Guenther Steiner: Loyiha uchun qaytadi, oddiy ishga emas
Guenther Steiner Formula 1 sahnasidan ketganiga hali ko‘p bo‘lgani yo‘q, lekin uning nomi paddokda hanuz aylanyapti. Sababi oddiy: u eshikni butunlay yopgani yo‘q. Faqat kalit endi uning qo‘lida.
Yillar davomida Jaguar Racing va Red Bull Racing tarkibida yuqori lavozimlarda ishlagan, so‘ng esa Haas’ni noldan boshlab jamoaga aylantirgan mutaxassis o‘z kelajagini aniq chizib qo‘ygan: F1’ga qaytish – ha, lekin faqat haqiqiy loyiha bo‘lsa, navbatdagi “ofis ishi” emas.
Loyiha odatiy lavozimdan ustun
Steiner “Up to Speed” podkastida gapirar ekan, o‘tgan 10–20 yillik faoliyatiga bir nazar tashlab, o‘zi uchun aniq xulosa chiqarganini aytadi: u ish qidirgan emas, doim loyiha qurgan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, oddiy maoshli lavozim, aniq chegaralangan vakolatlar va tayyor tuzilma uni qiziqtirmaydi. Unga qurish, o‘zgartirish, yo‘nalish berish kerak. Ya’ni, stolda tayyor chizma emas, bo‘sh qog‘oz bo‘lishi lozim.
Steiner aynan shuni urg‘ulaydi: u uchun “qaytish” degani – mavjud tizimga qo‘shilib ketish emas, balki yangi yoki tubdan qayta shakllantiriladigan loyihani boshidan boshlab yo‘lga qo‘yish. Unga erkinlik, ta’sir doirasi va haqiqiy sinov kerak.
Lavozim nomi-chi? Unga mutlaqo farqsiz. U o‘zini “job title” bilan o‘lchamaydi, kartochkaga nima yozilishi emas, qo‘lida qanchalik katta loyiha bo‘lishi muhim. Shuning uchun ham u aniq aytadi: qiziqtirmaydigan rol uchun paddokka qaytmaydi.
Haas’dan ketish va yangi sahifa – MotoGP
Haas bilan bo‘lgan davr Steiner’ni global auditoriyaga tanitdi. 2014-yildan 2023-yil oxirigacha amerikalik jamoani boshqargan mutaxassis ko‘p jihatdan bu loyihaning yuzi bo‘lib qoldi. Jamoa bilan yo‘llar ajralgach, u yana bir burilish yasadi.
Endi u ikki g‘ildirakli olamda – Tech3 MotoGP jamoasida 2026-yildan boshlab CEO va hamkor-egalik maqomida. Bu ham uning xarakteriga mos qaror: yana loyiha, yana noldan shakllantirish, yana yo‘nalish berish. Ya’ni, u o‘zi yaxshi ko‘radigan maydonga – qurilish va rivojlantirish jarayoniga yana sho‘ng‘idi.
Shu fon’da uning F1 haqidagi gaplari yanada aniqroq eshitiladi: Steiner uchun Formula 1 – faqat ish joyi emas, bu katta sahnada u faqat o‘zi shakl bera oladigan rolni qabul qiladi.
2026-yil finali va Yevropa: Steiner ko‘rgan xavf
Steiner faqat o‘z kelajagi haqida emas, kalendar kelajagi haqida ham fikr bildirdi. “Red Flags” podkastida u 2026-yilgi mavsum finalini Yevropaga ko‘chirish g‘oyasini xavfli deb atadi.
Uning asosiy dalili – ob-havo. Noyabr yoki dekabr oylarida Yevropadagi sharoit – sovuq, yomg‘ir, ba’zi joylarda hatto qorga yaqin holat. Bunday paytda mavsum yakunini o‘tkazish, uning fikricha, katta tavakkal. Tomoshabinlar, trassa holati, xavfsizlik – hammasi savol ostida qolishi mumkin.
Steiner faqat ob-havo bilan cheklanib qolmaydi. U moliyaviy tomonini ham ochiq aytadi: F1 kalendaridagi har bir poyga – bu shunchaki “raqam to‘ldirish” emas. Har bir bosqich daromad keltirishi, jamoalar va promouterlar uchun iqtisodiy ma’noga ega bo‘lishi kerak. Shunchaki “yana bir Yevropa poygasi” bilan bo‘sh joyni to‘ldirish – yechim emas.
Cheklangan variantlar va Malayziya omili
Shu nuqtada variantlar keskin qisqaradi. Steiner fikricha, F1 uchun haqiqiy alternativalar ko‘p emas. Malayziyaning kalendarga qaytishi esa muhim xavfsizlik yostiqchasi vazifasini bajaradi: bu kamida 20 dan ortiq Grand Prix saqlab qolinishini ta’minlaydi.
Shu bilan birga, u Stefano Domenicali istagini ham eslatadi: chempionat ideal holatda kamida 22 bosqichdan iborat bo‘lishi kerak. Ammo aynan yil oxirida, final yaqinida mos trassa, mos ob-havo va yetarli daromad keltira oladigan yangi mezbon topish – oson topshiriq emas.
Steinerning ogohlantirishi shundan iborat: kalendarda raqamni ushlab qolish uchun shoshma-shosharlik bilan qaror qabul qilish – sportning o‘zi uchun xavf tug‘dirishi mumkin. Formula 1 bugun global sahnada eng talabchan shou bo‘lib turgan bir paytda, uning finali ham shunga yarasha bo‘lishi shart. Aks holda, mavsum yakunidagi bitta noto‘g‘ri tanlov butun yil bo‘yi qurilgan dramatik chiziqni buzib qo‘ymaydimi?



