Infantino omon qoldi, lekin ishonch bo‘shashdi
Marokashda o‘tkazilgan favqulodda FIFA yig‘ilishi Gianni Infantino uchun siyosiy sud jarayoniga aylandi. U mag‘lubiyatni tan oldi, lekin kreslosini saqlab qoldi. Narxi esa – obro‘ va ishonch.
Xatolar uchun kechirim, lavozim uchun kurash
Infantino futbol tarixidagi eng keskin ichki bo‘linishlardan birini keltirib chiqargan FIFA Forward Enterprise (FFE) loyihasidan rasmiy ravishda voz kechdi. Jahon chempionati huquqlarining bir qismini xususiy investorlar qo‘liga berish rejasi tashkilot ichida haqiqiy “fuqarolar urushi”ni qo‘zg‘atdi.
Eng og‘ir zarbani esa Yevropa berdi. UEFA va qit’a grandlari birlashib, loyiha tasdiqlansa, FIFA musobaqalarini to‘liq boykot qilish bilan tahdid qildi. Bu shunchaki diplomatik ogohlantirish emas, balki prezidentlikka ochiq-oydin siyosiy ultimatum edi.
Bosim ostida qolgan Infantino nihoyat orqaga chekindi. U va FIFA bosh kotibi Mattias Grafström chorshanba oqshomida tarqatilgan qo‘shma bayonotda jarayonni tan oldi: “FFE tashkil etilishi bo‘yicha taklif jarayonida xatolar qilinganini tan olamiz. FIFA Kengashi va a’zo assotsiatsiyalar o‘zlarini chetda qolgandek his etishlari bizning niyatimiz emas edi, buni boshqacha olib borish lozim edi”, deyiladi maktubda.
Ular faqat ichki mexanizmni emas, axborot siyosatini ham tanqid ostiga oldi: “Taklif matbuotga sizdirilgach, yana xatolar qilindi. Bu xatolar uchun chin dildan uzr so‘raymiz va bunday holat qayta takrorlanmasligiga va’da beramiz. Shu maqsadda zarur ko‘rib chiqish o‘tkaziladi va hisobot navbatdagi yig‘ilishda FIFA Kengashiga taqdim etiladi”.
Yashirin norozi e-maildan “to‘liq qo‘llab-quvvatlash”gacha
Qiziq jihati shundaki, aynan Grafström ichki xatlarida loyihani “achinarli va qoralashga arzigulik” deb atagan edi. Rabatdagi rasmiy bayonot esa butunlay boshqa manzarani chizdi: tashqi dunyoga birlashgan, bir-birini qo‘llab-quvvatlayotgan rahbariyat ko‘rsatilmoqda.
Yig‘ilish yakunida tarqatilgan bayonotda shunday jumla bor: bosh kotib va yig‘ilishda ishtirok etgan boshqaruv kengashi a’zolari “211 FIFA a’zo assotsiatsiyasi tomonidan saylangan yagona rasmiy shaxs sifatida FIFA prezidenti Gianni Infantinoni to‘liq qo‘llab-quvvatlashini yana bir bor tasdiqlaydi”.
Ya’ni, ichkarida norozilik bo‘lgan bo‘lishi mumkin, lekin tashqariga faqat birdamlik chiqyapti. Matnda davom etadi: prezident, bosh kotib va boshqaruv kengashi o‘rtasidagi jarayonlar va muloqot “har doim samaradorlik va tezkorlik nuqtai nazaridan yanada takomillashtirilishi mumkin va shunday bo‘lishi kerak”ligi kelishib olingani aytiladi.
FIFA rahbariyati yakunda o‘ziga xos va’da berdi: bugungi uchrashuv natijalari tashkilot boshqaruvini mustahkamlashi, ishonchni tiklashga yordam berishi va oldinda turgan yirik turnirlar hamda sinovlarga “yagona va shaffof tarzda” tayyorlanish imkonini berishi kerak.
Hujjat tilida – o‘ta muloyim ifoda. Siyosiy maydonda esa bu ochiq signal: Infantino hozircha ketmaydi.
Marokashga va’da qilingan final?
Rabatdagi muzokaralar faqat uzr va bayonotlar bilan cheklanmagani haqida xabarlar tarqaldi. Ma’lumotlarga ko‘ra, Infantino o‘z pozitsiyasini mustahkamlash uchun kelajakdagi turnirlar atrofida ham siyosiy o‘yin o‘ynagan.
Xabarlarga ko‘ra, u Marokashga 2030 yilgi Jahon chempionati finalini berish evaziga ularning ochiq qo‘llab-quvvatlashini so‘ragan. Rasmiy tasdiq yo‘q, lekin bu turdagi bitimlar FIFA siyosatida yangilik emas. Aynan shunday kelishuvlar yillar davomida tashkilot imijini charchatib kelmoqda.
Infantino uchun esa bu – omon qolish narxi. Strategik ovozlar, muhim mezbonliklar, siyosiy ittifoqlar. Hammasi bitta maqsad yo‘lida: prezidentlikni saqlab qolish.
Figo zarbasi: “Yechim uchun uchta so‘z kifoya”
FIFA ichida birdamlik sahnalashtirilayotgan bir paytda, tashqarida kayfiyat butunlay boshqacha. Futbol olami Infantinoning uzrini osonlikcha qabul qilayotgani yo‘q.
Real Madrid va Portugaliya afsonasi, hozirda UEFA maslahatchisi bo‘lib ishlayotgan Luis Figo prezidentga nisbatan keskin chiqish qildi. U shunchaki norozilik bildirmadi, balki ochiq chaqiriq tashladi.
“FIFA dagi muammolar haqida 10 000 so‘z yozishim mumkin. Lekin yechim uchun atigi uch so‘z kifoya: Infantino must go”, dedi Figo.
Bu gaplar futbol siyosatining markaziga qadalgan nayza bo‘ldi. Ichkarida rasmiy “to‘liq qo‘llab-quvvatlash”, tashqarida esa yetakchi figuralardan biri “ketishi kerak” deb ochiq aytayotgan prezident. Ziddiyat aynan mana shu yerda.
Infantino Rabatdagi inqirozdan tirik chiqdi. Endi savol boshqacha: bu kechirim va’da qilingan islohotlar unga yana qancha vaqt beradi – va futbol jamoatchiligi bu safar chindan ham ishonadimi?


