javob qaytardi, ularni “nafrat va yolg‘on rivoyatlar tarqatayotganlikda” aybladi va turnirni “birdamlik, xavfsizlik va inklyuziya bayrami” sifatida himoya qildi.

56 yoshli rahbar dushanba kuni e’lon qilingan ochiq maktubida, Ispaniya g‘olib chiqqan, AQSh, Kanada va Meksikada o‘tgan musobaqani kuzatgan millionlab muxlislar his qilgan quvonch va birlashuvni tanqidchilar ko‘rmayotganini ta’kidladi.

“Siz nafrat va tanqid bilan shunchalik band bo‘ldingizki, barchasini o‘tkazib yubordingiz”, – deb yozadi u. “Qalam va qog‘oz ortida, ekranlar ortida nafrat va yolg‘on mish-mishlar tarqatayotganlarga aytmoqchimanki: siz orqada o‘tirgan bir paytda, biz Fifa sifatida old chiziqda turib, tashkil qilyapmiz, mehnat qilyapmiz va dunyodagi eng yaxshi shouni taqdim etyapmiz. Hech qanday zo‘ravonlik bo‘lmadi, hech qanday hodisa qayd etilmadi, 100 foiz xavfsizlik va himoya ta’minlandi, faqat quvonch va baxt bo‘ldi”.

Viza mojarolari, siyosiy soyalar va hakamlik bahslari

Bu chempionat tanqidlardan xoli bo‘lmadi. AQShning viza cheklovlari tufayli ayrim davlatlar muxlislari va rasmiylari uchun safar murakkablashgani, urush va mojarolar girdobidagi hududlardan kelgan terma jamoalar atrofidagi xavotirlar – bularning barchasi turnir davomida muhokama markazida turdi.

Infantino maktubi Fifa qarorlariga nisbatan kuchli e’tirozlar fonida paydo bo‘ldi. Eng ko‘p gapirilgan epizodlardan biri – AQSh hujumchisi Folarin Balogun uchun avtomatik tarzda qo‘llanadigan bir o‘yinlik diskvalifikatsiyaning to‘xtatilishi. Bu qarorga Donald Trump aralashuvi ortidan nuqta qo‘yilgani alohida e’tiborni tortdi.

Argentina – Misr o‘rtasidagi 1/8 final uchrashuvida hakamlik qarorlari ham jiddiy savollar tug‘dirdi. Ayniqsa Misr bosh murabbiyi Hossam Hassan bu o‘yindagi boshqaruvni keskin tanqid qildi, ayrim epizodlar u uchun hal qiluvchi bo‘lib ko‘rindi.

Infantino esa bu borada ham yon bermadi. “Ehtimol xato bo‘lgan qizil yoki sariq kartochkalar, yoki ayrim vaziyatlarda futbolchini chetlatmaslik haqidagi keyingi qarorlar dunyoning eng yirik ligalarida ham odatiy va keng qabul qilingan holat”, – deya ta’kidladi u. “Qiziq tomoni shundaki, aynan shu amaliyotdan foydalanadigan mamlakatlar bugun eng ko‘p tanqid qilayotganlar qatorida”.

Chegara oldidagi to‘siqlar: hakam va terma jamoa sinovi

Turnir atrofidagi siyosiy fon ayniqsa ikki misolda yorqin ko‘rindi. Somali hakami Omar Abdulkadir Artan amaldagi vizaga ega bo‘lishiga qaramay, AQShga kiritilmadi. Bu voqea musobaqani “ochiq va inklyuziv” deb ta’riflayotgan tashkilotchilar uchun noqulay savollar tug‘dirdi.

Eron terma jamoasi esa ancha murakkabroq yo‘lni bosib o‘tdi. AQSh hukumati joriy qilgan qat’iy cheklovlar, ikki davlat o‘rtasidagi davom etayotgan urush holati fonida sayohat masalasi siyosiy minaga aylandi.

Shunga qaramay, Infantino o‘z pozitsiyasini qat’iy ushladi: “Eron AQShga hech qanday hodisa yoki to‘qnashuvsiz kirdi. Eron terma jamoasi vizolarni oldi, chunki futbol – bu tinchlik haqida. Bu siyosat haqida emas”, – dedi u. Uning aytishicha, jiddiy sog‘liq muammolari yoki boshqa og‘ir vaziyatlarga duch kelgan davlatlarga ham viza berilgan.

“Biz sahnadamiz, siz esa tomoshabin”

Infantino maktubining ohangi yumshoq emas, keskin edi. U tanqidchilarni “orqa qatorda qolib ketgan tomoshabinlar”ga o‘xshatdi, o‘zini va Fifa’ni esa “sahnadagi ijrochilar” sifatida ko‘rsatdi. Uningcha, turnirni qora rangda tasvirlashga urinayotganlar musobaqaning asosiy manzarasini – stadionlarda, fan-zonalarda, dunyoning turli burchaklarida yig‘ilgan millionlab muxlislarning birlashuvini ko‘rmayapti.

Bu maktub bilan Fifa prezidenti o‘z pozitsiyasini aniq chizib oldi: tanqidlar davom etadi, savollar ham tugamaydi. Ammo u o‘zini himoya qilishga emas, aksincha, hujumga o‘tishga qaror qildi. Endi savol shuki, bu ohang va bu qarashlar keyingi turnirlarda futbol va siyosat o‘rtasidagi chiziqni yanada xira qiladimi yoki, aksincha, keskinroq qilib chizib beradimi?