Infantino rejasi bekor qilindi: Jahon chempionati sotuvga qo‘yilmaydi
FIFA prezidenti Gianni Infantino juma kuni keskin tanqid ostida qolgan rejasidan voz kechdi. Reja bo‘yicha Jahon chempionati va boshqa yirik turnirlarning tijoriy huquqlaridan ulushlar xususiy investitsiya fondlariga sotilishi ko‘zda tutilgan edi. Endi bu g‘oya rasman bekor qilindi.
20 milliard dollarlik loyiha qulab tushdi
Infantino bayonotida FIFA’ning tijoriy va musobaqa faoliyatini alohida tijoriy sho‘ba korxonaga birlashtirish rejasi “kun tartibidan olib tashlanganini” ma’lum qildi. Ushbu yangi tuzilma taxminan 20 milliard dollarga baholanayotgandi.
Loyiha nomi — FIFA Forward Enterprise. Qog‘ozda hammasi chiroyli ko‘ringan bo‘lishi mumkin edi: yangi kapital, yangi bozorlar, infratuzilmaga ko‘proq sarmoya. Ammo futbol siyosatida qog‘ozdagi chizmalar tez-tez devorga uriladi.
Shunday bo‘ldi ham.
Qit’alar isyoni: Yevropa, Shimoliy Amerika va Osiyo qarshi chiqdi
Hafta davomida FIFA ichidagi norozilik ochiq qarshilikka aylandi. Avvaliga Yevropa futbol uyushmasi bu rejani qabul qilmasligini bildirdi va keskin ogohlantirish berdi: agar loyiha o‘tsa, ular “FIFA musobaqalarida ishtirok etmasliklari” mumkinligini aytishdi. Bu oddiy bayonot emas, ochiq siyosiy signal edi.
Shimoliy va Markaziy Amerika hamda Karib havzasi futbolini birlashtiruvchi CONCACAF ham bu tashabbusni rad etdi. Oradan ko‘p o‘tmay, Osiyo futbol konfederatsiyasi ham qarshilar safidan joy oldi. Qit’alar birin-ketin “yo‘q” deyayotgan paytda, loyiha amalda tirik qolishi qiyin edi.
FIFA dastlab “hech kim futbolni sotmayapti” degan rasmiy izoh bilan o‘z pozitsiyasini himoya qilishga urindi. Ammo bosim tobora kuchaydi.
Ichkaridagi zarba: Infantino maslahatchisi iste’fo berdi
Eng og‘ir zarbalardan biri tashqaridan emas, ichkaridan keldi. Infantino’ning yuqori martabali maslahatchisi, sobiq Goldman Sachs bankiri Carlos Cordeiro o‘z lavozimini tark etdi. U buni ochiq bayonot bilan izohladi: “Men FIFA Jahon chempionatidan ulush sotishni ko‘rib chiqayotgan paytda jim o‘tira olmayman”, dedi u.
Bu iste’fo FIFA ichida ham bu loyiha bo‘yicha jiddiy bo‘linishlar borligini ochib qo‘ydi. Katta pul, xususiy kapital, global turnir – bunday kombinatsiya futbol siyosatida har doim portlash xavfini olib keladi.
Reja amalga oshganida, har bir FIFA a’zo assotsiatsiyasi bir martalik 20 million dollarlik to‘lov olishi kerak edi. Bu, ayniqsa, kichik va moliyaviy jihatdan qiynalayotgan federatsiyalar uchun jiddiy raqam. Shunga qaramay, CONCACAF kabi mintaqalar ham bu puldan voz kechishga tayyor ekanini ko‘rsatdi.
Pul taklifi yetarli bo‘lmadi. Obro‘ va mustaqillik masalasi og‘irroq keldi.
Infantino tili o‘zgardi: “Bo‘lish emas, birlashtirish”
Juma kuni kechga borib, Infantino ohangini butunlay o‘zgartirdi. U bu loyiha aslida futbol oilasini kuchaytirish uchun mo‘ljallanganini, bo‘lib tashlash uchun emasligini ta’kidladı.
“Barcha fikrlarni diqqat bilan tinglaganimdan so‘ng, loyiha shunday darajadagi bo‘linishlarni keltirib chiqargani ayon bo‘ldiki, qo‘llab-quvvatlash darajasidan qat’i nazar, endi u dastlab qo‘yilgan maqsadlarga mos kelmaydi”, dedi u. “Bizning maqsadimiz har doim — va har doim shunday bo‘lib qoladi — birlashtirish va yaxshilash.”
Bu so‘zlar bilan u amalda mag‘lubiyatni tan oldi, lekin uni “futbolni birlashtirish” ritorikasi bilan yumshatishga urindi.
Keyingi qadam: yana bitta katta savol
Infantino endi “o‘yinimizdagi barcha manfaatdor tomonlarni yaqin kunlar va haftalarda yana bir stol atrofida to‘plash” niyatida ekanini bildirdi. Maqsad – futbolni butun dunyoda o‘sdirish, ayniqsa eng ko‘p yordamga muhtoj mamlakatlarda.
Savol esa ochiq qoladi: Jahon chempionati kabi turnirlar ustidan nazoratni saqlab qolgan holda, FIFA kelgusi yillarda zarur bo‘lgan milliardlab mablag‘larni qayerdan topadi?
Bugun xususiy kapital eshigi yopildi. Ertaga yana taqillatiladimi – bu esa futbol siyosatining navbatdagi katta jangini belgilashi mumkin.


