Sport Maydon logo

Fury va Joshua: Britaniyalik gigantlar Nyu-Yorkda jang qiladi

Tyson Fury nihoyat og‘izdan chiqqan gapni rasman tasdiqladi. Uzoq yillardan beri kutib kelinayotgan britaniyalik og‘ir vazn gigantlari to‘qnashuvi – Fury va Anthony Joshua jangi endi Madison Square Garden sahnasiga ko‘tarilishi kutilmoqda.

Sobiq jahon chempioni bu xabarni Instagram’dagi posti orqali ochdi: Nyu-York manzarasi fonida Fury va Joshua aks etgan promo tasvir, ostida esa qisqa, lekin baland ohangdagi yozuv. Sana yo‘q, lekin niyat aniq.

“Qanday joy – NYC, qanday arena – MSG, va qanday jang – Fury vs AJ, imkoniyatlar yurti,” deb yozdi Fury. “Yigitlar uchun Nyu-Yorkda mastona dam olishga ajoyib hafta oxiri. Ikonik! Ko‘p qolmadi, yigitlar.”

Joshua esa bu postda belgilab qo‘yilmadi. Ikki karra jahon chempioni ham, uning promouterlik kompaniyasi Matchroom Boxing ham xabar paydo bo‘lgan paytga qadar arena borasida rasman og‘iz ochgani yo‘q.

Noyabr maqsad qilingan, lekin sana hali muhrlanmadi

Jangning o‘zi noyabr oyida o‘tkazilishi kutilmoqda. 20 noyabr sanasi asosiy variant sifatida tilga olinmoqda, ammo rasmiy tasdiq berilmagan.

Muhimi shundaki, ikki bokschi ham Saudiya Arabistonining General Entertainment Authority raisi Turki Alalshikh bilan bu kutilgan superjang bo‘yicha shartnoma imzolagan. Endi esa sahna tanlovi keskin burilish oldi.

Joshua dastlab qat’iy edi: jang Buyuk Britaniyada bo‘lishi kerak, degan pozitsiyani ushlab turgan. Wembley kabi arenalar tilga olinayotgan bir paytda, loyihaga qo‘shilgan yirik tashkilotchilar – jumladan, striming giganti Netflix va Alalshikh tomoni – jangni AQShga olib chiqish uchun bosimni kuchaytirdi. Shundan keyin muzokaralar yo‘nalishi o‘zgardi.

Pul, soliq va prinsiplar to‘qnashuvi

Matchroom raisi Eddie Hearn avvalroq Joshua jamoasi Angliyani afzal ko‘rishini yashirmagan, lekin hamma narsani hal qiladigan omil – moliya ekanini ham tan olgan.

“Biz jangni AQShda qilishni xohlamaymiz, lekin hamma tomon uchun ishlashi kerakligini ham tushunamiz,” degan edi Hearn.

Uning asosiy tashvishi – soliq. Amerika hududida jang o‘tkazilishi Joshua sof gonorarini sezilarli darajada qisqartirishi mumkin. Hearn buni ochiq aytdi: ular AQShdagi soliq yukini yumshatish bo‘yicha o‘z pozitsiyasini aniq bayon qilganini, bu masala hal etilishi mumkinligini, va shu yo‘l Joshua tomonini qoniqtirishi kutilayotganini ta’kidladi.

U bir necha kun avval qaror cho‘zilmasligini ham aytib qo‘ygandi: “Bu hafta ichida qaror qilishimiz kerak bo‘ladi. Ular javob berishdi, bizning shartlarimizni olishdi. Endi navbat ularda.”

Fury’ning Madison Square Garden haqidagi posti aynan shunday keskin muzokaralar fonida paydo bo‘ldi. Shu zahoti muxlislar o‘rtasida savol ko‘tarildi: nega so‘nggi yillarning eng yirik britaniyalik og‘ir vazn to‘qnashuvi Atlantika ortiga ko‘chmoqda, nega Wembley emas, nega London emas?

Madison Square Garden – tarixga qo‘shilayotgan yangi bob

Biroq sport tarixida MSG nomi bejiz afsonaga aylanmagan. Muhammad Ali, Joe Frazier, Lennox Lewis – bu arena og‘ir vazn tarixining eng keskin sahnalariga guvoh bo‘lgan. Endi esa bu ro‘yxatga Fury – Joshua nomi ham qo‘shilishi mumkin.

Joshua uchun bu qaror oson bo‘lgani yo‘q. U uzoq yillar davomida o‘z imperiyasini Britaniya stadionlarida qurgan, Wembley va boshqa arenalarni to‘ldirgan, milliy bayroq ostida chempionlik kamarlarini himoya qilgan. Endi esa eng katta britaniyalik ichki to‘qnashuvlardan biri “neytral” maydonga, global sahnaga ko‘chmoqda.

Fury esa bunday sahnalar uchun tug‘ilgandek. Uning Nyu-York va Las-Vegasdagi janglari, shou elementlari, mikrofon oldidagi erkinligi MSG tribunalari uchun aynan kerak bo‘lgan “shovqin”ni va’da qilmoqda.

Yillar davomida kutilgan to‘qnashuv

Bu jang bir kunning qarori emas. Fury ham, Joshua ham og‘ir vazn tepasida yillar davomida yurdi, chempionlik kamarlarini taqib, ularni yo‘qotib, yana qayta olg‘an. Muxlislar esa shu paytgacha “qachon?” degan savol bilan yashab keldi.

Endi “qayerda?” degan savolga ham deyarli javob topildi. Qolgan ikki nuqta – rasmiy sana va Joshua tomonining yakuniy tasdig‘i.

Bir narsa aniq: agar Fury’ning so‘zlari rasmiy bayonnomalarga aylanib, Joshua lageri ham MSG variantiga tamoman rozi bo‘lsa, og‘ir vazn tarixidagi eng bahsli savollardan biri ring markazida yechim topadi.

Shu paytga qadar esa hammasi bitta nuqtaga borib taqaladi: Joshua va uning jamoasi bu jangni Nyu-York chiroqlari ostida qabul qiladimi yoki Britaniya stadionlari orzusi oxirgi daqiqada yana o‘z so‘zini aytadimi?

Pinco Avto Omad — 12 ta avto uchun sovrinli o‘yinga qo‘shil