Ian Wright: Martinelli bilan bo‘layotgan munosabatdan bezovta
Arsenal afsonasi Ian Wright klub atrofida qaynayotgan yozgi shov-shuvlar orasida eng nozik mavzulardan biriga to‘xtaldi. Uningcha, Gabriel Martinelli hozir Emirates’da o‘ziga yarasha munosabatni ko‘rayotgani yo‘q.
Braziliyalik vingerning kelajagi bir necha haftadirki savol ostida. Premier League chempioni bo‘lgan jamoa tarkibida uning o‘rni tobora xiralashayotgandek. Turkiyaning Super Lig grandlaridan Galatasaray bilan muzokaralar bo‘lgani aytilmoqda, ammo Martinelli klubga boshqa signal yuborgan: u beshlik ligalaridan tashqarida o‘ynashni istamaydi. Bu esa vaziyatni yanada murakkablashtirdi.
Shu paytda AS Roma ham uning nomini kuzatuv ro‘yxatiga kiritgani haqida xabarlar chiqdi. Biroq eng keskin zarba – maydondan emas, ro‘yxatdan keldi. Martinelli na Manchester Cityga qarshi Community Shield uchrashuvida, na juma kungi Coventry City ustidan qozonilgan g‘alabada qaydnomaga kiritildi.
Chap qanotda esa yozgi transfer Christos Tzolis ketma-ket ikki o‘yinda asosiy tarkibda maydonga tushdi va o‘zini ko‘rsatdi. Klub hujum chizig‘ini, ayniqsa, chap qanotni kuchaytirish uchun yana bir futbolchi izlayotgani sezilib turibdi.
Shu fon’da Ian Wrightning so‘zlari yanada og‘ir eshitiladi. U Sky Sports’ga bergan intervyusida ichidagi noqulaylikni yashirmadi:
“Martinelli va hozir u bilan bo‘layotgan munosabat nuqtai nazaridan gapiradigan bo‘lsak, bu meni juda noqulay his qildiradi. U har doim 100 foizini beradi, biz uni eng zo‘r deyotganimiz yo‘q, lekin u Arsenal uchun katta o‘yinlarda muhim lahzalarni yaratib bergan. Endi esa yakunida u bilan munosabat – bilaman, klub uni ketishini xohlashi mumkin, ko‘pchilik ham ‘vaqti keldi’ deyapti, lekin bunday ish qilinsa, bu unga ham mos keladigan yo‘l bilan bo‘lishi kerak”, – dedi Wright.
Savol aniq bo‘ldi: “Qanday munosabatni nazarda tutyapsiz?” Wright ham cho‘chimasdan javob qaytardi: “Bugun tarkibda yo‘qligi, u bilan gaplashilmagani, nima bo‘layotganini bilmasligi”.
U shunchaki taxmin qilmayotganini ham ochiq aytdi: “Ha, buni bilaman, bilaman. Community Shield ro‘yxatida yo‘q, bugun ham yo‘q, nima bo‘layotganini bilmaydi, shartnomasida bir yil qoldi”.
Wright keyin raqobat darajasiga ishora qildi. Uning fikricha, masala faqat o‘rin yo‘qligida emas, balki kimlar bilan solishtirilayotgani haqida.
“Agar sen Vini darajasidagi futbolchini olib kelsang, Martinelli o‘ziga: ‘Xo‘p, ular uni va Tzolisni olib keldi, men uchinchi bo‘lishim mumkin’, – deya oladi. Lekin agar Tzolisni olib kelib, Madueke ham bor bo‘lsa, o‘zingga: ‘Men bu yerda hali nimadir bera olaman-ku’, deb o‘ylaysan”, – deya tushuntirdi u.
Shu nuqtada Wrightning ohangi yanada og‘irlashdi. “Shunday bo‘la turib, uning umuman yaqiniga ham yo‘latilmayotgani meni uning o‘zi uchun xafa qiladi. U bu tarkibda hozir ko‘rayotganidan ko‘ra ko‘proq hurmatga loyiq ishlarni qilib bo‘lgan, deb o‘ylayman”, – dedi Arsenal afsonasi.
Arsenal esa hozircha sukut saqlamoqda. Martinelli – bir yil qolgan shartnoma, ortidan kuzatayotgan klublar, ichida esa o‘zini chetga surib qo‘yilgandek his qilayotgan futbolchi. Savol endi bitta: London klubi bu vaziyatni qaysi tomonga buradi – pul va yangilanish tomoniga, yoki o‘z vaqtida ishonchni oqlagan futbolchiga yuzlanib, unga ochiq javob beradimi?



