Sport Maydon logo

Evertonning Mavsumidagi O'zgarishlar va Qiyinchiliklar

O‘tgan mavsumning katta qismida Everton yuqoriga qarab yashadi. Turnir jadvalida ham, kayfiyatda ham.

Ijaraga olingan Jack Grealish bir zumda stadionning sevimlisiga aylandi. Yozgi transfer oynasidagi boshqa asosiy kelishuv – Kiernan Dewsbury-Hall – muhim pallalarda o‘yinni tortib chiqadigan, natijani hal qiladigan futbolchi bo‘lib chiqdi. Hujumchilar Thierno Barry va Beto esa mavsum boshidagi qiynalishlardan chiqib, nihoyat gol ura boshlashdi.

21 mart kuni Chelsea ustidan 3:0 hisobidagi ishonchli g‘alaba Evertonni Premier League jadvalida sakkizinchi pog‘onaga ko‘tardi. Chempionlar Ligasi zonasi atigi uch ochko narida, oldinda esa yetti tur. Tribunalar orzu qila boshladi. Ammo orzular uzoqqa cho‘zilmadi.

Orzudan qulashi tez bo‘ldi

Shu o‘yindan keyin Everton birorta ham uchrashuvda g‘alaba qozona olmadi. Bu – David Moyes 2025 yilda klubga qaytgandan beri eng uzun g‘alabasiz seriya.

11 aprel kuni Brentford maydonida 2:2 hisobidagi durang – o‘ziga xos burilish nuqtasi bo‘ldi. Shundan so‘nggi davr kesimida ko‘rsatkichlar bo‘yicha Everton ligada so‘nggi uchlikka tushib ketdi. Bu oraliqda uchrashuv yutolmagan atigi uch jamoa bor edi: tushib ketgan Burnley, Wolves va Evertonning o‘zi.

Shunga qaramay, 2025–26 yilgi mavsumning so‘nggi uy uchrashuvi arafasida, Sunderlandga qarshi o‘yindan oldin, klub Yevropa yo‘llanmasi uchun kurashdan umidini uzmagandi. CEO Angus Kinnear dastur sahifasida o‘zini “xursand, lekin qoniqmagan” deb ta’rifladi – chalkash, noaniq jumla. Oradan ko‘p o‘tmay, bu kayfiyat 3:1 hisobidagi mag‘lubiyatdan so‘ng keskin o‘zgardi.

Yangi ko‘tarilgan Sunderland mavsumni yettinchi o‘rinda yakunlab, 53 yildan keyin ilk bor Yevropa maydoniga yo‘l oldi. Everton esa yana o‘rtalarda qoldi.

Bir xil o‘rin, mutlaqo boshqa kayfiyat

Moyes uchun bu holatning achchiq tomoni shuki, u qaytganidan beri Everton ketma-ket ikki mavsumni 13-o‘rinda yakunladi. Lekin bu ikki 13-o‘rinning mazmuni butunlay boshqa.

U klubga 18 oy avval qaytganda, Everton tushish chizig‘idan atigi bir ochkoga yuqorida edi. Mavsum yakunida esa xavfli zonadan 23 ochko oldinda bo‘lishdi. Qutulib qolish emas, barqarorlikka ilk qadam sifatida qabul qilindi.

Keyingi yoz esa klub rekordini yangilagan transfer oynasi bo‘ldi: 2025–26 mavsumidan oldin 97 million funt sarflandi – yozgi oynadagi eng katta sof xarajat. Natija? Yana 13-o‘rin, faqat bitta ochkoga ko‘proq.

Sobiq yarim himoyachi, hozir tahlilchi bo‘lib ishlayotgan Leon Osman buni baribir ijobiy jarayon deb biladi. Moliyaviy qoidabuzarliklar, ochko olib tashlashlar, tushib ketish xavfi bilan o‘tgan yillardan so‘ng ketma-ket ikki mavsum o‘rtalarda turish – uningcha, bu ham natija.

“David Moyes kelganida juda kuchli start oldik, – deydi u. – Bu holat bir yildan ko‘proq vaqt davom etdi. Pastga tushish esa o‘tgan mavsum oxirida boshlandi. Shunga qaramay, men o‘tgan mavsumni ham taraqqiyot deb hisoblayman. Biz aynan shuni xohlagan edik – natija va barqarorlik.”

Katta pullar, kichik foyda

63 yoshli Moyes so‘nggi yillarda eng ko‘p sarflayotgan klublar bilan raqobat qilish qanchalik qiyinligini bir necha bor aytgan. So‘nggi besh yil ichida sof transfer xarajatlari bo‘yicha Everton hozirgi Premier League jamoalari orasida atigi 15-o‘rinda.

Ammo ligaga qarasangiz, boshqa misollar bor. Bournemouth o‘tgan yozda hammani ortda qoldirdi – lekin xarajat bo‘yicha emas, tejash bo‘yicha. Ular futbolchi sotishdan 81 million funt foyda ko‘rishdi va baribir oltinchi o‘rinda yakunlashdi. Brighton esa 41 million funt daromad qilgan holda sakkizinchi bo‘ldi.

Everton esa zamonaviy Hill Dickinson Stadiumga ko‘chib o‘tib, yangi davr boshlanishiga ishongan edi. Ammo raqamlar bu orzuni tasdiqlamadi: o‘tgan mavsumda yangi stadiondagi o‘yinlarda o‘rtacha 1,2 ochko – Premier League tarixida yangi arena bilan debyut qilgan jamoalar orasida eng past ko‘rsatkich. Bunga qarshi fon – safardagi kuchli o‘yinlar, bu borada Everton eng yaxshi yettilikdan joy oldi.

Osman fikricha, Bournemouth va Brighton o‘z rivojlanish bosqichida ancha oldinga ketgan. Everton esa hali ham yangi stadion, yangi boshqaruv, notinch yillardan keyin o‘zini topish bilan band. Uningcha, yanvar oyida Grealishning jarohati ham burilish nuqtasi bo‘ldi.

Statistika buni ochiq ko‘rsatadi: Grealish maydonda bo‘lganida Everton 45 foiz o‘yinlarda g‘alaba qozondi, o‘rtacha 1,6 ochko to‘pladi. U yo‘qligida bu ko‘rsatkichlar 22 foiz va 1 ochkogacha tushib ketdi.

“David Moyes juda talabchan, intensiv murabbiy, – deydi 45 yoshli Osman. – Mavsum oxiriga kelib, kichik tarkib bu bosimni ko‘tara olmadi. O‘zgarishlar vaqt talab qiladi. Eng muhimi – hech kim endi tushib ketish haqida o‘ylamayapti. Bu Moyes qilgan ishni ko‘rsatadi. Uning shartnomasida 12 oy qoldi va men u bu muddatni oxirigacha ishlab berishiga ishonaman.”

Transfer siyosati: qayta qurilish davom etmoqda

Bournemouth va Brighton muvaffaqiyatining markazida – aniq, tizimli skauting va transfer modeli. Evertonda esa bu yo‘nalish hanuz yo‘lga qo‘yilmoqda.

Farhad Moshiri davrida kamida 20 million funt evaziga olingan sakkiz nafar futbolchi klubni hech qanday tovon puli keltirmasdan tark etdi. Bir necha yil davomida qisilgan byudjetdan so‘ng, o‘tgan yozda Friedkin Group boshqaruvida to‘qqiz nafar yangi futbolchi kelib qo‘shildi. E’tibor asosan yoshga qaratildi, lekin bu strategiya hozircha to‘liq samara bergani yo‘q.

Grealish va Dewsbury-Hall transferlari o‘zini oqladi. Biroq 20 yoshli qanot futbolchisi Tyler Dibling Southamptondan 35 million funtga kelgan bo‘lsa-da, atigi oltita o‘yinni asosiy tarkibda boshladi. Bayern Munichdan kelgan yosh chap himoyachi Adam Aznou esa hali ham Premier League debyutini kutyapti.

23 yoshli hujumchi Barry birinchi mavsumidayoq havodagi kurashlarda liganing eng yaxshi ko‘rsatkichini qayd etdi, ammo darvoza oldida barqarorlik yetishmadi. 24 yoshli yarim himoyachi Merlin Rohl esa mavsumning katta qismini zaxirada o‘tkazib, faqat may oyidagi to‘rt o‘yinda asosiy tarkibda maydonga tushgach, o‘z salohiyatini ko‘rsata boshladi.

BBC Radio Merseyside muxbiri Giulia Bould ma’lumotiga ko‘ra, ta’sirchan o‘yin ko‘rsatgan Grealish shu transfer oynasi oxirida yana ijaraga qaytishi kutilmoqda. U hali ham oyog‘idagi stress sinishidan tiklanmoqda, maoshi esa haftasiga qariyb 200 ming funt atrofida qoladi.

Bu orada Iliman Ndiaye Saudiya Arabistoniga o‘tishi mumkinligi haqida xabarlar paydo bo‘lgan.

“Grealishni qaytishini istardim, lekin faqat klub uchun maqbul narxda, – deydi Osman. – Ndiaye esa… uni yo‘qotishni aslo xohlamayman. Albatta, bir payt kelib, taklif shunchalik yaxshi bo‘ladiki, Everton bu pul evaziga ikki-uch futbolchi olib kelishi mumkin. Lekin klub qo‘lidan kelgan barcha ishni qilib, uni ushlab qolishi kerak deb o‘ylayman.”

Tajriba ketmoqda, mas’uliyat yoshlarga qolmoqda

Seamus Coleman va Idrissa Gueye ketishi bilan Everton 600 dan ortiq Premier League o‘yinlik tajribasidan ayrildi. Shu bois klubning Norgaardga bo‘lgan qiziqishi tushunarli. Yana bir zarba – muhim markaziy yarim himoyachi James Garner qovurg‘a sohasiga qilingan operatsiyadan so‘ng mavsum startini o‘tkazib yuboradi.

Hozirgi holatda Moyes g‘alati paradoksda qolmoqda: u ishonishga unchalik shoshilmayotgan yosh futbolchilariga tobora ko‘proq tayangan holda mavsumni boshlashi mumkin.

“Ular o‘zlarini ko‘rsatishi, bu darajaga munosib ekanini isbotlashi kerak, – deydi Osman. – Umid qilamanki, bir yil ichida talablarni, bosimni tushunib olgan Dibling, George kabi futbolchilar keyingi qadamni tashlaydi. Shunda birdaniga tarkibimiz ancha ishonchli ko‘rinishga ega bo‘ladi.”

Everton uchun savol endi bitta: bu barqaror, lekin turg‘un o‘rtamiyonalik uzoq davom etadimi yoki Hill Dickinson Stadium nihoyat Yevropaga qaytish sahnasiga aylanadimi?