Gianni Infantino va FIFA Forward Enterprises: Boykot tahdidi
Gianni Infantino o‘zining Ikar lahzasiga yetib keldi.
Bir necha kun avvalgina oshkor bo‘lgan, Jahon chempionatiga ulush sotish rejasi allaqachon jiddiy zarba yedi. Reja endi nafaqat tanqid ostida, balki siyosiy omon qolish uchun kurashayotgan loyiha ko‘rinishida turibdi.
Boykot soyasi
UEFA ochiqchasiga tahdid qildi: agar FIFA bu sxemani butunlay bekor qilmasa, Yevropa assotsiatsiyalari FIFA musobaqalarini boykot qilishni ko‘rib chiqadi. Bu shunchaki keskin bayonot emas, balki dunyo futbolidagi eng qudratli blokning ochiq isyoni.
Concacaf ham bu g‘oyani rad etdi. Osiyo futbol konfederatsiyasi ham qattiq norozilik bildirdi. Infantino uchun bundan yomoni shuki, uning eng yaqin maslahatchilaridan biri, sobiq US Soccer prezidenti Carlos Cordeiro norozilik sifatida iste’fo berdi.
Shunday fon ostida FIFA hanuz reja ovozga qo‘yilishini aytmoqda. Ammo bu qarshilik darajasida, bu shaklda uning o‘tishi deyarli tasavvurga sig‘maydi. Loyihaning nomi — FIFA Forward Enterprises (FFE). Mazmuni esa: Jahon chempionati va boshqa tijoriy huquqlarga tashqi investorlarni kiritish.
Natijasi qanday bo‘lishidan qat’i nazar, bu voqea allaqachon bir narsani anglatadi: bu Infantino uchun kibrning eng yuqori nuqtasi, yillar davomida kengayib kelgan vakolat doirasi nihoyat quyoshga haddan ziyod yaqinlashgan lahza sifatida esda qoladi.
“Bu haqda matbuotdan bildim”
So‘nggi 48 soat ichida ko‘plab keskin fikrlar yangradi, lekin eng zarbali so‘zlardan biri Germaniya futbol ittifoqi prezidenti Bernd Neuendorfga tegishli bo‘ldi. U Infantino rejalari haqida ilk bor matbuot orqali bilganini aytdi.
Neuendorf o‘z mamlakatidagi Kicker nashriga shunday degan: u FIFA Kengashi a’zosi sifatida bunday miqyosdagi loyiha haqida oldindan xabardor bo‘lishini kutganini, ayniqsa bu qadar uzoq muddat ichida ishlab chiqilgani aytilayotgan bo‘lsa.
FIFA Kengashi 37 a’zodan iborat. Unda olti qit’a konfederatsiyasining vakillari bor, Infantino ham shu yerda. Bu — dunyo futbolining eng yuqori ijro organi. Ammo FFE konsepsiyasi bir yildan ortiq vaqt davomida pishitilgani aytilayotgan bo‘lsa-da, hozircha Kengash bu jarayonga jalb etilgani haqida hech qanday dalil yo‘q.
Bu o‘ziyoq tizimdagi uzilishni ko‘rsatadi.
FIFAning kechikkan izohi
Juma tongida FIFA ikki kun ichida uchinchi marta bayonot berdi. Unda “rejalashtirilgan maslahatlashuv jarayoni noto‘g‘ri matbuot xabarlari tufayli izdan chiqqani” ta’kidlandi.
Qaysi xabarlar noto‘g‘ri ekani, qanday qilib ular oldindan maslahatlashuvga to‘sqinlik qilgani aniq emas. Muhimi, zarba allaqachon berilgan. Dunyo futbolidagi eng ta’sirli shaxslar — jumladan FIFAning eng yuqori organi a’zolari — murakkab, bahsli va bo‘luvchi loyiha haqida faqat matbuot orqali bilishdi.
Bu oddiy xato emas. Bu boshqaruvdagi ishonch zanjirining uzilishi.
Kuchli futbol amaldorlari odatda katta ego bilan keladi, siyosiy og‘irligi ham yuqori bo‘ladi. Aynan shunday paytda Infantino videomurojaat bilan sahnaga chiqdi: charchagan ko‘rinishda, kamera qarshisida yozma matndan o‘qiyotgandek. Unga ko‘ra, reja noto‘g‘ri talqin qilingan, aslida bu futbol tengsizliklarini bartaraf etishga qaratilgan tashabbus.
Agar, chindan ham, bu yaxshi niyat bilan qilingan bo‘lsa — shubha ko‘zini bir lahzaga tushiring — unda nega u sir saqlangan? Nega Kengash, konfederatsiyalar, assotsiatsiyalar chetga surildi? Bu yondashuv faqat ishonchsizlik va shubha uyg‘otishi aniq edi-ku.
Javob esa achchiq: FIFA prezidenti lavozimi shunchaki ma’muriy post emas, tobora shaxsiy hokimiyat minbariga aylanib bormoqda.
Prezidentlikning chegarasi qaerda?
Bu voqeani tahlil qilarkanmiz, gap faqat Infantino haqida emas. Masala lavozimning o‘zi, uning chegaralari va cheklovlarida. Agar FIFA prezidenti shunchalik chuqur va uzoq muddatli tashabbusni hech qanday qo‘mita, kengashsiz, yopiq eshiklar ortida ishlab chiqishi mumkin deb hisoblasa, demak, tizimning o‘zi qayta ko‘rib chiqilishi kerak.
Infantinoni siyosiy qiyin ahvolga solayotgan ham aynan shu — konsensusni ochiqchasiga mensimaslik.
Bu amaldorlar ilgari ham ko‘p narsaga ko‘z yumishgan. Rossiya va Qatar Jahon chempionatlariga mezbonlik qildi, garchi tanlov jarayoni Infantino davridan avval boshlangan bo‘lsa-da, musobaqalarning o‘tkazilishi uning davriga to‘g‘ri keldi. 2030 va 2034 yilgi mundial mezbonlarini tanlash jarayoni esa Saudiya Arabistoniga raqobat chiqmasligi uchun murakkab sxemalar orqali burilib ketdi.
Boykot haqidagi chaqiriqlar avval ham bo‘lgan. Lekin bu safargi kabi aniq va jiddiy tahdid darajasiga yetmagandi. Endi esa Yevropa ochiqchasiga “yo‘q” deyapti.
Bu chiziq nega aynan shu yerda chizildi? Chunki bu safargi qadam Infantino uslubidagi tobora kuchayib borayotgan biryoqlama qarorlarning mantiqiy davomi sifatida ko‘rinmoqda.
“Sotilayotgan narsa uning emas”
So‘nggi kunlarda tez-tez takrorlanayotgan fikr: Infantino o‘ziga tegishli bo‘lmagan narsani sotmoqchi bo‘ldi. U esa tobora bu mulkni o‘ziniki deb bilayotgandek harakat qilmoqda. O‘zini ma’mur emas, futbolning vositachisi, hokimiyat egasi, bu kuchdan qanday foydalanishni belgilovchi arbob sifatida ko‘rayotgandek.
O‘tgan dekabrda AQSh prezidenti Donald Trump FIFAning ilk “tinchlik mukofoti” bilan taqdirlanganda, bu qaror kengroq organlarda muhokama qilingani haqida hech qanday dalil ko‘rsatilmagan.
Yaqindagi Jahon chempionatida har bo‘limga suvlanish tanaffuslari kiritilganda, o‘yin qoidalarini belgilovchi IFAB bilan maslahatlashilmagani aytildi. Final oldidan deyarli 30 daqiqalik shou sahnalashtirilganda ham ular chetda qolgan.
Yana jiddiyroq nuqtalar bor: Eron masalasi, siyosiy neytrallikdan voz kechish, turnir oldidan Infantino o‘tkazgan o‘sha istehzoli matbuot anjumani — “chill and relax” ohangidagi chiqish, migratsiya siyosatiga oid savollarga berilgan javoblar.
Shu bilan birga, mayda tuyulsa-da, umumiy manzarani to‘ldiradigan epizodlar ham yetarli: Folarin Balogun atrofidagi jarayon, prezidentlikning 10 yilligi munosabati bilan o‘z-o‘zini ulug‘lash, yaqinda esa Instagram sahifasida tanqidchilarini “nafrat tarqatish”da ayblab, har qanday e’tirozga mensimay qaragani.
Bularning barchasi bir narsani ko‘rsatadi: hokimiyat muvozanati buzilgan.
Tizim hushyor tortishi kerak
FIFA bu inqirozga shoshma-shosharlik bilan javob qaytardi va shu jarayonda o‘zining tayyorgarlik darajasini ham fosh etdi. Rejani tushuntirish, asoslash, savollarga javob berish uchun oldindan ishlab chiqilgan aniq kommunikatsiya strategiyasi bo‘lmagani ayon bo‘ldi.
Ehtimol, bundan ham xavotirliroq xulosa shuki: bunday strategiya umuman kerak emas deb hisoblangan. Chunki “Gianni xohlasa, shunchaki bo‘ladi” degan tushuncha tizimga singib ketgandek.
Bu safar esa ish o‘tmadi.
UEFA, Concacaf va Osiyo konfederatsiyasining ochiq qarshiligi, ichkaridan — Kengash a’zolari va maslahatchilar tomonidan kelgan zarbalar Infantino uchun ogohlantirish emas, balki og‘riqli to‘qnashuv bo‘ldi. Endi savol bitta: futbol bu lahzani o‘tkinchi mojaro sifatida unutadimi yoki aynan mana shu kunlarni FIFA prezidentligining haqiqiy chegaralarini qayta chizish nuqtasi sifatida belgilaydimi?


