Sport Maydon logo

Glazgodagi Hamdo‘stlik o‘yinlari ortidan bedarak bokschilar

Glasgow shahrida yakunlangan Hamdo‘stlik o‘yinlari ortidan sport maydonidan tashqarida ham savollar ko‘paydi. Shotlandiya politsiyasi ma’lum qilishicha, musobaqa tugaganidan so‘ng “bir nechta” sportchi delegatsiyalari bilan qaytmagan va hozircha ular hisobda yo‘q.

Rasmiylar aniq sonni ochiqlamadi, lekin xabarlar zanjiri allaqachon shakllanib bo‘ldi. Ugandadagi sport nashri NBS Sport ma’lumotiga ko‘ra, mamlakat bokschilar terma jamoasining to‘rt a’zosi Shotlandiyada g‘oyib bo‘lgan, ular seshanba kuni rejalashtirilgan qaytish safari oldidan delegatsiyaga qo‘shilmagan.

Shu bilan bir paytda Pakistan Today gazetasi Pokiston delegatsiyasidan ham bir bokschi bedarak ekani haqida yozdi. Demak, gap alohida holat emas, balki bir necha jamoaga taalluqli vaziyat haqida ketmoqda.

Shotlandiya politsiyasi bayonoti qisqa, lekin keskin ohangda bo‘ldi. Tashkilot vakili shunday degan:

“Police Scotland bir nechta sportchi hisobda yo‘qligi haqida xabarlar oldi. Holat bo‘yicha tekshiruvlar davom etmoqda, Vaziyatni baholash jarayoni olib borilyapti va dastlabki hamkorlik Home Office bilan yo‘lga qo‘yilgan”.

Bu kabi manzara Hamdo‘stlik o‘yinlari tarixida yangilik emas. Oldin ham bir qator sportchilar musobaqadan so‘ng boshpana so‘rash maqsadida jamoasidan ajralib qolgan. 2018 yilda Avstraliyadagi Gold Coast mezbonlik qilgan o‘yinlarda ham, 2014 yilda aynan Glasgowda o‘tkazilgan musobaqalarda ham shunday holatlar qayd etilgandi.

Bu safar ham ssenariy tanish. Minglab sportchilar, o‘nlab mamlakatlar, yuqori darajadagi xavfsizlik choralariga qaramay, o‘yinlar yakunida kimdir delegatsiya safidan chiqib ketadi. Sabablar haqida rasmiylar og‘iz ochmayapti, lekin tarixiy fon hammasini o‘z-o‘zidan eslatib turibdi.

Hamdo‘stlik o‘yinlari tashkiliy qo‘mitasi rahbari Phil Batty bo‘layotgan voqealar fonida xavfsizlik va tartib masalasini alohida urg‘u bilan tilga oldi:

“Biz shaharga 74 ta millatdan qariyb 3 000 nafar sportchini qabul qildik. Maqsadimiz – xavfsiz va tartibli o‘yinlarni ta’minlash. Shu bois Police Scotland, Border Force hamda UK visas and immigration bilan juda yaqin hamkorlik qilamiz, har bir ishtirokchining kelishi va ketishi amaldagi qoidalarga to‘liq mos bo‘lishi uchun ishlaymiz”, – dedi u.

Endi esa e’tibor maydonlardan ko‘ra ko‘proq aeroportlar, vizalar va chegaralar atrofida jamlanmoqda. Bir necha sportchining bedarak ketgani bo‘yicha tekshiruvlar davom etar ekan, savol ochiq qoladi: Hamdo‘stlik o‘yinlari medallar bilan birga yana qancha taqdirlarni tubdan o‘zgartiradi?