Gabriel va Manchester United: 16 yoshli mo‘jiza qanday qaror qabul qiladi?
Manchester United bir tomonda, Real Madrid, Barcelona, Paris Saint-Germain va Bayern Munich boshqa tomonda. Mojaro markazida esa atigi 15 yoshli, ammo allaqachon “bir avlodda bir keladigan” iste’dod sifatida tilga olinayotgan Gabriel turibdi.
United uni qo‘yib yuborish niyatida emas. Klub rahbariyati esa hozir bitta maqsadga qaratilgan: yigitning fikrini o‘zgartirish.
Ratcliffe bosim ostida, vaqt esa ishlamayapti
INEOS rahbari Sir Jim Ratcliffe allaqachon bir qator ommabop bo‘lmagan qarorlari sabab muxlislar g‘azabiga uchragan. Endi esa u uchun chindan ham sinov payti keldi: agar Gabriel qo‘ldan chiqsa, bu xato yillar davomida eslatib turiladigan yaraga aylanishi mumkin.
Gabrielning shartnomasi kelasi yozgacha amal qiladi. U klubning to‘liq vaqtli modeli yoki stipendiyadagi o‘yinchisi emas. Agar u 16 yoshga to‘lganda — 16 oktabr kuni — Yevropa pasportiga ega bo‘lsa, texnik jihatdan erkin ravishda Yevropa Ittifoqi klublaridan biriga o‘tishi mumkin.
United hozir aynan shuni o‘rganmoqda. Otasi Joe O’Cearuill — sobiq professional futbolchi, Irlandiya terma jamoasi uchun ikki marta maydonga tushgan. Onasi esa Kipr yunonlaridan. Brexit qoidalariga ko‘ra, ikki fuqarolikka ega bo‘lgan bunday futbolchi 18 yoshga to‘lmasdan Angliyadan Yevropa Ittifoqi mamlakatiga ko‘chib o‘tishi mumkin.
O‘tgan yili United Gabrielni Manchester City qo‘lidan olib qolgandi. Bu safar jang ancha og‘irroq. Balki kech bo‘lgandir ham.
Mashg‘ulotga kelmagan yulduz va yo‘qqa chiqqan debyut
Hamma narsadan darak beradigan kichik detal: Gabriel shanba kuni asosiy jamoa mashg‘ulotida qatnashishi kerak edi. Kutilgan paytda kelmadi. Bu haftada Carrington bazasida ham ko‘rinmadi.
Michael Carrick uni chorshanba kuni kechqurun Old Traffordda bo‘lib o‘tadigan Carabao Cup uchinchi bosqichidagi Brighton uchrashuvi uchun tarkibga qo‘shmoqchi edi. Agar maydonga tushganida, u klub tarixidagi eng yosh futbolchi sifatida yozilardi. Endi bu reja rasman bekor bo‘ldi.
United akademiyasi Marcus Rashforddan beri haqiqiy super yulduz yetkazib bermagan. Gabriel esa 11 yoshida akademiyaga qadam qo‘yganidan buyon umid chirog‘i bo‘lib kelmoqda. Ikkala oyog‘ini birday ishlata oladigan, tor zonalardan sirg‘alib chiqib ketadigan, darvoza tomon bir qarash yetgan zahoti aniq zarba bera oladigan hujumchi.
Uni Lionel Messi bilan solishtirish unga yomonlik qiladi, lekin o‘yin uslubi jihatidan Neymar esga tushadi. Hatto u ham xuddi Neymar kiyadigan Nike butsalari modelida o‘ynaydi. 2025 yil mart oyida sport brendi bilan foydali shartnoma uzaytirgani ham bejiz emas.
Rekordlar ortidan rekordlar
O‘tgan mavsumda Gabriel 14 yoshida United U18 jamoasiga ko‘tarildi — yana bir rekord. 21 ligaga teng o‘yinda 20 ta gol urdi. Natijada ilk marta topshirilayotgan Premier League U18s Player of the Year mukofotini qo‘lga kiritdi va United tarixidagi eng yosh Jimmy Murphy Young Player of the Year sovrindori bo‘ldi.
Avgust oyida u U21 darajasiga ko‘tarildi. Ipswichga qarshi debyutida ikkita golli uzatma va nafis “chip” zarbasi bilan 5:0 hisobidagi yirik g‘alabaga hissa qo‘shdi. Oradan yetti kun o‘tib, Leicester City ustidan 4:1 hisobidagi g‘alabada ham gol urdi.
Bularning barchasi bitta haqiqatni ko‘rsatadi: bu o‘smir rivojlanish bosqichida o‘z tengdoshlaridan ancha oldinda. United hujum chizig‘ida ilhom yetishmayotgan bir paytda Carrickdan uni asosiy jamoaga qo‘shishni talab qilayotganlar soni oshib borayotgani bejiz emas. Ayniqsa Arsenal safida porlayotgan Max Dowman fonida.
Dowman, Nwaneri va “agar yetarlicha yaxshi bo‘lsang, yoshing muhim emas” falsafasi
2022 yil sentyabrida Ethan Nwaneri 15 yosh-u 181 kunligida Brentfordga qarshi o‘yinda maydonga tushib, Premier League tarixidagi eng yosh futbolchiga aylangandi. So‘nggi bir yilda uning o‘sishi biroz sekinlashdi, Arsenal uni Marseille va Borussia Dortmundga ijaraga berdi, ammo baribir 19 yoshida 50 dan ortiq o‘yin o‘tkazib ulgurgan, kelajagi yorqin futbolchi.
Arsenal bu falsafadan voz kechgani yo‘q. Max Dowman — bunga yangi dalil. 2025 yil avgustida Mikel Arteta uni Leeds Unitedga qarshi o‘yinda maydonga tashlab, Premier League tarixidagi ikkinchi eng yosh futbolchiga aylantirdi. Mart oyida esa Dowman Everton darvozasiga kiritgan yakkakurash goli bilan James Vaughan rekordini yangiladi: 16 yosh-u 139 kunligida ligadagi eng yosh to‘purarga aylandi.
May oyida u eng yosh chempion sifatida tarixga kirdi. Bu hafta esa Carabao Cup doirasida Ipswichga qarshi o‘yinda dubl qayd etib, Arsenalni 4:2 hisobidagi g‘alabaga yetakladi va Wayne Rooneydan keyin 16 yoshida yirik musobaqada dubl qayd etgan ikkinchi futbolchi bo‘ldi.
Dowman allaqachon Arsenal safida 14 ta o‘yinda maydonga tushdi. Uning texnikasi va jismoniy yetukligi kombinatsiyasi Artetani uni chetda qoldira olmaydigan darajaga olib kelgan. Arteta o‘zi ham Dowmanni Messi bilan bir qatorda tilga olgan, ammo uni ehtiyotkorlik bilan, bosqichma-bosqich o‘stiryapti.
U Ipswichdan keyingi chiqishida bir narsani aniq aytdi: 16 yoshli futbolchini bu ligada ehtiyot qilish kerak, bosim haddan tashqari katta.
Gabriel va Dowman: turlicha tana, turlicha vaziyat
Gabriel jismonan Dowmanga tenglasha olmaydi. U juda yengil gavdali, ko‘pincha maydondagi eng kichik futbolchi. Ha, xarakteri, qat’iyati bu kamchilikni qisman yopadi, lekin shoshma-shosharlik United uchun qimmatga tushishi mumkin.
Agar u asosiy jamoaga kiritilib, darhol portlab bersa-chi? Shunda Carrick uni har hafta o‘ynatishga majbur bo‘ladi, bu esa yosh gavdaga juda katta yuk. Artetada Dowmanni navbatma-navbat ishlatish imkoniyati bor, chunki Arsenal tarkibi chuqur, g‘alabalar barqaror, rotatsiya qilish oson.
United esa butun chiziqlar bo‘ylab ancha zaif, o‘yin darajasi tebranib turibdi. Carrick birdan Gabrielni chetga olsa, uni “qo‘rqoq”likda ayblashadi. Agar Gabriel o‘ynab, o‘zini ko‘rsata olmasa, bu safar “ortiqcha bo‘rttirilgan” prospect tamg‘asi yopishtiriladi.
Shu nuqtada Carrickning hozircha ehtiyotkor yo‘l tutayotgani ma’lum bo‘ladi. United akademiyasi tarbiyalanuvchisi Danny Simpson ham shunday fikrda.
U GOAL bilan suhbatda, Free Bets homiyligida, Arsenal va Dowman misolini eslatib, bitta haqiqatni ta’kidladi: Dowman uchib ketayotgan, sifatga to‘la, ikkinchi tarkibi ham chempion bo‘la oladigan jamoaga kirib kelmoqda. U o‘zi Unitedda debyut qilgan davrni esladi: 2:0, 3:0 hisobidagi o‘yinlarda 10 daqiqaga maydonga tushish, yonida esa “ikkinchi tarkib” bo‘lsada, Premier League yutadigan darajadagi futbolchilar.
Bugungi United esa boshqacha. Shuning uchun Simpsonningcha, Gabrielni shoshirmaslik kerak: u Shea Lacey bilan bo‘lgani kabi avval mashg‘ulotlar, keyin asta-sekin to‘g‘ri paytni kutishi lozim.
Yamal, La Liga va tezkor shon-shuhrat vasvasasi
Biroq ambitsiyali o‘smirni to‘xtatish oson emas. U atrofga qaraydi va o‘z tengdoshlarining uchib ketayotganini ko‘radi. Dowman bilan farqini tushunsa ham, Barcelona safida porlayotgan Lamine Yamalga havas qilmay iloji yo‘q.
Yamal ham 15 yosh-u 9 oy-u 16 kunligida Barcelona uchun debyut qilganida juda ozg‘in edi. Qattiq to‘qnashuvlarga ochiq nishon bo‘lib ko‘ringan. Ammo uning portlovchan tezligi va futbolni o‘qish qobiliyati raqiblarni aldashga yetdi.
La Liga jismoniy jihatdan Premier League kabi og‘ir emas. Bu yerda pressingdan ko‘ra taktik intizom va to‘pni saqlash muhimroq. Texnik futbolchilar uchun ideal makon. Premier League kabi vaqt deyarli bo‘lmaydigan, to‘qnashuvlar ko‘p bo‘lgan muhitda Yamal bu qadar tez yorqinlasharmidi? Bu savol ochiq qoladi.
Gabriel esa, ehtimol, Barcelona yoki Real Madrid uni tezroq yulduzga aylantiradi, deb o‘ylayotgandir. Bunday fikr tushunarli, ammo xavfli sodda qarash ham. Yamal Barcelona safida debyut qilganida, klub Xavi boshchiligida La Liga chempionligiga ketayotgan, ammo Champions League guruh bosqichidayoq uchib ketgan edi. Raphinha, Ousmane Dembele, Ferran Torres bugungidek shaklda emasdi, raqobat darajasi boshqacha edi.
Hozirgi Barcelona esa Yamal, eng yuqori formadagi Raphinha, Anthony Gordon, Karim Adeyemi va Gabriel Jesusga tayanishi mumkin. Real Madridda esa Jose Mourinho qo‘l ostida Kylian Mbappe, Vinicius Junior, Jude Bellingham, Yan Diomande kabi yulduzlar saf tortgan.
Bunday tarkiblar orasida 16 yoshli hujumchining muntazam o‘yin amaliyotiga ega bo‘lishi qanchalik real?
Unitedning chizig‘i: hech kim klubdan kattaroq emas
Qaysi qarorni tanlamasin, Gabriel baribir sabr qilishiga to‘g‘ri keladi. Lekin muntazam o‘yin amaliyotiga eltuvchi eng ravshan yo‘l aynan Unitedda turibdi. “Hammasini hozir, darrov” degan pozitsiya oxir-oqibat o‘ziga qarshi ishlashi mumkin.
Bitta chiziq aniq: United hali GCSE imtihonlarigacha 18 oy bor bo‘lgan o‘smir tomonidan shantaj qilinadigan klub emas. Qancha iqtidorli bo‘lmasin. Carrick va akademiya murabbiylari hozirgacha Gabriel uchun to‘g‘ri ish qilib kelgan, agar u o‘ziga kelib, boshini sovutsa, bundan keyin ham shunday bo‘ladi. Aks holda, uni ushlab qolishning ma’nisi qolmaydi.
Uzoq cho‘zilgan saga esa mavsum boshidagi muvaffaqiyatsizliklardan keyin o‘ziga kelishga urinayotgan jamoani chalg‘itadi, xolos. Kim turtayotganidan qat’i nazar, Gabriel hozir o‘zini haddan tashqari imtiyozli his qilayotgandek ko‘rinadi.
United tarixidagi buyuk mahalliy yulduzlar — George Best, Sir Bobby Charlton, Ryan Giggs, David Beckham, Paul Scholes, Gary Neville — hech narsa ularga tayyor holatda berilmaganini juda yaxshi bilishgan. Ular mehnat qilgan, kutgan, raqobatni yenggan. Standartlar maydonda ham, undan tashqarida ham eng yuqori bo‘lgan.
Ruben Amorim qisqa va muvaffaqiyatsiz davrida ko‘p narsani noto‘g‘ri qilgan bo‘lishi mumkin, ammo bir fikrida aniq edi: bu klubda “hammasiga haqlik” kayfiyati xavfli darajada kuchaygan. U og‘ir paytlar yoshlar uchun ham zarur, deb aytgandi. Har doim maqtov, imtiyoz, erkalash emas, balki kurash, chidash, yengish orqali o‘sish kerakligini ta’kidladi.
Gabriel uchun chiziq qaerda chiziladi?
Bugungi kayfiyati bilan Gabriel Unitedning mashhur qizil libosida jiddiy farq qiladigan o‘yinchi bo‘la olmaydi. Eng muhim saboq shuki: hech kim klubdan kattaroq emas.
Agar bu haqiqat unga yetib bormasa, United uchun eng to‘g‘ri yo‘l bitta bo‘lib qoladi: Gabrielga eshikni ochib, uni o‘z brendini boshqa joyda qurishga qo‘yib berish. Savol esa shunday: 16 yoshli mo‘jiza qaysi yo‘lni tanlaydi — sabr va meros yo‘lini, yoki tezkor shon-shuhrat ortidan quvib, o‘zini yo‘qotish xavfini?



