Filadelfiyada jang: Islam Makhachev va Ian Machado Garry o'rtasidagi to'qnashuv
Filadelfiya kechasi. Sahna – Xfinity Mobile Arena’ning markazi, ammo jang hali boshlangani yo‘q. Shunga qaramay, zaldagi havo allaqachon oktagondagidek tarang.
Ceremonial weigh-in yakuniga yetar ekan, ko‘zlar faqat ikkita odamga qadaldi: chempion Islam Makhachev va uni ta’qib qilayotgan Ian Machado Garry.
Ular bir-biriga qarshi turdi. Bir qadam ham orqaga chekinmadi.
Rekord, kamar va meros
Bu shunchaki UFC 330 asosiy jangi emas. Bu karta markazidagi duel natijasi promoushen tarixiga yoziladi.
Islam Makhachev (28-1 MMA, 17-1 UFC) g‘alaba qozonsa, u UFC tarixidagi eng uzun g‘alabalar seriyasini yakka o‘zi egallaydi – 17 ta ketma-ket g‘alaba. Kamarini saqlab qoladi. Eng muhimi, pound-for-pound reytingidagi 1-raqamli maqomini mustahkamlaydi.
O‘sha paytda oktaqonning narigi tomonida turgan Ian Machado Garry (17-1 MMA, 10-1 UFC) uchun bu jang boshqa ma’noga ega. U g‘alaba qozonsa, nafaqat welterweight chempionlik kamarini taqadi, balki kompaniya tarixidagi ikkinchi irlandiyalik chempion sifatida Conor McGregor yoniga chiqadi. Bir mamlakat, ikki turli avlod, bir xil orzu.
Tarozidan o‘tish – faqat rasmiy marosim. Ammo bugun bu marosim ham ruhiy urush maydoniga aylandi.
Nigohlar to‘qnashuvi
Chempion va da’vogar sahnada yuzma-yuz turganida, zaldagi shovqin biroz pasaydi. Jangchilarning ko‘zlarida esa aksincha – olov kuchaydi.
Ular bir necha soniya jim turdi. So‘ngra so‘zlar almashdi. Mikrofon ushlanmadi, ammo lablarning harakati, tana tilidagi keskinlik, yuzdagi tarang chiziqlar – hammasi bir narsani aytardi: orqaga yo‘l yo‘q.
Bu paytda rekordlar, statistikalar, reytinglar chetga suriladi. Bir tomonda – o‘z hukmronligini davom ettirishni istayotgan chempion. Ikkinchi tomonda – tarixni buzib kirishga tayyor bo‘lgan da’vogar.
Filadelfiyadagi bu so‘nggi staredown jang haftasining nuqta emas, undov belgisi bo‘ldi. Endi savol bitta: ertaga oktagonda kim o‘z hikoyasini davom ettiradi, kim esa uni boshqatdan yozishga majbur bo‘ladi?



