Infantino va FIFA: Futboldagi bo‘linish chuqurlashmoqda
Gianni Infantino uchun hafta yangilandi, ammo kayfiyat emas. U yana uyg‘onadi va yana tanqid to‘lqiniga duch keladi. Go‘yo futbol siyosatida tugamayotgan “Groundhog Day”.
Bu safargi zarba UEFA, CONCACAF va AFC rahbariyatidan keldi. Ularning prezidenti va bosh kotiblari imzolagan ochiq xat FIFA va uning rahbariyatini Fifa Forward Enterprise (FFE) atrofidagi mojaroda “o‘yin halolligiga tahdid” qilishda ayblaydi. Taklif allaqachon bekor qilingan, lekin izi qolib ketdi.
Xatda aniq yozilgan: rahbarlik – mansab emas, xizmat. “Futbolda rahbarlik – egalik emas. Bu hokimiyatni ushlab turish yoki talab qilish haqida emas. Bu o‘ziga ishonch bildirgan futbol oilasiga xizmat qilish majburiyatidir”, deyiladi murojaatda.
Keyingi jumla esa to‘g‘ridan-to‘g‘ri Infantino manziliga qaratilgandek: “Ishonch aldov orqali buzilganda, shaxs o‘ziga vakolat bergan jamoaning ustiga qo‘yilganda, bu burch tark etilgan bo‘ladi.”
FFE soyasi
Mojaroning markazida turgan FFE rejasi – FIFA’ning Jahon chempionati va boshqa musobaqalardagi tijoriy hamda operatsion huquqlarining bir qismini xususiy investorlar qo‘liga sotish g‘oyasi edi. Eng og‘riqli nuqta: bu reja a’zolarga deyarli ogohlantirishsiz “tushirib” yuborilgani.
FIFA hafta oxirida bayonot chiqardi. U yerda tashkilot “ba’zi shaxslar tomonidan FIFA va uning Prezidentini obro‘sizlantirishga qaratilgan uyushgan va uzluksiz harakatlar”ni qoraladi. Shu bilan birga, FFE masalasida “xatolar qilinganini” tan oldi va taklifning taqdim etilish uslubi uchun uzr so‘radi.
Ammo uzr futbol siyosatidagi yoriqlarni yopmadi. Infantino hanuz hokimiyatdan mahkam ushlagan, tobora bo‘linib borayotgan global futbol sahnasida ittifoqchilar izlayapti.
Bo‘lingan front
Infantino butunlay yolg‘iz emas. CAF so‘nggi kunlarda prezidentni ochiq qo‘llab-quvvatladi, unga Argentina va Meksika futbol assotsiatsiyalari ham qo‘shildi.
Ammo aynan Meksikaning pozitsiyasi bo‘linishni yaqqol ko‘rsatadi. U o‘zi a’zo bo‘lgan CONCACAF umumiy chizig‘idan chiqib, alohida yo‘l tanladi. Bir konfederatsiya ichida bunday tafovut – bu shunchaki fikr farqi emas, balki global futbol boshqaruvidagi ishonch inqirozining ko‘zgusi.
Mustaqil tekshiruv talabi
Dushanba kungi ochiq xat FIFA uchun navbatdagi og‘ir zarba bo‘ldi. UEFA, CONCACAF va AFC nafaqat norozilik bildirdi, balki FFE taklifi qanday tayyorlanib, qanday ilgari surilgani yuzasidan mustaqil tekshiruv o‘tkazishni talab qildi.
“Hisobdorlik bo‘lishi kerak bo‘lgan joyda – sukut. Ochiqlik bo‘lishi kerak bo‘lgan yerda – masofa”, deyiladi xatda. “Bu futbol rahbariyatida bo‘lishi lozim bo‘lgan sifatlar emas. Biz bu pozitsiyani yengil qabul qilmadik, yakka ham emasmiz – buni o‘yin oldidagi burchimiz deb bildik.”
Ular yana bir bor futbolning eng katta kuchini eslatdi: birlashuvni. “Futbolning kuchi har doim uning birligida bo‘lgan. Endi biz shu birlikka hurmat bilan qarashni talab qilamiz – buyruq berishga intilmaydigan, balki futboldan kelib chiqib xizmat qiladigan rahbariyat uchun.”
Bosim oshgan sari, savol keskinlashmoqda: FIFA o‘zini ichidan titratayotgan bu bo‘linishni yenga oladimi yoki Infantino atrofidagi bo‘shliq yana-da kengayadimi? Hozircha esa u va FIFA to‘lqinga qarshi kurashishda davom etmoqda.


