Sport Maydon logo

Eva Carneiro: 11 yil avvalgi mojaro qayta alangalandi

José Mourinho haqidagi yangi Netflix hujjatli filmi eski jarohatni yana ochdi. Va bu safar Eva Carneiro jim qolmadi.

2015-yil avgustidagi o‘sha mash’um kun – "Chelsea" ning "Swansea City" ga qarshi 2:2 hisobidagi o‘yini – yana kun tartibiga qaytdi. Filmda Mourinho o‘sha voqeani eslar ekan, Eden Hazardga yordam ko‘rsatish uchun maydonga yugurib kirgan shifokorlar, jumladan, Carneiro va bosh fizioterapevt Jon Fearnni yana bir bor ayblaydi. Uningcha, ular xato qilgan.

Carneiro bunga javobni uzoq kutdirmadi. U ijtimoiy tarmoqlarda, X platformasida qisqa, ammo og‘ir mazmundagi post qoldirdi: 11 yil o‘tdi, lekin u uchun eng og‘ir lahzalar yana jonlanmoqda. U kinoya bilan, hech bo‘lmaganda bundan kimdir pul topgandir, degan mazmunda yozdi.

Terryga qaratilgan keskin javob

Filmda nafaqat Mourinho, balki o‘sha paytdagi sardor John Terry ham murabbiy pozitsiyasini qo‘llab-quvvatladi. Terryning aytishicha, futbolchilar va tibbiy shtab o‘rtasida yozilmagan kelishuv bo‘lgan: agar jarohat "juda, juda jiddiy" bo‘lmasa, shifokorlar maydonga kirmaydi.

Carneiro bu talqinga to‘g‘ridan-to‘g‘ri zarba berdi. U yozma murojaatida tibbiy xodimlar "mediko-huquqiy kodeks" bilan bog‘langanini eslatdi va Terryga nishon qildi: u o‘yin qoidalarini o‘rganib chiqishi "haqiqatdan ham sog‘lom" bo‘lishini yozdi. "Ancha vaqt o‘tdi, do‘stim", deya yakunladi u o‘tkir ohangda.

U shu bilan cheklanib qolmadi. Carneiro Britaniya sport va jismoniy mashq tibbiyoti assotsiatsiyasining bayonotini ham ulashdi. Unda hakam chaqirgan paytda tibbiy xodimlar futbolchiga yordam ko‘rsatish va holatini baholash bo‘yicha "mutlaq g‘amxo‘rlik majburiyati"ga ega ekani qat’iy ta’kidlangan.

"Hakam ikki marta chaqirdi, futbolchi yordam so‘radi"

Carneiro alohida postda o‘sha lahzani aniq-tiniq eslab, voqealar ketma-ketligini ochib berdi. Uning yozishicha, hakam Michael Oliver ularni maydonga "ikki marta" chaqirgan. Eden Hazard esa tibbiy yordam so‘ragan, yon chiziq bo‘ylab ko‘z bilan aloqa bo‘lgan va u yana bir bor yordam kerakligini tasdiqlagan.

"Shu paytdan boshlab men tibbiyot mutaxassisi sifatida qo‘llarim bog‘langan edi", – deya yozdi u. Ya’ni, u maydonga chiqmaslik huquqiga ega emasdi – aksincha, chiqishi shart edi.

Voqea "Chelsea" ning 2015–16-yilgi mavsumdagi birinchi Premer-liga o‘yinining so‘nggi daqiqalarida sodir bo‘lgan. Darvozabon Thibaut Courtois allaqachon maydondan chetlatilgandi. Carneiro va Fearn Hazardga yordam ko‘rsatgani maydonga kirgach, qoidaga ko‘ra belgiyalik yulduz ham tashqariga chiqishga majbur bo‘ldi va jamoa qisqa muddatga to‘qqiz kishi bo‘lib qoldi.

Mourinho o‘sha paytda portlab ketgandi. U keyinchalik Carneiro va Fearnni "impulsiv va sodda" deb atagan, ular "o‘yinni tushunmaydi", degan edi.

Mourinho ko‘zi, Carneiro qonuni

Hujjatli filmda Mourinho yana o‘sha nuqtani ushlaydi. U o‘zini himoya qilarkan, shifokor emasligini, ammo ko‘zlari futbolchini jarohat olgan-olmaganini ajrata olishini aytadi. Uning fikricha, Eden Hazard jarohat olmagan, tibbiy brigada maydonga kirib, jamoani to‘qqiz kishiga tushirib qo‘ygan.

Mourinho o‘z uslubiga xos tarzda, jins masalasiga ham to‘xtalib o‘tadi: u uchun "ayol shifokor ham, erkak shifokor ham bir xil" ekanini aytib, asabiy pallalarda odatdagi "lug‘ati"ni ishlatganini tan oladi. U o‘sha damlarda aytilgan so‘zlarni futbol madaniyatiga ega odamlar tez unutadi, deydi. Ammo bu safar boshqacha bo‘lib chiqqanini tan oladi.

Carneiro uchun esa masala ancha sodda: hakam chaqirsa, futbolchi yordam so‘rasa – tibbiy xodim chiqadi. Bu futbol "tushunish-tushunmaslik" masalasi emas, kasbiy va huquqiy majburiyat.

Tribunal, kelishuv va uzr – lekin Mourinho tomondan emas

"Swansea" ga qarshi o‘yindan so‘ng Carneiro va Fearn birinchi jamoa bilan ishlashdan chetlatildi. Carneiro bir oy o‘tib klubni tark etdi va "Chelsea" ga qarshi konstruktiv ishdan bo‘shatish bo‘yicha ish qo‘zg‘adi. U alohida tartibda Mourinho ga qarshi ham da’vo kiritdi.

Ish mehnat tribunali darajasiga chiqdi va 2016-yil iyunida klub bilan Carneiro o‘rtasida kelishuvga erishildi. "Chelsea" Carneiro dan uzr so‘radi. Mourinho esa buni omma oldida hech qachon qilmagan.

2015-yil sentyabrida Futbol assotsiatsiyasi Mourinho ni o‘sha voqea paytida Carneiro ga nisbatan kamsituvchi so‘zlar ishlatganlik ayblovidan oqlagan. Biroq oradan uch oy ham o‘tmay, Premer-ligadagi omadsiz startdan so‘ng Mourinho "Chelsea" dan iste’foga chiqarildi.

Endi esa, oradan 11 yil o‘tib, Netflix sahnasida qayta jonlangan o‘sha mojaro yana bir savolni o‘rtaga tashladi: futbol maydonida kimning hukmi ustun turishi kerak – natijani o‘ylagan murabbiynikimi yoki qoidaga sodiq qolgan shifokorniki?

Pin-Up sport bonusi 200% gacha. Promokod PINBET2026. Bonusni oling